Bahrom Haydarov: "Dorievni butun O‘zbekiston gapiryapti"

  • 5 iyul, 01:13
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Superliganing 15-turi davom etmoqda. Jizzaxda “So‘g‘diyona” hamda “Qo‘qon-1912” jamoalari o‘rtasidagi bellashuvga ham qiziqish yaxshigina edi.

Tecno

Qo‘qonliklarga g‘alaba nihoyatda zarur edi. Chunki chempionat va Kubokda ketma-ket 7 ta o‘yindan beri mag‘lubiyatga uchrab kelayotgani sababli ham bu safargi, birinchi davraning oxirgi turini g‘alaba bilan yakunlash maqsadida edilar. Biroq Ivan Boshkovich jamoasi bunga yo‘l qo‘ymadi va natijada “Qo‘qon-1912” ketma-ket 8-mag‘lubiyatini tan olishga majbur bo‘ldi.

Lyupcho Dorievning gollari evaziga 2:1 hisobida jizzaxliklar foydasiga hal bo‘lgan uchrashuvdan keyin “Qo‘qon-1912” bosh murabbiyi Bahrom Haydarov matbuot anjumanida quyidagi fikrlarni bildirdi.

"Bugun ochko olishimiz juda ham muhim edi. Turnir jadvalidagi o‘rnimiz bizni umuman qoniqtirmayotgandi. Buni uddalay olmadik. Futbolchilar rosa harakat qilishdi. O‘yin uchun ularga rahmat aytaman. Maydonda borlarini berib o‘ynashdi.

Zamonaviy futbolda turnirlarni umumiy jamoa hal qilsa, yaxshi, sifatli o‘yinchilar bitta o‘yinni hal qilib ketishlari mumkin. Biz buni amalda ko‘rdik. Dorievni butun O‘zbekiston gapiryapti. Shu futbolchini hisobiga birinchi taymda yutqazdik, deb o‘ylayman. Birinchi taymdagi ikkita gol katta ustunlik. Shunga qaramay, ikkinchi bo‘limda tashabbus biz tomonda bo‘ldi. Qarshi hujumlar chog‘ida “So‘g‘diyona”da ham vaziyatlar yuzaga keldi.

Raqib jarima maydoni atrofida darvozaga yaqinlashganimizda o‘yinchilarimizga sovuqqonlik va mahorat etishmayapti. Lekin o‘yin bo‘yicha hech kimga e’tirozimiz yo‘q.

G‘alaba bilan “So‘g‘diyona”ni tabriklayman. Ozmi-ko‘pmi muxlislarimizni tribunada ko‘rdik va shuncha yo‘l bosib jamoamizni qo‘llab-quvvatlaganliklari uchun minnatdorlik bildiraman", - deydi Bahrom Haydarov.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!