
OSCE O‘zbekiston velosiped sporti federatsiyasiga 40 ta velosiped sovg‘a qildi
Kecha poytaxtimizdagi «Milliy» stadionda O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi, O‘zbekiston velosiped sporti federatsiyasi, Evropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (OSCE) tomonidan «Yurtimning munis ayoli, sport bilan go‘zal kamoli» shiori ostida sport tadbiri tashkil qilindi. Bu haqda Milliy olimpiya qo‘mitasi rasmiy sayti xabar bermoqda.
Mazkur tadbirda turli sohalarda faoliyat yuritayotgan ayol-qizlar, sportchilar hamda O‘zbekiston velosiped sport federatsiyasining hududiy bo‘limlarida faoliyat yurituvchi ayol murabbiylar ishtirok etishdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, O‘zbekiston velosiped sport federatsiyasi raisi Tanzila Narbaeva so‘zga chiqib, bugungi kunda Prezidentimiz rahnamoligida xotin-qizlarning jamiyat hayotidagi faolligini yuksaltirish, sport ommaviyligini oshirish orqali sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etishga alohida e’tibor qaratilayotganligi haqida gapirdi. Mustaqil hayotga katta umid va aniq maqsadlar bilan kirib kelayotgan navqiron avlod vakillari, ayniqsa, qizlarimiz sportga kundalik turmush tarzining bir qismi sifatida qarayotgani eng katta yutug‘imiz ekanliginini ham alohida ta’kidladi.
Uchrashuv davomida shuningdek, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan murabbiy L.Markelova, velosiped sporti bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi O.Zabelinskayalar so‘zga chiqib, yurtimizda velosiped sportiga bo‘lgan e’tibordan juda xursand ekanliklarini qayd etishdi. Tadbir so‘ngida tashkilotchilar tomonidan Respublika Olimpiya zaxiralari maktab-internatiga, O‘zbekiston velosiped sport federatsiyasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri, Toshkent, Farg‘ona, Andijon, Xorazm va Qashqadaryo viloyatlaridagi hududiy bo‘limlariga Evropada havfsizlik va hamkorlik tashkiloti (OSCE) tomonidan 40 dona sport velosipedlari taqdim etildi.
Shuningdek, tadbir doirasida O‘zbekiston velosiped sporti federatsiyasi hamda Evropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining uchrashuvi ham bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, O‘zbekiston velosiped sport federatsiyasi raisi T.Narbaeva, O‘zbekiston velosiped sporti federatsiyasi bosh kotibi K.O‘rinboyxo‘jaev, Evropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining O‘zbekistondagi loyihalashtirish koordinatori, elchi Jon MakGregor, velosiped sporti bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoa a’zosi Olga Zabelinskayalar ishtirok etdilar. Uchrashuv davomida tomonlar O‘zbekistonda velosportni rivojlantirish, xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash yuzasidan bir qator ishlar amalga oshirilishi bo‘yicha kelishuvga erishdilar.
Fikrlar