Omon G‘ofurov: «Superligada nechta ishtirokchi qatnashishi 12 ta klubning o‘ziga bog‘liq»

  • 22 fevral, 2019, 13:37
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 3
  • Futbol
CHERY AUTO

Mavsum-2019 boshlanishiga ham tobora oz fursat qolmoqda. Professional futbol ligasi esa bu boradagi tayyorgarlik ishlarini olib bormoqda va klublarga buning uchun bir qator jiddiy talablarni qo‘ygan. Shu bois jamoalar asosan PFLning talablarini to‘la-to‘kis bajarish bilan band. Ammo hali bir qancha savollar to‘planib qolganki, ularga hozircha aniq javob yo‘q. Bu albatta yangi mavsum boshlanishi bilan bog‘liq bo‘lgan masalalardir. Shu maqsadida PFL bosh direktori Omon G‘ofurov bilan bog‘landik. O‘z navbatida tashkilot rahbari biz bilan muloqotdan o‘zini olib qochmadi va aksincha echimini kutayotgan masalalarga oydinlik kiritib o‘tdi.  

Tecno

- Omon Fayzullaevich, oxirgi paytlarda Superliga klublarining badal pullari miqdori bo‘yicha turli gap-so‘zlar bo‘lgandi va keyin PFL bu borada rasmiy bayonot bilan chiqdi. Shu o‘rinda PFL rahbari sifatida o‘zingiz Superliga hamda pro-liga klublarining badal pullari bo‘yicha batafsil to‘xtalib o‘tsangiz.

- Superligada qatnashish uchun badal puli futzal va ayollar jamoalari inobatga olinmaganida 2018 yilda ham 500 000 000 million so‘m edi. Futzal hamda ayollar jamoalari uchun mos ravishda 50 000 000 million so‘mdan badal puli to‘langan. Umumiy hisobda jamoalar 600 000 000 million so‘m badal puli to‘lashgan. Sekin-asta klublar harajatlarini kamaytirish, ularga engillik qilishga harakat qilayotgan professional futbol ligasi Superligada 2019 yil uchun badal pullari miqdorini aslo oshirgani yo‘q. Badal puli 2019 yilgi mavsumda umumiy 600 000 000 million so‘mni tashkil qiladi.

Bilasiz, pro-liga darajasini sekin-asta ko‘tarish, jamoalar saviyasini Superliga klublariga yaqinlashtirishga harakat qilyapmiz. Shu sababdan pro-liganing har ikki guruhi ishtirokchilariga bo‘lgan talablarni ham kuchaytiryapmiz. O‘tgan yili bir qator klublarning hech qanday maqsadsiz o‘ynagani va mavsumni bazo‘r tugatganiga ham guvoh bo‘ldik. Shu sababli pro-ligada faqat qandaydir maqsadi bor, kelajakda Superligada qatnashish niyatida bo‘lgan klublarning ishtirok etishini ta’minlashga urinyapmiz. Pro liga «A» guruhi jamoalari endi o‘z tizimida ayollar hamda futzal jamoalariga ega bo‘lishi lozim. 2019 yilgi mavsumda pro-liga «A»da ishtirok etish uchun badal puli 250 000 000 million so‘mni tashkil qiladi. Bunda jamoaning ayollar hamda futzal klublari tomonidan to‘lanishi kerak bo‘lgan badal puli ham qo‘shib hisoblangan. Pro-liga «V» guruhida ishtirok etish uchun ariza badali esa 100 000 000 million so‘mni tashkil qiladi.

- Umuman olganda, yangi mavsum uchun ishlab chiqilgan reglament haqida ham to‘xtalib o‘tsangiz. U o‘z ichiga nimalarni olgan?

- Litsenziyalash bo‘yicha reglamentga yillar davomida e’tibor qilinmagan. Biz birinchi navbatda klublarga shuni taqdim qildik. Shu yilning may oyiga qolmay 2020 yil talablarini ham rasman ma’lum qilamiz, toki klublar yil davomida unga tayyorlanib borsin. Shuningdek, musobaqalarni o‘tkazish bo‘yicha reglamentni tartibga keltirdik. Yil davomida ular ustida qayta ishlab 2020 yilgi mavsum oldidan ancha puxta reglamentga ega bo‘lishni rejalashtirganmiz. Hozirgi holatda ham bir yil avvalgi bilan solishtirganda sezilarli o‘zgarishlarga qo‘l ura oldik.

- Shuningdek, yaqinda Superliga klublariga rasmiy xat yuborilib, unda klublar soni 10 taga qisqarishi mumkinligi borasida jiddiy ogohlantirilgan. Bu chindan ham jiddiy gapmi yoki klublarni «qo‘rqitish» uchun aytilgan gapmi?

- Yuqorida ta’kidlab o‘tganimdek, musobaqalar reglamentidan tashqari alohida litsenziyalash bo‘yicha reglamentga ham ega bo‘lish yaxshi infratuzilmaga ega klublar sonini imkon qadar tezroq ko‘paytirish imkonini beradi. Sababi litsenziyalash bo‘yicha reglamentda ko‘rsatib o‘tilgan talablar OFK litsenziyalash talablaridan ko‘ra qat’iyroq. Biz bekorga klublardan stadionda ta’mir ishlarini olib borishni, maydon holatini yaxshilashni, akademiya qurishni, qarzdorliklarni bartaraf etishni talab qilayotganimiz yo‘q. Zero, shunchaki homiy tashkilotlar tomonidan beriladigan mablag‘larni sovurib, hech qanday maqsadsiz mavsumni o‘tkazadigan jamoalar Superligada ishtirok etib, uning saviyasi o‘sishiga to‘sqinlik qilishini istamaymiz. O‘zbek futboli jamoatchiligi juda yaxshi biladi, shu paytga qadar aksariyat jamoalarimiz mavsum boshida homiydan pul olib, keyin mavsumni bir nima qilib yakunlab olishga intilib kelishgan. Lekin klubda infratuzilmani yo‘lga qo‘yish, akademiya qurish, muxlislar uchun shart-sharoitlarni yaratish doimo orqa plandagi vazifa bo‘lib kelgan. Natijada chempionat saviyasi o‘smagan, rivojlanish bo‘lmagan. Endilikda maqsadsiz klublar Superligada qatnashmaydi! Agar klub o‘z oldiga yuqori vazifalarni qo‘ysa, shuning barobarida o‘z tizimida ayollar, futzal jamoalarini, akademiyasi faoliyatini to‘g‘ri yo‘lga qo‘ysa, infratuzilmasi talabga javob bersa, qarzdorliklar mavjud bo‘lmasa bemalol Superligada ishtirok etishiga ruxsat beriladi. Shuni aytishim kerakki, Superligada nechta ishtirokchi qatnashishi 12 ta klubning o‘ziga bog‘liq.

- Omon Fayzullaevich, ayni paytda vodiy jamoalarining stadionlarida ish juda qizg‘in ketmoqda. Ammo «Andijon», «Navbahor», «Qo‘qon-1912» kabi jamoalarning stadionlari mavsum boshlanguniga qadar tayyor bo‘lishi amrimahol. Agar shunday bo‘lsa, ular qaerda o‘ynab turishadi?

- Aytib o‘tganimdek, jamoalarga talablarni oshirish orqali sekin-asta klublar infratuzilmasini yaxshilab olishga harakat qilyapmiz. Agar stadion va maydon holatini yaxshilash va akademiya qurish bo‘yicha qat’iy talablarni qo‘ymasak, holat o‘zgarishsiz qolaveradi. Siz aytib o‘tgan klublar, shuningdek, «Metallurg», «Buxoro» kabi jamoalarning o‘z stadionlarida ham maydonni almashtirish harakatlari davom etmoqda. Agar biz shuni talab qilmaganimizda, yillar davomida bu masalaga umuman e’tiborsiz bo‘lib kelgan ayrim klublar yangi mavsumda ham stadion va maydonini yaxshi holatga keltirishiga ishonish qiyin edi. Balki ayrim stadionlar mavsum startida tayyor bo‘lmas, u holda o‘sha stadionda o‘ynaydigan klublar boshqa biror stadionni ijaraga olib turadi. Yoki o‘z o‘yinlarini safarda o‘tkazib turadi. Bunday vaziyat jahonning boshqa mamlakatlarida ham kuzatilgan. Asosiysi, bu orqali biz futbol uchrashuvlari yaxshi holatdagi maydonda va tashrif buyuradigan muxlislarga har tomonlama ma’qul keluvchi stadionda o‘tishini ta’minlash yo‘lidan yurgan bo‘lamiz.

- Yaqinda «Buxoro» klubidagi vaziyat haqida ham ma’lumotlar paydo bo‘ldi. U erda futbolchilardan qarzdorliklar hali ham mavjud ekan va PFL bu borada «Buxoro»ga muammoni bartaraf etish uchun muxlat bergandi. Xo‘sh, vaziyat ijobiy tomonga o‘zgardimi? Umuman, PFLning «Buxoro» bo‘yicha pozitsiyasi qanday?

- Bu borada bitta jihat haqida ayta olaman: Endilikda klublarning futbolchilardan qarzdorliklari mavjud bo‘lmasligi qat’iy nazorat qilinadi. O‘tgan yildan boshlab klub murabbiy yoki o‘yinchisidan qarzdor bo‘lib qolmasligi tekshirila boshlandi. Natijada ancha vaqt davomida klubdan pul ololmasdan yurgan futbolchilar o‘z qonuniy mablag‘larini yakunda ola bilishdi. Bundan keyin qaysi klub bo‘lishidan qat’iy nazar birinchi galda futbolchi yoki murabbiyi bilan hisob-kitobni to‘g‘ri va o‘z vaqtida amalga oshirib qo‘yishi lozim bo‘ladi. Yo‘qsa, o‘tgan yili kuzatilganidek, futbolchilar sobiq klublari ustidan hatto FIFAga arznoma yozishi va natijada klubga jarima solinishi yoki jazolanish kabi holatlari yana uzoq yillar mobaynida davom etaveradi. «Buxoro» mavjud qarzlarining ma’lum qismini to‘lashni boshlab yubordi. Bu ish albatta o‘z nazoratimiz ostida, agar to‘lay olmasa, kerak bo‘lsa jamoani musobaqaga qo‘ymaymiz. Biroq talabni bajarishni boshlagan har qanday klub bilan ishlashga tayyormiz. «Buxoro» esa buning uchun harakat qilyapti. 

- Shuningdek, oxirgi paytlarda ko‘cha-kuyda «Surxon» jamoasining Superligaga qo‘shilishi haqida ham gap-so‘zlarni ko‘p eshitmoqdamiz. PFL rahbari sifatida ushbu masalaga ham oydinlik kiritib o‘tsangiz.

- Professional futbol ligasi uchun barcha klublar bir xil. Biz klublar faoliyatini muvofiqlashtirib, yaxshi saviyadagi chempionat tashkil etishga mas’ulmiz. Asosiy maqsadimiz esa yaxshi infratuzilmaga ega klublar sonini oshirish. Superligada qaysi klublar ishtirok etishining biz uchun ahamiyati yo‘q. Muhimi o‘sha klub barcha talablarni to‘liq bajarsin, stadionini ko‘rkam holatga, maydonini chiroyli ko‘rinishga keltirsin, akademiya qursin.

- Umuman aytganda, ayni paytga kelib qaysi klublar PFLning talablarini to‘liq bajardi?

- Ta’kidlash joiz, klublar biz tomonimizdan qat’iy tarzda qo‘yilayotgan talablarni bajarishda biroz sustkashlikka yo‘l qo‘yayotgan holatlari ham uchramoqda. Lekin maqsadimiz – har bir klubda to‘liq tizim to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilishi ekan, biz o‘z pozitsiyamizda sobit turamiz. Hozircha stadion, akademiya va qarzdorlik bo‘yicha talablarni bajargan klublarga o‘z o‘yinchi, murabbiy va rasmiy shaxslarni ro‘yxatdan o‘tkazishga ruxsat berdik. Masalan, «Qizilqum» va «Andijon» jamoalari bemalol PFLda o‘z o‘yinchilarini ro‘yxatdan o‘tkazishlari mumkin. Qolgan klublar ham yaqin vaqt ichida talablarni bajarishadi va o‘z vakillarini ro‘yxatdan o‘tkazish imkoniyatiga ega bo‘lishadi. «Mash’al» ishlayapti, «Bunyodkor» rahbariyat almashgach, harakatlarini yaxshiladi, biroq muammolari hali juda ko‘p. To‘liq ma’lumot berish uchun yana biroz vaqt qoldi.

- «Bunyodkor» masalasi nima bo‘ladi? Ya’ni, klub boshqa joyga ko‘chirilishi borasidagi gaplarni eshityapmiz. Qolaversa, klub akademiyasining keyingi taqdiri ham bor. Shu bois umumiy tarzda «Bunyodkor»ning keyingi taqdiri haqida to‘xtalib o‘tsangiz.

- Buni klub rahbariyatidan so‘raganingiz yaxshiroq. Akademiyalar masalasi bilan O‘FAda maxsus boshqarma shug‘ullanadi.

- Yaqinda «Qizilqum» klubiga PFL tomonidan ogohlantirish xati yuborilgan bo‘lib, unda o‘tgan yilgi mavsumga doir kelishilgan o‘yinlar borasida gap borgan. Yana shunday xatlar qaysi klublarga yuborilyapti, umuman, kelishilgan o‘yinlar borasida ishlar bizningcha oldinga siljiyotgandek…

- O‘FA va PFL kelishilgan o‘yinlar, shuningdek, futboldagi jinoyatchilikka mutlaqo qarshi. Buni barcha yaxshi biladi. Oldindan ma’lum qilganimizdek, endi kelishilgan o‘yinlarda ishtirok etgan, futboldagi faoliyati davomida jinoyatga qo‘l urgan barcha qat’iy jazolanadi. Bu borada O‘FA hamda PFL o‘zining qat’iy pozitsiyalariga ega. Kelishilgan o‘yinlar soni kamayishi chempionatimizga muxlislarning e’tibori oshishiga sabab bo‘ladi. Shuning uchun bunday nopok faoliyatga aloqadorligi aniqlangan shaxslar butun umrga futboldan chetlatiladi. Siz aytayotgandek xatlar hamma klublarga birdek yuborilgan. Qolganlar bundan xulosa chiqarishlari uchun ham shunday qilingan.  

- 2018 yilgi mavsum uchun sovrindorlarga beriladigan bonuslar o‘z egalariga topshirildimi?

- Mukofot pullari klublarga beriladi, albatta. Va’da berdikmi, buni bajaramiz. Barcha klublar qo‘yilayotgan talablarni bajarishsa, Superliga va pro-liga ishtirokchi jamoalari soni aniq bo‘lganidan so‘ng o‘tgan mavsum uchun berilishi lozim bo‘lgan mukofot pullari o‘sha klublarning hisob-raqamlariga o‘tkazib beriladi.

- Shuningdek, yaqinda Turkiya Superkubogi uchrashuvi Toshkentda o‘tkazilishi mumkinligi borasida ham eshitdik. Bu rostmi? Shu haqida ham to‘xtalib o‘tsangiz.

- Yaqinda Turkiyada bo‘lib qaytdik. Nafaqat bu mavzu, balki yana boshqa masalalarda ham katta ishlarga qo‘l urish arafasidamiz. Hammasi aniq bo‘lganidan keyingina to‘liq ma’lumot berishimiz to‘g‘riroq bo‘ladi.

- Umuman olganda, Turkiyaga qilgan safaringiz ko‘ngildagidek kechdimi? U erda qanday kelishuvlarga erishib qaydingiz?

- Kelishuvlar va rejalar ko‘p. Yaxshisi, hammasini amalda ko‘rsatib boraveramiz.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
AzizGazieff-Marco Simic 55 PFK Pakhtakor Tashkent Uzbekistan GoLions
22/02/2019 19:06
Харакат бор жойда барокат булади.
Агар айтилган гаплар шунчаки эмас,чин кунгилдан айтилган булма футболимиз ривожи анча якин
&
Лео Месси
22/02/2019 14:00
Бажармадими, тамом! Йўқотиш керак.
&
Лео Месси
22/02/2019 14:00
Ишқилиб яна таниш_билишчилик бўлиб кетмасинда...