
Osiyo o‘yinlarida kurash sport turi bo‘yicha bahslar 15 vazn toifasida o‘tadi
2018 yilgi Osiyo o‘yinlarida kurash ilk marotaba musobaqa dasturidan o‘rin oldi. Indoneziya mezbonlik qilgan o‘yinlarda milliy sportimiz bo‘yicha 7 ta vazn toifasida bahslar tashkil qilindi.
O‘zbekiston milliy olimpiya qo‘mitasidan xabar berishlaricha, kecha yurtimizga Osiyo Olimpiya Kengashi prezidenti Shayx Ahmad Al-Fahad Al-Sabax boshchiligidagi delegatsiya vakillari tashrif buyurganliklari haqida ma’lum qilgandik. Mazkur delegatsiya tarkibida Xalqaro kurash assotsiatsiyasi prezidenti, OOK Osiyo o‘yinlari departamenti direktori Haydar Farmon ham O‘zbekistonga kelgan.
Bugun Milliy olimpiya qo‘mitasi prezidenti Umid Ahmadjonov poytaxtimizdagi «Hyatt Regency» mehmonxonasida Haydar Farmon bilan uchrashuv o‘tkazdi. Unda o‘zbek milliy sporti hisoblangan kurashning Osiyo o‘yinlaridagi o‘rnini mustahkamlash yo‘lida muzokaralar olib borildi. Uchrashuvda MOQ rahbari musobaqaning kurash bo‘yicha bahslarida vaznlar toifasini ko‘paytirish g‘oyasini ilgari surdi. Ushbu taklif Xalqaro kurash assotsiatsiyasi prezidenti tomonidan ham qo‘llab-quvvatlandi. Bu bo‘yicha Osiyo Olimpiya Kengashi hulosasi Hanchjou-2022, Nagoya-2026 o‘yinlari tashkiliy qo‘mitasiga ham yuborildi.
Demak, uchrashuv yakunlariga ko‘ra, 2022 yilgi Osiyo o‘yinlaridan boshlab kurash 15 ta vazn toifasida (7 ta erkaklar, 8 ta ayollar) tashkil etiladi. Shuningdek, erkaklar va ayollar o‘rtasida jamoaviy bellashuvlar ham o‘yinlar dasturidan o‘rin oladi. Shu tariqa, milliy sportimiz nufuzi Osiyo o‘yinlarida yanada ko‘tariladi va kurash bahslarda umumiy hisobda 17 ta medallar jamlanmasi o‘ynaladi.
Eslatib o‘tamiz, 2018 yilgi Osiyo o‘yinlarida 7 ta vazn toifasida (4 ta erkaklar, 3 ta ayollar) bellashuvlar o‘tkazilgan. Musobaqada yurtimiz sharafini himoya qilgan 14 sportchidan 12 nafari medallarga sazovor bo‘lgandi.
Fikrlar