
Raneri «Fulxem»da ham mo‘jiza ko‘rsata oladimi?
Qoniqarsiz natijalardan keyin «Fulxem» Slavisa Yokanovichni iste’foga chiqardi va uning o‘rniga yaqin tarixda «Lester»da mo‘jiza ko‘rsatgan Klaudio Raneri bosh murabbiy etib tayinladi.
O‘tgan mavsumda Premer Ligaga qaytgan «oqlar»ning yangi mavsumdagi ishlari umuman o‘ngidan kelmayapti. Yokanovich jamoani hozirgacha erishilgan atigi bitta g‘alaba bilan so‘nggi pog‘onani band qilganidan keyin klubni tark etdi. «Kreyven Kottedj» egalari murabbiyini imkon boricha uzoqroq saqlab turdi, ammo xalqaro tanaffus vaqtida «Sautgempton»ga qarshi yaxshilanib tayyorgarlik ko‘rib olish uchun tezkor o‘zgarish qilishga majbur bo‘ldi.
Gap «Fulxem»ning qanday o‘zgarish qilganida! Klub Premer Liga chempioni Klaudio Ranerini olib keldi.
Albatta hech kim Raneridan yangi jamoasini «Lester» kabi chempion qilishini kutayotgani yo‘q. 2015/16-yilgi mo‘jiza faqatgina bir marta yuz beradi. Buni italiyalik murabbiyning keyingi faoliyati ham ko‘rsatib berdi.
Ammo jamoani «xavfli zona»dan qutqarib qolish haqiqatdan navbatdagi mo‘jiza bo‘lishi mumkin, ayniqsa bu klubda ishlar umuman o‘xshamayotgan bir paytda sodir bo‘lsa.
«Fulxem» ayni vaqtda Premer Liganing yaqqol autsayderi, hammadan ko‘p gol (31) o‘tkazib yuborgan, hammadan kam (11) gol urgan. Faqattgina bitta o‘yinda g‘alaba qozongan.
Bunday holatda Ranerining iqtidori jamoani oliy divizionda saqlab qolishi mumkin. Xo‘sh qanday qilib?
Himoyadagi «g‘oralarni yopish»
Klubning birinchi muammosi shuki ular teshilib qolgan suvosti kemasiga o‘xshaydi. «Oqlar»ning himoyasi har qachongidan barbod holatda.
Eng qizig‘i va kulgulisi shundaki klub yozda yaxshi saviyali himoyachilarni sotib olgan edi. O‘tgan mavsumda «Suonsi»da porlagan Elfi Mouson va «Midlsbro»da o‘zini ko‘rsata olgan Chemberslar klub safini to‘ldirishdi.
Raneri nima qilishi kerak? Barchasini osonlashtirish zarur. Yokanovich boshqaruvi vaqtida to‘p bilan ko‘proq muomala qilish taktikasini qo‘llashga chiranib ko‘rdi. Ammo bunday sxemada yosh markaziy himoyachilar o‘zlarini yo‘qotib qo‘yishdi.
Raneri Mouson-Chembers himoya juftligiga suyanishi mumkin. Ushbu juftlik Angliya (U-21) termasi safida Evropa chempionatida porlashgan edi. Buning uchun «Lester»dagi kabi himoyaga yotib olish kerak emas. Ikki yosh himoyachi ko‘p ishga qodir.
«Lester»da 4-3-3 va 4-2- o‘yin uslubida o‘ynagan italiyalik mutaxassis yangi klubida ham yarim himoyachilarni oldingi planga chiqarsa ajab emas. Uning ixtiyorida kuchga to‘la Fosu-Mensa, Angissa kabi yuqori saviyadagi futbolchilar bor.
Gollar urish
Gollar o‘tkazib yuborishni to‘xtatish muammoning bir tomoni xolos. «Fulxem» hujumkor o‘yin namoyish qilayotganiga qaramay gollar urishning uddasidan chiqa olmayapti ham. Raneri bilan ular buni uddalashi mumkin.
Avvalo «oqlar»ni «Lester» bilan solishtirib bo‘lmaydi. «Tulkilar»da tezlik, ish koeffitsienti yuqori va hujumlarni yakunlovchi Jeymi Vardi bor edi. Vardi antiqa uslubda kutilmaganda samarali o‘yin namoyish qilgandi. «Fulxem»da esa bunaqa hujumchi yo‘q.
Ammo ularda Aleksandar Mitrovich bor. Serbiyalik hujumchi qo‘lidan kelganicha yordam bera oladi. Unga Vetto va Andre Shyurrlelar ko‘makchi bo‘lishga urinib ko‘rishadi. Raneri uchchalasini bir vaqtda o‘ynatishi yoki bittasini zaxirada qoldirib, ko‘proq himoyani mustahkamlashi mumkin. Ya’ni variantlar topiladi.
O‘z-o‘ziga ishonch
Maxrezning Raneri qo‘li ostida ko‘rsatgan jasorati bu italiyalik murabbiyning unga bergan ishonchi mevasi hisoblanadi. O‘z-o‘ziga bo‘lgan ishonch klubni chempionlik sari etaklagan edi.
Klaudio Raneri jamoasi e’tiborini jamlay oldi va ajoyib tarzda tashkillashtira olgandi. «Fulxem»da ham yangi murabbiy futbolchilariga o‘zlariga bo‘lgan ishonchni qaytarishi talab etiladi. Mouson va Chembersni katta futbolda ham mo‘jizalar ko‘rsata olishga qurbi etishini tushuntirib berishi shart. Seri, Angissa va boshqalarni yarim himoyani nazoratda tutib tura olishlariga ishontirishi kerak. Mitrovich, Vetto va Shyurrlelarni klub uchun ko‘plab gollar ura olishlariga ishontirishi kerak. Xullas futbol muxlislari mo‘jiza yana sodir bo‘lishiga tayyor turavering. Bu safar u «Fulxem»da sodir bo‘ladi!
Fikrlar