“Real” yangi murabbiy qo‘li ostida qay ko‘rinish hosil qiladi?

  • 22 avgust, 2018, 06:25
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Xulen Lopetegi Zinedin Zidanni almashtirganidan keyin Krishtianu Ronaldu “Yuventus” sari yo‘l olgach “Santyago Bernabeu” gumonlarga ko‘milib qoldi.

Klub yozda Chempionlar Ligasini yutish bo‘yicha bosh mutaxassislar Zidan va Ronaldu bilan xayrlashdi. Yangi kelgan bosh murabbiy oldida esa klubning yuqori maqsadlarini ushlab qolish kabi og‘ir vazifa qo‘yildi.

UEFA Superkubogi doirasida “Atletiko Madrid”dan 4-2 hisobida mag‘lub bo‘lgach, ko‘pchilik “Real”ning yangi mavsumdagi asosiy tarkibi qanday ko‘rinish hosil qilishi haqida o‘ylay boshladi. Sababi yangi murabbiy albatta yangi g‘oyalar bilan kelgani aniq.

“Xetafe”ga qarshi o‘yinda ispaniyalik murabbiy deyarli jangovar tarkibini tushirgan bo‘lsa, bu hali yakuniy asosiy tarkib emas.

Transfer bozori yakuniga qadar klub yana bir-ikki muhim futbolchisidan ayrilib qolishi yoki supertransferni amalga oshirishi ham mumkin.

Darvozabonlar:

“Qirollik klubi” yangi mavsumga beshta kuchli darvozabon bilan kirib kelmoqda. Boz ustiga “Chelsi”dan Ispaniya poytaxtiga qaytib kelgan Tibo Kurtua ham bor. Belgiyalik posbon ayni vaqtdagi asosiy tarkib posboni Keylor Navasdan bu maqomni tortib olishi ehtimoli yuqori.

“Atletiko”ning sobiq vakili albatta buning uchun qattiq mehnat qilishi kerak. Navas shuningdek Superkubokda bo‘lgani kabi ishonchsiz o‘ynashda davom etsa o‘z o‘rnini yangi sherigiga bo‘shatib berishi mumkin.

Shu bilan birga “qaymoqranglilar” 19 yoshli iste’dodli darvozabon Andrey Luninni o‘z safiga qo‘shib oldi. Shu sababli “Espanol”ning sobiq posboni Kiko Kasilya avgust oxiriga qadar o‘ziga yangi jamoa topmasa bo‘lmaydiganga o‘xshaydi.

Bundan tashqari 20 yoshli kichik Zidan ham bor. Lyuka Zidan katta ehtimol bilan ijaraga berib yuborilsa kerak.

Himoyachilar:

Klub ushbu chiziqda faqatgina bitta transferni amalga oshirdi. “Real Sosedad”ning o‘ng qanot himoyachisi Alvaro Odriosola madridliklar himoyasini kuchaytirishga urinib ko‘radi. Iste’dodli Ashraf Hakimi esa “Borussiya Dortmund”ga ijaraga yuborildi.

Teo Ernandes “Real Sosedad”ga ijara asosida ko‘chib o‘tganidan keyin Marseloga chap qanotda munosib o‘rinbosar qolmadi. Endi oldinlari kabi Nacho Fernandes unga raqobatchilik qilishi mumkin.

“Sporting”dan qaytib kelgan Fabio Koentraodan esa madridliklar tezroq qutulish payida.

Varan va Ramos asosiy tarkibda o‘ynashda davom etsa ularga Xesus Valexo raqobatchilik qiladi. Odriosola esa Dani Karvaxal bilan o‘ng qanot uchun kurash olib boradi.

Zidan qo‘li ostida himoya chizig‘i madridliklarning eng ojiz nuqtasi edi. Buni Lopetegi Ispaniya Superkubogi bahsida ham guvohi bo‘ldi.

Yarim himoyachilar:

Kurtuani “Chelsi”ga olib kelishning bir sharti sifatida “Real”ni Mateo Kovachich ijara asosida tark etdi. Lopetegining xorvatiyalik futbolchiga o‘rinbosar olib kelish taklifini rad etdi.

Bu esa Markos Llorentega yarim himoyada vazifalari ko‘payishini anglatadi. Shuningdek klub yarim himoyadagi etakchisi Luka Modrichni saqlab qolishning uddasidan chiqdi. Peres “Inter”ga rad javobini berdi.

So‘nggi bir necha yillar davomida xorvatiyalik futbolchi bilan birga Toni Kroos va Kazemirolar kuchli yarim himoya uchligini hosil qilishdi va “Real”ning sovrinlarga ega chiqishida muhim vazifani bajarishdi.

22 yoo‘li Dani Sebalos Madridga ko‘chib o‘tganidan beri qiyinchiliklar girdobida qolib ketdi.

Shunga qaramay, Lopetegi oldida ham Zidan davrida bo‘lgani kabi safda bo‘lgan Isko va Beylni qaerda o‘ynatish masalasi ko‘ndalang turibdi.

“Atletiko”ga qarshi uchrashuvda 4-3-3 o‘yin sxemasida ikkovlon o‘yinni asosiy tarkibda boshlashdi. Modrich ta’tildan kech kelgani sababli u zaxirada qoldirildi va Isko Modrichning pozitsiyasida harakat qildi. Isko Lopetegining Ispaniyasida muhim bo‘lakka aylangandi. Demak, Lopetegi suyukli shogirdiga maydondan joy topib berishi aniq.

Hujumchilar:

Ronaldu ketgach, kamiga Benzemaning ishonchsiz o‘yini sabab Lopetegi Garet Beylga asosiy hujumchi vazifasini topshirishi mumkinmi?

4-3-3 o‘yin tizimida Beyl o‘ng qanot vingeriga aylanishi mumkin. U buni Superkubokda ham bajardi. Bunda chap qanotdan Asensio, markazda Benzema joy oladi.

22 yoshli Asensioni porloq kelajak kutib turibdi. Yozda klubni Ronaldu tark etgach uning o‘yin amaliyoti keskin oshishi kutilmoqda.

Lukas Vaskes zaxiradan turib dalda bo‘lsa, Mayoral kerak bo‘lganda markaziy hujumchi vazifasini bajaradi. Ko‘rinib turibdiki, “Real” hujum chizig‘i ancha kuchsizlashgan.

Yangi transfer Vinisius Junior esa asosiy tarkibda muhim vazifani bajara olmaydi. U ko‘proq yoshlar tarkibida o‘zini ko‘rsatishi va tajriba to‘plab borishi kerak bo‘ladi.

“Real Madrid” qanday ko‘rinish hosil qiladi?

Lopetegi 4-3-3 o‘yin tizimini 4-4-2 ga o‘zgartirib jamoada tajribalar o‘tkazishi kerak. Shundagina u Isko va Beylni asosiy tarkibga moslashib ketishlariga yordam bergan bo‘ladi. Agarda eski sxema qoladigan bo‘lsa, Iskoga chap qanot yarim himoyasi berilsa kerak.

Erkinjon G‘aybullaev tayyorladi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!