
Ronalduni kim qahramonga aylantirdi?
Hayron qolishingiz mumkin, ammo Ronaldoning sportdagi muvaffaqiyatiga sababa bo‘lgan shaxs – “Anji” va “MYu”ning sobiq murabbiyi Rene Melensten. 2013 yilda u o‘z intervyularidan birida tarixdagi eng mashhur sportchini qanday tarbiyalaganini aytib bergan edi.
2007-2008 yil mavsumi Ronaldo uchun “Manchester Yunayted” dagi so‘nggisi edi. Portugaliyalik quvonchdan ichiga sig‘mas edi: Premer-Ligada birinchi o‘rin, Chempionlar Ligasidagi g‘alaba, klubdagi 42 ta gol, terma jamoadagi 9 ta gol. Bir yilgina avval Krishtianuning muvaffaqiyat ko‘rsatkichlari anchagina past edi. Maydonda ham qat’iyatsizlik va ishonchsizlik bilan, xayollari tarqoq tarzda “sudralib” yurardi go‘yo. 2007-2008 yil mavsumida esa u superyulduz maqomiga ko‘tarildi. Ronaldoning bunday natijaga qay tarzda erishganligi haqida u bilan yakka tartibda mashg‘ulotlar olib borgan Rene Melensten so‘zlab berdi.:
“Mavsum avvalida Ronaldu uchta o‘yinga chetlatilganligi bois, u bilan alohida shug‘ullanishga imkon bor edi. Uning dunyodagi eng zo‘r futbolchi bo‘lishni maqsad qilganini bilardim, bu borada unga yordam bermoqchi ekanligimni bildirdim. Krishtianuning xususiyatlari va imkoniyatlari tasvirlangan sxemani tuzib chiqdim. Unda taktik xususiyatlar ( tushunish, qaror qabul qilish), jismoniy ko‘rsatkichlar ( tezlik, kuch, chidamlilik, epchillik), shaxsiy fazilatlar ( ishga bo‘lgan ma’suliyat, g‘alabaga ishonch), texnik detallar ( to‘pni uzatish, zarba, maydonda harakatlanish, chalg‘itish) kabilar ko‘rsatilgan edi. Men bu chizmani Ronaldoga ko‘rsatdim va shulardan qaysi biri unda yaxshi shakllanganligini so‘radim. U esa texnik detallarni yaxshi o‘zlashtirganligini aytdi.
“Yaxshi, sen o‘yin paytida ajoyib harakatlanasan, sening oldingda himoyalanish qiyin, ammo sen harakat chog‘ida qaror qabul qilishga qiynalasan. Sening to‘p ortidan yugurishingdan maqsad bitta- diqqat markaziga tushish, o‘zingni ko‘rsatish. Biroq bundan sening jamoadagi sheriklaringga nima naf? Sen harakat doirangni kengaytirishing, yangi vazifalarni o‘z oldingga qo‘yishing kerak. Men sening o‘tgan mavsumdagi o‘yinlaringni kuzatdim, atigi 23 marta gol kiritishga muvaffaq bo‘lding. Chunki sen har bir golning hayratlanarli, mukammal bo‘lishini istaysan. Shuni unutmaginki, ahamiyatli bo‘lishni xohlagan odam avvalambor jamoa manfaati uchun kurashishi lozim. Sen esa aksincha o‘ylaysan. Yo‘q. Jamoa uchun harakat qil, shunda jamoang sen uchun kurasha boshdaydi”, dedim Krishtianuga. U gaplarimni so‘zsiz qabul qildi.
Ronalduga aniq maqsadni belgilab olishni aytdim: Bu mavsumda u qancha gol kiritmoqchi?U 30-35 ta gol urish niyatida ekanligini aytdi. “Chakki emas. Ammo sen 40tadan ortiq gol muallifi bo‘lishing mumkin”.
Biz mashg‘ulotlarni boshdab yubordik. Birinchi darsda Krishtianuning darvozaga zarba urayotganda nimalarni o‘ylashini muhokama qildik. Lineker, Sulsher, Shirer, van Nistelroy kabilarning o‘yinini kuzatishni maslahat berdim. Ular to‘pni egallayu, uni darrov darvozaga yo‘naltirishadi. Ronaldu esa to‘p ortidan yugurar ekan, go‘zallik haqida, mukammal gol haqida xayol suradi. Uni bundan qaytarish lozim edi. “To‘pni qay yo‘sinda kiritishingning ahamiyati yo‘q, asosiysi gol hosil bo‘lishi kerak. Muhimi jarayon emas, balki natija, unutma”.
Biz turli chiziqlarda harakatlanar, hujumning har xil usullarini ko‘rib chiqardik. Har kuni yangi hujum ko‘rinishi ustida ishlardik. Uni o‘z qarshisida darvozabonlardan birini tasavvur qilib, uning pozitsiyasini o‘rganish va shunga muvofiq harakatlanishga undardim. Har bir mashqni to‘rt marta takrorlar edik, chunki men o‘z tajribamdan harakatning to‘rt marotaba bajarilishi diqqatni jamlashga yordam berishini bilardim. U aynan qaysi nuqtaga urishi kerakligini belgilashni o‘rgandi.
Yanvarning oxirlarida u 27 ta gol kiritdi va men unga maqsadni yangilash kerakligini uqtira boshladim:” Sen o‘zing ko‘zlagan ko‘rsatkichga deyarli erishding. Oldingda ikki yo‘l bor: yoki shu natija bilan qanoatlanish, yoki yangi rekor o‘rnatish”.
U o‘ziga nisbatan kattaroq talablar qo‘yishga ahd qildi.
Men Ronaldu uchun maxsus videorolik tayyorladim. Unda Muxammad Ali va Pele kabi daholarning o‘yinlari va ularning aforizmlari ifodalangandi. Tana tilini tushunish, diqqatni jamlash haqida so‘z borardi. Bu videoni qayta-qayta ko‘rishni ta’kidladim.
Bir kuni Krishtianunig harakatlari tasvirlangan videoni ishlab chiqdim. Uning o‘zidan so‘radim:”Tanangning har bir harakati qanchalik ahamiyatli ekanligini bilasanmi? 2007 yil 27 noyabrda “Sporting” darvozasiga kiritgan jarima to‘pingni eslaysanmi? Sen shunda kameraga qarab qo‘llaringni yon tomonga cho‘zganding. Bu bilan nima demoqchi eding? Kechirim so‘radingmi yoki maqtanib qo‘ydingmi?” Xuddi shu payt oldimizda Manchester ma’muriyati vakillaridan biri paydo bo‘ldi va undan Krishtianuning o‘sha harakatini qanday qabul qilganligini so‘radim. “Men hammadan zo‘rman" dedi u. Aminmanki, Ronalduning bu jestini nafaqat vakil, balki millionlab odamlar xuddi shu ma’noda tushunishgan. “Shu sababli seni haddan ziyod mag‘rur deb o‘ylashadi. Chunki sen o‘zing shunaqa tasavvur uyg‘otasan. “Men Krishtianu Ronalduman, men bilan yaxshi munosabatda bo‘linglar” demoqchi bo‘lasan. Born Borg va Rodjer Federer tennisda qanday o‘ynagan bo‘lsa, sen futbolda xuddi shunday harakatlan. Muz kabi sovuqqon bo‘l. Raqibingning har bir harakatini oldindan ko‘ra olishga intil”.
Krishtianuga Yoxan Kroyffning o‘yinlarini ko‘rsatdim. U raqiblarini mohirlik bilan chalg‘itar, yo‘nalishini har lahzada o‘zgartirar, ustiga yopirilib kelayotgan to‘dani bemalol yorib o‘ta olardi. “Asosiysi, sening yuzingdagi ifoda. O‘zingni hech narsa bo‘lmagandek tut, toki raqib xayolingdagilarni o‘qiy olmasin. Himoyachi sening qarshingda dovdirab qolsin. Hammasi o‘zingga bog‘liq”...
O‘sha mavsum Ronaldu uchun ajoyib o‘tdi. U 42 ta gol kiritdi. Chempionlar Ligasi final bosqichida boshi bilan zarba berib, gol kiritdi. U o‘z xatolarini mustaqil tahlil qila oladigan darajaga etishgan edi”.
Saodat Abduraxmanova tarjimasi
Manba: sports.ru
Fikrlar