“Manchester Siti”da o‘ynagan mashhur futbolchining o‘g‘li vafot etdi
Angliya futboli yulduzlaridan hisoblangan Styuart Pirs og‘ir judolikka uchradi. Uning 21 yoshli o‘g‘li Xarli Glostershir shahri yaqinida yuz bergan halokat qurboni bo‘ldi.
The Guardian nashrining yozishicha, Xarli traktorni boshqarib ketayotganida balon yorilishi oqibatida halokatga uchragan. Politsiya bergan ma’lumotga ko‘ra, yigit voqea joyidayoq vafot etgan.
Xarli Pirs Marlboro shahrida yashab kelgan. U Styuart Pirsning ikki farzandidan kichigi edi.
Styuartning o‘zi Angliya milliy terma jamoasida 78 ta uchrashuv o‘tkazib, o‘z hisobiga beshta gol yozdirib qo‘ygan. 2012 yilda bosh jamoani vaqtinchalik boshqargani bilan ham mashhur.
Pirs 1978 yildan 2002 yilgacha davom etgan faoliyatida “Uildston”, “Koventri Siti”, “Nottingem Forest”, “Nyukasl Yunayted”, “Vest Xem Yunayted” va “Manchester Siti”da o‘ynagan.
Taniqli futbolchiga Angliya Premer-ligasi klublari ta’ziya izhor etmoqda. Hozirgacha, “Manchester Siti”, “Vest Xem” va “Nottingem Forest” mudhish voqeaga munosabat bildirdi.



Fikrlar