Server Jeparov “Jetisu”dan nega ketgani, Ektor Kuperdan taklif kutishi va faoliyatini qaerda davom ettirishi haqida gapirdi

  • 25 noyabr, 2018, 13:05
  • Baxtiyorjon Toshtemirov
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Osiyoning ikki karra eng yaxshi futbolchisi bo‘lgan Server Jeparov faoliyatini Qozog‘istonning “Jetisu” klubida davom ettirayotganidan xabaringiz bor edi. Ammo hamyurtimizning qo‘shni mamlakatdagi hayoti uzoq davom etmadi. Yaqindan tarqalgan xabarga ko‘ra u “Jetisu”ni tark etgan va Toshkentga qaytib kelgan. Boz ustiga uni milliy terma jamoaga ham chaqirishmay qo‘ydi. Biz esa Jeparov bilan bog‘lanib klubdan ketishining sabablari, terma jamoa va o‘zi haqidagi bir qator savollarga javoblar oldik.

Tecno

- Server, sizning “Jetisu”dan ketishingiz barchamiz uchun kutilmagan voqeaga aylandi. Aslida nima bo‘ldi?

- Xabaringiz bo‘lsa, mening “Jetisu” bilan tuzgan shartnomam noyabr oyi oxiriga qadar edi. 21 oktyabr kuni chempionat doirasidagi o‘yinda jarohat olganimdan keyin shifokorlar salkam ikki hafta davomida yugurmasligim kerakligini maslahat berishdi. Tiklanishim uchun ham salkam 10 kun kerak edi. Shu sabab klub bilan o‘zaro kelishgan holda shartnoma nihoyasiga etishini kutib o‘tirmasdan uni bekor qildik.

- Klubda sizga nisbatan etarli darajada e’tibor qaratishmadimi?

- Bunday demagan bo‘lardim. Klubda hamma ishlar yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Jumladan, munosabatlar ham.

- Endi nima qilmoqchisiz: faoliyatingizni yakunlaysizmi yoki bir qancha takliflarni ko‘rib chiqasizmi?

- Takliflarni ko‘rib chiqsam kerak. Nega deganda, hali faoliyatimni davom ettirish uchun o‘zimda etarlicha kuch-quvvatni his qilyapman.

- Aytmoqchimanki, legioner sifatidagi faoliyatingiz nihoyasiga etdimi? Yoki bundan keyin O‘zbekiston chempionatida ishtirok etasizmi?

- Oldindan taxmin qilishni yoqtirmayman. Hozirgacha jarohatdan tiklanish jarayoni hali nihoyasiga etgani yo‘q. Albatta, qiziqarli va o‘zimni to‘la qanoatlantiradigan takliflarni kutib qolaman.

- Aytishlaricha, qozoq futbolida ko‘p pul to‘lashar ekan. Chindan ham futbolchilarga katta miqdorda pullar to‘lashadimi? Bunday gaplar rostmi?

- Bu masalani turli tomondan ko‘rib chiqish kerak bo‘ladi. Shunisi aniqki, Qozog‘istonda o‘yinchilarga O‘zbekistondagidan ko‘ra ko‘proq haq to‘laydilar.

- Qozog‘iston birinchiligida aynan qanday jihatlar yoqmadi?

- Yuqorida o‘zingiz aytgandek, u erda katta pullar to‘lansa-da, maydonlarning holati har qanday o‘yinchini daxshatga soladi. Sun’iy qoplamali maydonda to‘p surgan holda o‘zim ham jarohat oldim. Chimning tez-tez almashtirib turilishi futbolchi uchun yaxshi emas.

- Ignatiy Nesterov bilan birga Osiyo Kubogida to‘rt bor ishtirok etgansiz. Agar beshinchi marta ushbu musobaqada qatnashsangiz mutloq rekordchiga aylanasiz. Ammo bu borada sizga nisbatan Nesterovda imkoniyat ko‘proq. Bu xususida nima deya olasiz?

- Rekordchiga aylanishim mumkinligini bilgan holda Qozog‘iston chempionatiga yo‘l olgandim. Yaxshi jismoniy holatda bo‘lgan holda yuqori darajada ishtirok etishni maqsad qilgandim. Hozircha faoliyatimni yakunlash niyatim yo‘q. O‘ynashda davom etar ekanman, yuqori natijalarni va rekordlarni yangilashga bo‘lgan ishtiyoqim saqlanib qolaveradi. Futbolda doim imkoniyat bor. Agar meni ham terma jamoaga chaqirishsa, bundan boshim ko‘kka etardi. Shuni alohida e’tirof qilishim kerakki, har doim, hamma vaqt bosh murabbiyning qarorlarini hurmat qilib kelganman.

- Milliy terma jamoa bosh murabbiyi Ektor Kuper sizni o‘tkazgan ikkita yig‘iniga chaqirmadi. Nima deb o‘ylaysiz, Jeparovning milliy terma jamoadagi faoliyati yakuniga etib boryaptimi?

- Hayotda hech narsa abadiy emas. Boz ustiga 36 yoshdaman, milliy terma jamoaga o‘zimdagi bor narsani berganman. Lekin sog‘ligim joyida bo‘lar ekan, hali beri futbol o‘ynashdan to‘xtamoqchi emasman. Natija uchun javobgar bo‘lgan murabbiylarning qarorlarini esa doim to‘g‘ri qabul qilib kelganman.

- Milliy terma jamoamizning oxirgi o‘yinlarini tomosha qildingizmi? Agar ko‘rgan bo‘lsangiz, jamoa o‘yinida qandaydir o‘zgarishlarni sezdingizmi?

- Imkon qadar tomosha qilishga harakat qildim. Bir uchrashuvda jamoa juda yaxshi ko‘rindi va to‘pni yo‘qotgan zahoti darhol ortga qaytdi.

- Ektor Kuper bilan uchrashishni va kelajagingiz borasida suhbatlashishni istarmidingiz?

- Albatta, istayman. Axir uning saviyasidagi murabbiylar juda oz. Endi esa shundy mutaxassis bizda, O‘zbekistonda ishlamoqda.

- O‘zbekiston chempionatini kuzatib kelyapsizmi? Yaqinda “Paxtakor” Kubok finalida yutqazib qo‘ydi. Qolaversa, chempionlikni qo‘lga kiritish uchun jamoaning imkoniyati tobora pasayib bormoqda. “Lokomotiv”ning ketma-ket uchinchi bor chempionga aylanishiga ishonasizmi?

- Kubok finalini ko‘rdim. O‘yin juda tomoshabop va gollarga boy bo‘ldi. OKMKni tarixiy sovrin bilan qutlamoqchiman. O‘z vaqtida Baxtiyor Ashurmatov bilan “Paxtakor” safida o‘ynagan holda O‘zbekiston Kubogini yutgandik. Endi esa u murabbiy sifatida shunday ishni amalga oshirdi. Uning uchun xursandman. “Lokomotiv”ning chempionlikka bo‘lgan imkoniyatiga kelsak, albatta jamoa bu borada ustunlikka ega bo‘lib turibdi. Lekin futbol shunday o‘yinki, arzimasdek ko‘ringan kichik xato ham yakunda qimmatga tushishi va hammasi o‘zgarib ketishi mumkin.

- Kelajakda o‘zingizni xuddi Baxtiyor Ashurmatov singari murabbiy rolida tasavvur qila olasizmi?

- Albatta, tasavvur qila olaman. Qolaversa, “V” toifa uchun o‘qishni tamomladim. Bundan keyin ham o‘qishda davom etmoqchiman.

- O‘g‘lingizning ham xuddi siz kabi futbolchiga aylanishini istaysizmi? Agar sir bo‘lmasa, u ko‘proq nima bilan shug‘ullanadi?

- Albatta, shuni istayman. Hozirda o‘g‘lim Aleksandr Xvostunov va Ravil Bekchintaev rahbarligi ostida “Bunyodkor” akademiyasida shug‘ullanmoqda. Bundan bir necha kun oldin u Olma-Otadagi turnirda ishtirok etdi. Musobaqada 16 jamoa qatnashdi, “Bunyodkor” yoshlari 4-o‘rinni egalladi. Jamoada istiqboli porloq va qobilyatli bolakaylar talaygina. Ayniqsa, “Paxtakor”ga qarshi kechgan o‘yin menga juda yoqdi.

- Nima deb o‘ylaysiz, matbuotda futbolga bo‘lgan e’tibor O‘zbekistonda yuqorimi yoki Qozog‘istondami?

- Hammasidan ko‘ra Eronda bo‘lsa kerak.

Shuhratbek Jo‘raev suhbatlashdi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!