Shahram G‘iyosovga “Jismoniy tarbiya va sport a’lochisi” ko‘krak nishoni topshirildi

  • 29.11.2018 11:52
  • 0
  • Boks
Komp: Xabar sarlavhasi ostidagi

Kecha, 28 noyabr Jismoniy tarbiya va sport vaziri Dilmurod Nabiev Olimpiya o‘yinlari sovrindori, havaskor boksda jahon chempioni Shahram G‘iyosovni qabul qildi.

Uchrashuvda Shahram G‘iyosovga xalqaro musobaqalardagi va professional boksdagi g‘alabalari hamda yurtimizda sportni ommalashtirish yo‘lidagi say’-harakatlari uchun “Jismoniy tarbiya va sport a’lochisi” ko‘krak nishoni topshirildi.

Vazir Dilmurod Nabiev Shahram G‘iyosovga qo‘lga kiritayotgan yutuqlari, yurtimiz dovrug‘ini dunyoga tanitish yo‘lidagi say-harakatlari uchun minnatdorchilik bildirib, sportchimizning yutuqlari yoshlarimiz orasida boksga, umuman sportga bo‘lgan qiziqishning ortishiga xizmat qilayotganini ta’kidladi hamda vazirlik bundan keyin ham bokschimizni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanligini ma’lum qildi.

Xabaringiz bor, Shahram G‘iyosov joriy yilning 25 noyabr kuni Amerika Qo‘shma Shtatlarining Atlantik-Siti shahrida bo‘lib o‘tgan professional boks kechasida navbatdagi raqibi meksikalik tajribali bokschi Migel Zamudioni ilk raundayoq mag‘lub etgan edi.

Ma’lumot uchun, 2016 yil Braziliyaning “Rio-de-Janeyro”da bo‘lib o‘tgan yozgi Olimpiada o‘yinlarining boks musobaqasida kumush medalni qo‘lga kiritgan Shahram G‘iyosov bugungi kungacha professional boksda 6 ta jang o‘tkazgan va ularning barchasida g‘alaba qozongan, u 5 ta bahsni muddatidan oldin yakunlay olgan.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi

Matbuot xizmati

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!