Shohjahon kutilmagan vaziyatga tushganiga qaramay ettinchi nokautga erishdi

  • 1 dekabr, 2016, 22:31
  • 0
  • Boks
CHERY AUTO
 
 
Professional boksda raqiblarini ketma-ket mag‘lub etib kelayotgan Shohjahon Ergashev SPORTS.uz axborot portaliga 2 dekabr kuni ugandalik Solomon Bogerega qarshi jang o‘tkazishi haqida xabar bergan edi.
 
Biroq, professional boks kechasi tashkilotchilari kutilmaganda Shohjahon Ergashevga jang bir kun oldin bo‘lishi va raqib ham boshqa ekani haqida xabar berishdi. O‘z kuchiga ishongan o‘zbek o‘g‘lonini bu yangilik dovdiratib qo‘ymadi. Shohjahon jangga tayyorligini bildirib, ringga chiqishga  rozi bo‘ldi.
 
Moskvadagi Boks akademiyasi ringida tashkil etilgan o‘n raundlik jangda Shohjahon Ergashev o‘z vazn toifasida Belarusning eng kuchli professional bokschisi hisoblangan Ilya Reutskiy bilan kuch sinashdi. Professional ringda yigirma uchinchi jangini o‘tkazgan belaruslik bokschi o‘zbek yigitining zarbalariga dosh bera olmadi.
 
 
Ikkinchi raundda ketma-ket kuchli zarbalarni o‘tkazib yuborgan Ilya Reutskiy texnik nokautga uchradi va jangni davom ettirolmadi. Shu tariqa Shohjahon Ergashev professional ringdagi ketma-ket ettinchi jangini muddatidan oldin yakunladi.
 
 
Jangdan so‘ng SPORTS.uz axborot portali muxbiri Shohjahon bilan bog‘landi.
 
- Shohjahon, jang muddati va raqibning birdan o‘zgartilishi Sizni hayron qoldirmadimi?
 
- Yo‘q. Men jangga puxta tayyorlangan edim. Raqibning kimligi ham unchalik ahamiyat kasb etmaydi. Odatda, men raqiblarining jangi yozilgan videolarni tomosha qilmayman. Har bir jangda raqibni o‘z uslubimga tushirib olaman. Shuning uchun ham kimga qarshi ringga chiqishimning farqi yo‘q edi.
 
- Jangdan so‘ng raqib nima dedi?
 
- Zarbalarim kuchli va og‘ir bo‘lganini tan oldi. Keyingi janglarda omad tiladi.
 
- Ugandalik Solomon Borege bilan jang nima bo‘ladi?
 
- Promouterlar Solomon bilan jangimiz 14 dekabr kuni Sank-Peterburgda tashkil etilishi haqida xabar berishdi. Bugungi jang bo‘lajak bellashuvga tayyorgarlik vazifasini o‘tadi, deb hisoblaymiz.
 
- Shohjahon kutilmagan jangdagi kutilgan g‘alaba bilan tabriklaymiz va kelajakdagi bellashuvlarda ham nokautli g‘alabalar tilaymiz.
 
- Rahmat.
 
Shunday qilib, iste’dodli yosh bokschimiz navbatdagi jangida ham muhim g‘alabani qo‘lga kiritdi. Oldinda esa Shohjahon Ergashevni yanada jiddiy bellashuvlar va kuchli raqiblar kutib turibdi.
 
SPORTS.uz

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!