Shon-shuhrat sari olg‘a yoxud jinoyatchi qanday qilib chempionga aylandi
Ushbu sportchi Olimpiada oltin medallarini qo‘lga kiritishni juda xohlagani uchun professional boksga o‘tishni biroz paysalga solgan. Uning boksdagi faoliyati 18 yoshida boshlanib, o‘shanda Finchley ABC klubida shug‘ullangandi. Bu klub boshqa bir mashhur britaniyalik bokschi Derrik Chisorani tarbiyalagan. Bugungi qahramonimiz yaqinda Vladimir Klichkoni enggan Entoni Joshua.
Bahsli g‘alabalar
Baquvvat va chaqqon Joshua 18 yoshidayoq havaskorlar o‘rtasida Angliya chempionligini nishonlagach, uning darhol professionallar safiga o‘tishi uchun 50 ming funt sterling taklif qilishdi. «Ushbu taklifni rad etish oson bo‘lgani yo‘q, - deydi Joshua. – Ammo menga pullar emas, medallar kerak edi».
O‘sha medallar o‘zini uzoq kuttirmadi – 2011 yili Bokuda o‘tkazilgan jahon chempionatida Joshua kumush medalni qo‘lga kiritdi, 2012 yilgi London Olimpiadasida esa oltinga ega bo‘ldi. Umuman olganda, uning Olimpiya o‘yinlaridagi ishtiroki ko‘plab tanqidlarga uchradi, hakamlarni mahalliy sportchiga yon bosganlikda ayblashdi. Xususan, kubalik afsonaviy chempion Feliks Savonning jiyani Erislandi Savonga qarshi kechgan jangdagi ballar ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘ldi. Finalda Entoni italiyalik Roberto Kammarelle bilan bellashdi. Uchta raund natijalariga ko‘ra hisob 18:18 bo‘lib turgandi, hakamlar esa chempionlikni Joshuaga taqdim etishdi.
Qamoqda 10 yil o‘tirishi mumkin edi
Joshua Angliyada tug‘ilgan, bir necha yil Nigeriyada yashagan, o‘smirlik chog‘laridanoq noxush vaziyatlarga tushib qolishga ko‘nikkandi. Tez-tez mushtlashuvlarda qatnashar, 2009 yilda esa shunday tartibsizlikdan so‘ng Redingda jinoiy javobgarlikka tortilib, jazo muddatini Buyuk Britaniyadagi qamoqda o‘tashi ko‘zda tutilgandi. «Mushtlashuv va boshqa nojo‘ya xatti-harakatlarimdan so‘ng shunday qaror qabul qilindi, - deydi Entoni o‘sha damlarni eslarkan. – Agar o‘shanda aybimni tan olganimda, hozir intervyu bermayotgan bo‘lardim». Joshuaga nisbatan 10 yillik qamoq jazosi belgilangandi. Ammo Entoni javobgarlikdan qutulib qoldi, shunga qaramay, bir yil davomida to‘pig‘ida kuzatuv bilaguzugi taqib yurishiga to‘g‘ri keldi. Joshuadan kechki soat sakkizdan tonggi oltiga qadar uyda qolish, chaqirilgan paytda politsiya uchastkasida hozir bo‘lish talab etilgan.
«Boks hayotimni qutqarib qoldi», - deydi Joshua. - Aynan shu pallada muammolar iskanjasida yuruvchi yigitcha sport bilan shug‘ullana boshladi va keyinchalik ushbu qarori unga shon-shuhrat keltirdi. O‘z navbatida, Entoni qurilishda ishladi, kollejda tahsil oldi, ammo mas’uliyatli fuqaroga aylanishi uchun yana biroz vaqt kerak bo‘ldi.
2010 yili boks bo‘yicha Buyuk Britaniya termasi a’zosiga aylanishidan avval Joshua avtomobilida tezlikni oshirgani uchun to‘xtatildi. Politsiya uning boshqaruvidagi «Mersedes» ichidan marixuana solingan sumka topdi. Shu tariqa Entoni giyohvand modda saqlaganlikda ayblandi. Bu kabi jinoyat uchun ko‘pi bilan 14 yillik qamoq jazosi belgilanadi. Joshua bu safar ham «suvdan quruq chiqdi». Aybini tan oldi, bir yil shartli jazoga tortildi, 100 soatlik tarbiyaviy ishlarga yo‘naltirildi.
Entonining promouteri Eddi Xirn aynan shu vaziyat bokschining hayotidagi burilish nuqtasi ekanini ta’kidladi – shundan so‘ng Joshua aqlini yig‘ib olib, sport va hayotiga jiddiy nazar bilan qaray boshladi. Oradan bir yarim yil o‘tgach, u boks bo‘yicha Olimpiada chempioniga aylandi.
Barcha raqiblarini nokautga uchratdi
Entoni professional boksdagi debyutini nishonlagan kezlari hali 24ga to‘lib ulgurmagandi. Oradan ikki yarim yil o‘tgach, ikkinchi raundda Charlz Martinni nokautga uchratib, IBF yo‘nalishi chempionligini qo‘lga kiritdi. Joshuaning professionallar orasidagi faoliyati ancha omadli kechganini alohida ta’kidlash lozim. Uning hisobida 19ta bellashuvda 19ta g‘alaba bor. Faqatgina 4 nafar raqibi uchtadan ko‘p raundga dosh bergan. Entoni o‘zining barcha janglarini nokaut bilan yakunlagan.
Vladimir Klichkoga qarshi kechgan bahs - zamonaviy boksning haqiqiy «xit»iga aylandi. «Uembli»da uyushtirilgan bellashuvni 90 ming tomoshabin bevosita kuzatib bordi. Germaniyada esa tomoshabinlar soni 10 million kishini tashkil etdi. Ushbu muhim voqeani Showtime telekanali efirida to‘g‘ridan-to‘g‘ri kuzatgan muxlislar soni o‘rtacha hisobda 660 mingga etdi. Takroriy namoyishni esa 738 ming kishi tomosha qilgan. Ayniqsa, chempionning nokdaundan so‘ng o‘ziga kelishga kuch topib, oxir-oqibat 11-raundda Klichkoni taslim etgani ko‘pchilikning hayratiga sabab bo‘ldi.
Uni «bodibilder»ga o‘xshatmang
Tayson Fyuri bir safar Joshuani «bodibilder» deb atagan, Entoni esa buni inkor etib, og‘ir atletikachilarga xos mashqlarni bajarmasligi, bokschi uchun buning foydasi yo‘qligini ta’kidlagandi. Uning tashqi ko‘rinishi – eng yaxshi bokschiga aylanish maqsadida tinimsiz shug‘ullanishi oqibati. Joshua vaznini saqlash bo‘yicha mashqlarga katta e’tibor qaratadi, TRX-halqalar, arqon, qumda yugurishni ma’qul ko‘radi, boshqa bokschilar kabi tennis to‘plari bilan ishlaydi, bo‘ynini chiniqtirishga urinadi. Oxirgi mashq zarbalarga bardosh berishda asqotadi.
Qizig‘i, aksariyat bokschilardan farqli o‘laroq, Joshua u qadar ko‘p mashg‘ulot o‘tkazmaydi, ammo hamisha sport formasini bir maromda saqlaydi. Aynan shu xususiyati tufayli ham mashhur zamondoshlari Tayson Fyuri va Rikki Xattondan farqlanadi.
Qalbini o‘g‘rilagan go‘zal
Bir necha yillar davomida Joshuaning langarcho‘pda yurish bo‘yicha murabbiy, 26 yoshli Nikol Osborn bilan munosabatlari haqida ko‘p gapirildi. Britaniyalik jurnalistlar o‘z navbatida, ayolning tashqi ko‘rinishi xususida so‘zlashni ham unutishmadi. Entoni va Nikol maktabning yuqori sinfida o‘qib yurgan kezlari tanishishgan, o‘shanda ham ularning munosabati tez-tez buzilib, ko‘p o‘tmay yana aloqalar tiklanardi.
2015 yilning oktyabrida Nikol bokschiga o‘g‘il tug‘ib berdi. Chaqaloqqa Jozef Beyli Temiloluva Shahzoda Joshua deb ism qo‘yishdi. Entoni umr yo‘ldoshiga Londondan kvartira sotib olib berdi, xonadon sportchiga 500 ming funt sterlingga tushdi. Ammo o‘tgan yilning so‘ngida ularning ajrashishgani haqida xabarlar tarqaldi.
Keyinchalik Britaniya matbuoti Joshuaning top-model Kara Delevin hamda kelib chiqishi albaniyalik bo‘lgan xonanda Rita Ora bilan ishqiy munosabatlari haqida bong urdi. Entonining aytishicha, hozir u yolg‘iz yashayapti.
«Entoni hozirning o‘zida badavlat shaxsga aylanib ulgurdi, aynan u milliardlarni to‘plagan dastlabki bokschi bo‘lishi mumkin. Uning sportdan tashqaridagi tijoriy imkoniyatlari juda yuqori. Hattoki, bu borada Bekxem va jahondagi boshqa top-futbolchilarni ham ortda qoldirishi hech gapmas», - dedi uning promouteri Eddi Xirn. Joshuaning potentsial opponentlaridan biri Toni Bellyu qahramonimizni Floyd Meyvezerga qiyoslab, boksning yangi qiroli bo‘lishini taxmin qildi. Xirn ham avvalroq shu kabi fikr bildirgandi. Promouterning ta’kidlashicha, Floyd moliyaviy ahvolini pullik translyatsiyalar savdosidan to‘plagan bo‘lsa, Entoni bu yo‘lda homiylik shartnomalarini ko‘paytirib, boks tashqarisida daromad orttirish imkoniyatlarini oshiradi.
Joshua hozirdanoq AJBoxing deb nomlanuvchi xususiy kompaniyasiga egalik qilmoqda. O‘z navbatida, Apple, Lucozade, Lynx hamda Sky Sports bilan homiylik kelishuvlariga erishgan.
Keyingi jang Xitoyda tashkil etiladimi?
Albatta, Joshua milliardlarni qo‘lga kiritishni istasa, yirik janglar o‘tkazishni ham unutmasligi darkor. Hozircha chempionlikka da’vogarlar etarli – WBC yo‘nalishida jahon chempioni Deontey Uaylder, WBO chempioni Jozef Parker hamda mojaroga o‘ch irlandiyalik sportchi Tayson Fyuri. Darhaqiqat, Fyuri ring tashqarisida ko‘plab muammolarga yo‘liqmoqda, hoynahoy, boshqa chempionlarga qarshi bahslar ham joriy yilga belgilanmasa kerak. Baribir, Klichkoga qarshi revansh bahsi o‘tkazilsa, mantiqan to‘g‘ri bo‘ladi. Yoki sovringa egalik qilishni xohlovchi majburiy da’vogarlar bilan bellashadi.
Har qanday vaziyatda ham Joshua AQShda jang o‘tkazishiga to‘g‘ri keladi. Ko‘pchilik shu kabi shou Las-Vegasda o‘tkazilishini aytishmoqda. Entonining faoliyatini nazorat ostiga olgan Xirn esa Nyu-Yorkdagi «Medison-skver-garden»ni ma’qul ko‘rmoqda. Lekin bu bilan to‘xtash yo‘q. «Xitoyda jang o‘tkazilishi haqiqatga yaqin. Chunki bu o‘lkada katta pul aylanadi», - dedi o‘spirinligida tartibsizliklarning bosh qahramoniga aylangan yigitchani jahon darajasidagi brendga aylantirishga astoydil bel bog‘lagan promouter.
Dilmurod PARPIEV
Fikrlar