
Superliga jamoalarining to‘purarlarini bilasizmi?
Barchaga yaxshi ma’lum bu yil O‘zbekiston chempionati o‘yinlari PFL tomonidan yangi formatda o‘tkazila boshlandi. Superligaga aylangan chempionatda 12ta klub o‘zaro kurash olib bormoqda. Dastlabki bosqich yakunlanganidan so‘ng jamoalar “Chempionlik” va “Ligada jon saqlash” guruhlariga ajralishdi.
Quyida bu yilgi musobaqalarda ishtirok etayotgan 12ta jamoaning o‘z to‘purarlari bilan tanishib olishingiz mumkin:
AGMK – Yovan Jokich 9ta gol
Serbiyalik 26 yoshli iqtidorli futbolchi joriy mavsum olmaliqlik muxlislarning yoqimtoyiga aylanib qoldi. U hozircha Superligada jami 24ta o‘yinda maydonga tushdi va raqiblari darvozasiga 9ta gol urishga erishdi. Jokich ayni damda AGMKning to‘purari hisoblanadi.
“Bunyodkor” – Javlon Ibrohimov 11ta gol
“Qaldirg‘ochlar” sardori bu mavsum haqiqiy etakchi sifatida muhim o‘yinlarda gollar urib jamoasi joniga oro kirmoqda. 27 yoshli futbolchi hozircha Superligada 22ta o‘yinda maydonga tushib, o‘z hisobiga 11ta gol yozdirib qo‘yishga muvaffaq bo‘ldi. Javlon ayni damda “Bunyodkor” to‘purari hisoblanadi.
“Buxoro” - Arslonmurod Omonov 5ta gol
28 yoshli turkmanistonlik futbolchi bu mavsum ham stabil o‘yin namoyish qilmoqda. U chempionatning ortda qolgan qismida raqiblari darvoziga 5ta gol urishga erishdi. Arslonmurod hozircha “Buxoro” to‘purari bo‘lib turibdi.
“Lokomotiv” – Marat Bikmaev 9ta gol
32 yoshli iqtidorli hujumchi bu mavsum garchi o‘tgan mavsumdagidek ko‘p gol ura olmayotgan bo‘lsada, baribir jamoasining eng yaxshi to‘purari bo‘lib turibdi. Marat 23ta o‘yinda maydonga tushib, o‘z hisobiga 9ta gol yozdirib qo‘yishga erishdi. Bikmaev hozircha “temiryo‘lchilar” safidagi eng yaxshi to‘purar bo‘lib turibdi.
“Metallurg” – Zohid Abdullaev 7ta gol
Bu yil 34 yoshni qarshilagan to‘purar hujumchi doimgidek o‘z gollari bilan bekobodlik muxlislar olqishiga sazovor bo‘lib kelmoqda. Abdullaev joriy mavsum hozircha 22ta o‘yinda maydonga tushib, raqib darvozasini 7 marta ishg‘ol etishga erishdi. U bu mavsum ham katta ehtimol bilan jamoasi to‘purari bo‘lishi kutilmoqda.
“Navbahor” – Sardor Sulaymonov, Azizbek Turg‘unboev, Azamat Allaniyozov 4tadan gol
O‘tgan mavsumni Samarqandning “Dinamo” klubida o‘tkazgan Sardor bu yil “Navbahor” sharafini himoya qilmoqda. 24 yoshli iste’dodli hujumchi hozircha 19ta o‘yinda ishtirok etdi va bu o‘yinlarda o‘z hisobiga 4ta gol yozdirib qo‘yishga muvaffaq bo‘ldi. Undan tashqari jamoada Azizbek Turg‘unboev hamda Azamat Allaniyozovlar ham hozircha 4tadan to‘p kiritishga erishishgan va ushbu uch nafar futbolchi “lochinlar”ning chempionatdagi eng yaxshi to‘purari bo‘lib turibdi.
“Nasaf” – Bobir Abduholiqov 8ta gol
Garchi “ajdarlar” joriy mavsum o‘z tarixlaridagi eng yomon natijani qayd etishayotgan bo‘lishsada, jamoaning yosh iqtidorli hujumchisi Bobir Abduholiqov o‘z to‘purarlik qobiliyatini namoyish etib kelmoqda. 21 yoshli futbolchi hozircha 22ta o‘yinda maydonga tushib, raqiblari darvozasiga 8ta gol urishga erishdi va aynan u hozircha “Nasaf”ning eng yaxshi to‘purari hisoblanadi.
“Neftchi” – Sherzod Hakimov 3ta gol
Mavsumni Pro-liga jamoasida boshlagan va keyinchalik “Neftchi” safiga qaytgan 31 yoshli hujumchi shundoq ham gol ura olmayotgan farg‘onaliklar safida to‘purar bo‘lib turibdi. Hakimov hisobida hozircha 3ta gol mavjud.
“Paxtakor” - Ismoil Gonsalvesh 14ta gol
Chempionatimizda to‘p surayotgan yagona portugaliyalik futbolchi Ismoil Gonsalveshga (Isma) O‘zbekiston stadionlari omad keltira boshladi. 27 yoshli hujumchi hozircha Superligada jami 24ta o‘yinda maydonga tushib, o‘z hisobiga 14ta gol yozdirib qo‘yishga erishdi. U ayni damda “sherlar”ning musobaqadagi to‘purari bo‘lib turibdi.
“So‘g‘diyona” – Sanjar Rashidov 3ta gol
Joriy mavsum jizzaxliklar safida Superligada 9ta o‘yinda maydonga tushgan 25 yoshli yarim himoyachi Sanjar Rashidov ushbu o‘yinlarda raqiblari darvozasini 3 bor ishg‘ol etishga erishdi. E’tibrlisi, u hozircha jamoa to‘purari hisoblanadi.
“Qizilqum” - Elguja Grigalashvili 7ta gol
29 yoshli gruziyalik legioner bu mavsum chin ma’noda navoiylik ishqibozlar ko‘nglidan joy oldi. Uning ko‘plab gollari “Qizilqum”ga muhim ochkolarni taqdim etdi. Grigalashvili hozircha 7 marta o‘z nomini tabloga yozdirib qo‘yishga erishdi. Elguja hozircha “Qizilqum”ning chempionatdagi to‘purari bo‘lib turibdi.
“Qo‘qon-1912” – Murod Xolmuhamedov 8ta gol
Murod Xolmuhamedov bu mavsum qo‘qonliklarga sardorlik qilmoqda. Garchi himoyachi bo‘lsada jamoa etakchisi sifatida gollarni urib, muxlislar ko‘nglidan joy olmoqda. 28 yoshli futbolchi bu mavsum hozircha o‘z hisobiga 8ta gol yozdirib qo‘yishga erishdi va u ayni damdda qo‘qonliklar to‘purari bo‘lib turibdi.
Baxtiyor TOShTEMIROV tayyorladi.
Fikrlar