
Temurxo‘ja Abduxoliqov “Lokomotiv”ga qaytadimi?
Iqtidorli hujumchi Temurxo‘ja Abduholiqov Qatarning “Al Sayliya” klubini tark etganidan beri hali yangi jamoasi nomini e’lon qilgani yo‘q. Ayrimlar esa uning allaqachon biror-bir jamoa bilan kelishib olgani haqida ham aytishmoqda. Shuningdek, Abduholiqovni “Lokomotiv”ga bog‘layotganlar ham yo‘q emas.
- Birinchi navbatda bizni qiziqtirayotgan savol – bu Temurxo‘ja Abduholiqov keyingi faoliyatini qaerda davom ettiradi? Bizningcha, bu masala biroz cho‘zilib ketgandek...
- 30 iyun kuni mening “Al Sayliya” bilan tuzgan shartnomam tugadi. Oldimda esa 2-3 ta jamoalardan aniq va jiddiy takliflar bor. Qaysi jamoani tanlashimni yaqin orada bilib olasiz.
- Ko‘pchilik sizni yana “Lokomotiv”ga qaytishingiz mumkinligi haqida gapirmoqda. Bu haqiqatga qanchalik yaqin?
- Ha, “Lokomotiv”ga qaytishim mumkinligini inkor qilmayman. Har holda bu variant ham yo‘q emas.
- Qachon yakuniy qaroringizni e’lon qilasiz?
- Tez orada.
- Qatar chempionatidan qaytib kelganingizga ancha bo‘ldi. Shu vaqt davomida sport formangizni ushlab turish uchun qaerda shug‘ullanib turibsiz?
- O‘zim yakka tartibda shug‘ullanib, sport formamni ushlab turibman. Bu borada havotirga o‘rin yo‘q.
- Legioner sifatida faoliyat olib borishdan charchamadingizmi?
- Yo‘q, nega? Hozir ham menga chetdan takliflar bor. Hammasini tosh-u, taroziga solib ko‘ryapman. Shundan keyin yakuniy qarorga kelaman.
- Xorijdan aynan qaysi klublar tomonidan qiziqishlar bo‘lyapti?
- Klublarning nomini aytsam noto‘g‘ri bo‘lsa kerak. Ular Eron, Qatar va Saudiya Arabistonidan.
- Yangi klubni tanlashda ko‘proq nimalarga ahamiyat qaratyapsiz?
- O‘yin amaliyotiga, 1-o‘rin uchun kurashishiga va chempionati qanchalik kuchli ekanligiga.
- Bu borada moliyaviy mablag‘ ham klub tanlayotganingizda o‘z ta’sirini ko‘rsatadimi?
- Yuqorida aytib o‘tganlarim 1-2-faktorlar sanaladi. Moliyaviy jihati esa men uchun 4-darajada.
- Darvoqe, jahon chempionatini ham kuzatib boryapsizmi?
- Ha, albatta. Jahon chempionatida yaqqol favorit va yaqqol autsayder yo‘q. Guruh bosqichida favoritlar ko‘rinmadi. Pley-off bosqichida ham bir nima deyish qiyin. Eng yaxshisi, o‘yinlarni miriqib kuzatishdir.
- Ukangiz Orifxo‘ja Abduholiqovni ham kuzatib turamiz. U asosan quyi ligada o‘ynab kelyapti. Siz kabi qachon faoliyatida o‘sish bo‘ladi deb o‘ylaysiz?
- Men ham uning rivojlanishini xohlayman. Quyi ligada ikki yildan beri to‘purar bo‘lib kelyapti. Unga ishonaman. Kelajakda Superligada ham to‘purar bo‘la oladi.
Shuhratbek Jo‘raev suhbatlashdi.
Fikrlar