Vitaliy Ni: «Nasaf»dan nima uchun ketganimni tushunmadim
“Nasaf” klubining bugungi holatidan barchaning xabari bor. Moliyaviy muammolar jamoani mushkul ahvolga tushirib qo‘ydi. Hattoki, u erda kadrlar almashinuvi ham yuz berrdi. Yodingizda bo‘lsa, yaqinda klub bosh menejeri Shamil Yarulinning o‘rniga klub akademiyasida direktor bo‘lib ishlab kelgan ukrainalik Sergey Kucherenko tayinlangandi. Shundan keyin esa “Nasaf”da bir necha yillardan beri sadoqat bilan mehnat qilib kelgan Vitaliy Ni ham iste’foga chiqarildi. Uning o‘rnini esa moldaviyalik mutaxassis Nikolay Minchev egalladi. Lekin hozircha vaziyat o‘zgargani yo‘q. Albatta, Yarulin bilan Nining klubga qo‘shgan hissasini inkor etib bo‘lmaydi. Ular yillar davomida “Nasaf”ning mavqeini ko‘tarish uchun mehnat qildilar. Lekin hayotda o‘zgarishlar bo‘lib turadi. Shu nuqtai nazardan olib qaraganda, Vitaliy Nikolaevichning ham “Nasaf”dagi faoliyatiga yakun yasaldi.
Vitaliy Nining “Nasaf”da ko‘rgan-kechirganlari
- Afsuski, “Nasaf” klubi hozirgi vaqtda moliyaviy qiyinchilikni boshidan o‘tkazmoqda, - deb gap boshladi, Vitaliy Nikolaevich. - To‘g‘risi, bu jamoani bunday ahvolda ko‘rish shaxsan men uchun juda ham og‘ir. Klubning bunday holatga tushib qolishi shubhasiz moliyaviy muammolar bilan bog‘liq. Lekin bu vaziyat “Nasaf”da birinchi marta ro‘y berayotgani yo‘q. Oldinlari ham shunga o‘xshash holatlar bo‘lgan. Masalan, 2000-2001 yillari va 2005-2006 yillarda ham moliyaviy muammolar ko‘zga tashlangandi. Lekin o‘sha paytlarda futbolchilar klubga sodiqligini isbotlab bor e’tiborini faqat g‘alabalarga va jamoaning manfaatiga qaratishgandi. O‘shanda pul asosiy o‘ringa chiqmagandi. Ya’ni, biz bungacha ham hozirgidek qiyin sharoitni bosib o‘tganmiz. 2009 yildan boshlab “Nasaf”ga yangi bosh homiy biriktirilganidan keyingina klubda pul muammosi yo‘qoldi. Endi jamoa umuman boshqacha qiyofa kasb eta boshlagandi. Yangi stadion va yangi akademiya qurildi. Klub bazasi ham ideal darajada barpo etildi. To‘g‘risi, “Nasaf”ning infrastrukturasi har tomonlama puxta ishlab chiqilgandi. Shu bois bemalol aytishim mumkinki, jamoaning infrastrukturasi O‘zbekistondagi yagonasi edi. Stadion haqida esa gap bo‘lishi mumkin emas. Bu chinakam futbol stadioni. To‘g‘ri, hamma joyda ham stadionlar bor, ammo stadionning ham stadiondan farqi bo‘ladi. Bu hol esa asosan u erdagi shart-sharoitlar borasida farq qiladi. Stadion degani – bu faqat maydonda to‘p tepish bilan baholanmaydi. Unda hamma sharoit bo‘lishi shart. Aynan “Nasaf”da bu borada muammo topa olmaysiz. Aynan stadion masalasida ham “Nasaf” boshqalardan oldinda edi. Yodingizda bo‘lsa, 2011 yili OFK Kubogini yutgandik. O‘shanda OFKdan yuqori martabali mehmonlar tashrif buyurishgandi va ularning qatorida 9 nafar o‘z sohasining etakchi mutaxassislari ham kelishgandi. Final o‘yinidan oldin ular bizning ishchilar bilan o‘zaro hamfikrlikda o‘yinga tayyorgarlik ko‘rishgan. Demoqchimanki, “Nasaf”da hamma o‘z ishiga professional darajada yondashishni o‘rgangandi. Bizda xalqaro tajriba oshib boravergan. O‘shanda OFK Kubogi finalini yuqori saviyada o‘tkazgandik. OFKdagilar bizga qanday ishlash kerakligini yaxshilab o‘rgatishgandi. Shuningdek, Osiyo Chempionlar ligasida muntazam qatnashdik va har yili stadionga OFKdan mutaxassislar kelishardi. E’tiborlisi, har bir kelgan mehmon “Nasaf”ning stadioniga yuqori baho berib ketishardi. U erda muxlislar uchun ham sharoitlar juda ajoyib darajada yaratilgani ularni doimo xursand qilardi. Bir so‘z bilan aytganda, jamoamizda professionalizm juda yaxshi shakllangandi. Yodingizda bo‘lsa, bu jamoaning muvaffaqiyati 2002 yildan boshlangandi. O‘shanda “Nasaf” Osiyo Kubok egalari Kubogida ishtirok etgandi. Bahrom Hakimov bosh murabbiy edi, Norqul Daminov esa klub rahbari hisoblanardi. BAA va Erondagi musobaqalarda “Nasaf” hammani hayron qoldirgani yodimda. Biz yarim finalga chiqib kuchli to‘rtlikdan joy olgandik. O‘sha musobaqadan so‘ng “Nasaf”ning klublar reytingidagi o‘rni ham sezilarli darajada ko‘tarilgandi. O‘sha paytda hattoki Rossiya va Ukraina klublaridan ham reytingdan yuqoriroqda bo‘lgandik. Aynan o‘sha muvaffaqiyatdan keyin 2011 yili qo‘lga kiritilgan OFK Kubogi esa yangi tarix yaratilishiga zamin bo‘lgandi. O‘zbekiston jamoasi ilk bor OFK Kubogini qo‘lga kiritib tarixdan joy oldi. Buni hech qachon unutib bo‘lmaydi. Bundan tashqari, klub O‘zbekiston chempionatida ham hamisha sovrinli o‘rinlar uchun kurashadigan bo‘ldi. Osiyo Chempionlar ligasida ham guruh bosqichlarida muntazam qatnasha boshladi. Bu albatta mehnatlarimizning samarasi edi. Albatta, bugungi kunga kelib mana shunday katta muvaffiqiyatlarga erishgan “Nasaf”ni bunday ahvolda ko‘rish juda alam qiladi. “Paxtakor”, “Bunyodkor”, “Lokomotiv” singari favoritlarga asosan “Nasaf”gina munosib qarshilik ko‘rsatib kelayotgandi. Ammo bu yilgi mavsumda hammasi achinarli tus oldi. Jamoaning kuchli oltilikka kira olmasdan 9-o‘rinda ekanligini ko‘rish menga og‘ir. Hozirgi paytda tarkibning 95 foizi klub akademiyasi tarbiyalanuvchilari tashkil qiladi. Lekin bunday sharoitda ishlash Ro‘ziqul Berdievga ham qiyin bo‘lyapti. Shunga qaramay, u mahalliy yoshlar bilan bo‘lsa ham jamoani “ushlab” turishga harakat qilyapti. Lekin men jamoaning bunday vaziyatga tushib qolishini vaqtinchalik holat deb hisoblayman. Umid qilamanki, “Nasaf” yana o‘z mavqeiga qaytadi. Faqat buning uchun biroz vaqt kerakka o‘xshayapti.
Klubdan nima uchun ketdi?
- Klubdan ketishimning sababiga kelsak, hammasi kutilmaganda sodir bo‘ldi, - deydi suhbatdoshimiz, - Avvaliga klub bosh menejeri Shamil Yarulinning ketganini eshitib bundan ajablanib qoldim. Men Toshkentda ekanligimda Sergey Kucherenko rahbariyat tomonidan Yarulinning o‘rniga tasdiqlangan ekan. Keyin u bilan ko‘rishganimda ishdan bo‘shash uchun ariza yozishimni so‘radi. Ana shunda men ikkinchi bor ajablandim. Chunki bu men uchun kutilmagan vaziyat edi va bunga hali tayyor emasdim. Mayli, bu hayot. Lekin nima uchun ketganimning sababini tushunmadim. Bilsangiz, Sergey Kucherenko bungacha akademiya direktori sifatida ishlardi. Men esa klub sport direktori edim. Nazarimda, bungacha o‘zaro ish jarayonida u mendan xafa bo‘lib qolgan. Lekin aynan qaysi sabab va nima uchunligini bilmayman. Vaholanki, qo‘limdan kelganicha akademiyaga ham yordam ko‘rsatib kelardim. Xalqaro miqyosidagi turnirlarga chiqishida amaliy tarzda yordamlashardik. Masalan, 2009 yili “Mash’al”da ham sport direktori bo‘lib ishlagandim. O‘shanda Bahrom Davlatov menejer edi. Klub akademiyasi esa juda yaxshi holatda edi. U erda iqtidorli bolalar ko‘p edi. Men ishimning ko‘p qismini ushbu akademiyaga ham qaratgandim. O‘shanda Bahrom Bayjonovichga bunday iqtidorli yoshlar albatta xalqaro musobaqalarda qatnashishi kerakligini aytgandim. Chunki biznikilar asosan Qarshi va Toshkentdagi turnirlarga borardi xolos. Shundan so‘ng biz Qozog‘istonga, Chimkent va Jambulga borib xalqaro musobaqada ishtirok etdik. Keyin Rossiyaga bordik va shu tarzda yoshlarimiz uchun chetga yo‘l ochildi. Demoqchimanki, “Nasaf” akademiyasidagi tarbiyalanuvchilarni ham chetga, tajriba oshirish uchun xalqaro musobaqalarga yuborishni yo‘lga qo‘ya oldik. Nima bo‘lganda ham “Nasaf”ga befarq emasman va jamoaga faqat omad tilayman.
Bosib o‘tgan yo‘li
- 2001 yili “Nasaf”ga Bahrom Hakimov bosh murabbiy etib tayinlanganida meni ham ishga chaqirgandi va shu bilan ushbu klubdagi hayotim boshlangan, - deya gapni davom ettirdi Ni, - Keyin 2003 yili Qo‘qonga keldim u erda Rustam Abdullaev bilan birga ishladim, keyinchalik o‘zim bosh murabbiylikka o‘tdim. 2004 yilda esa hech qaerda ishlamadim, asosan dam oldim. 2005 yili Bahrom Hakimov Samarqandda “Dinamo” klubida ish boshlaganidan keyin men va Zohid Nurmatovni taklif qildi va u erda ishga kirishdik. So‘ng Hakimov yana “Nasaf”ga qaytib bordi va men bilan Zohidni ham yana yordamchi murabbiy sifatida olib ketdi. Keyinchalik Bahrom aka jamoadan ketdi, ammo men qoldi. So‘ng Viktor Borisov bilan birga ishladik. Shuningdek, Edgar Gess va Usmon Toshev ham ishlashdi. Orada o‘zim ham “Nasaf”ga vaqtinchalik bosh murabbiylik qildim. Vladimir Fomichyov kelgach, u bilan birga faoliyat olib bordim. Darvoqe, orada viloyat hokimi rahmatli Nuriddin Zayniev meni birinchi ligada yangi tashkil etilgan “Dinamo-01” jamoasida ishlab yordam berishimni aytdi va o‘sha erda ham mehnat qildim. 2009 yilda esa Bahrom Davlatov meni “Mash’al”ga taklif etdi. Yuqorida aytganimdek, u erda sport direktori lavozimida ishladim. Aynan shu yildan boshlab men murabbiylik sohasida emas, balki endi boshqa lavozimda ishga kirishdim. So‘ng Bahrom Bayjanovich “Nasaf”ga o‘tgach, meni ham u erga chaqirdi. Ukrainalik Anatoliy Demyanenko bilan birga ishladik va aytishim kerakki, ancha samarali ishlagandik. 2012 yili Shamil Yarulin klub menejeri etib tayinlanganidan keyin meni sport direktori lavozimiga tayinladi. Faqat shu yili yanvar oyida texnik direktori sifatida ishlay boshladim. Chunki OFKning talabiga ko‘ra jamoadan shunday lavozim joriy etilgan bo‘lishi lozim edi.
Shuhratbek JO‘RAEV suhbatlashdi.



Fikrlar