Vladimir Klichko professional faoliyatini yakunlaganligini e’lon qildi
Super og‘ir vaznda sobiq jahon chempioni Vladimir Klichko o‘zining professional faoliyatini yakunlaganini e’lon qildi.
“Men o‘ylagan barcha narsamga erishdim va men endi o‘zimning sportdan keyingi ikkinchi kareramni boshlamoqchiman. Men o‘zimning boksdagi faoliyatim bu qadar uzoq davom etishini va bu qadar omadli kechishi haqida o‘ylab ham ko‘rmagan edim”, - deydi Klichko.
Ma’lumot uchun, 41 yoshli ukrainalik bokschi professional faoliyati davomida jami 69ta jang o‘tkazgan va shularning 64tasida (53tasi nokaut) g‘alaba qozongan. Qolgan 5ta jangda esa mag‘lubiyatga uchragan.
U shuningdek 1996 yilgi yozgi Olimpiada o‘yinlari g‘olibi, WBO (2000-2003, 2008-2015), IBF (2006-2015), WBA (2011-2015) yo‘nalishlarida jahon chempioni hisoblanadi.
Eslatib o‘tamiz, Klichko so‘nggi bor joriy yilning 29 aprel kuni Londondagi “Uembli” stadionida Entoni Joshuaga qarshi ringga ko‘tarilgan va jangning 11-raundida texnik nokautga uchragan edi. Shartnomaga ko‘ra esa shu yilning 11 noyabr kuni Las-Vegasda revansh janggi bo‘lib o‘tishi kerak edi. Biroq, endi ushbu bahs o‘tkazilmaydigan bo‘ldi.

Fikrlar