Yovetich yana APLga qaytishi mumkin
Milanning “Inter” klubi hujumchisi Stevan Yovetich hamon o‘z kelajagi bo‘yicha aniq qaror qabul qilganicha yo‘q. Gazzetta dello Sport nashri tarqatgan xabarga ko‘ra APL vakili hisoblangan “Brayton” klubi Chernogoriya terma jamoasi sardoriga jiddiy qiziqish bildirmoqda va unga asosiy tarkibdan joy va’da qilmoqda.
Ta’kidlash lozimki, Yovetich hamon Milan shahri jamoasi bilan kelisha olmayapti. Ustiga-ustak “neradzurrilar”ning yangi bosh murabbiyi Luchano Spalletti 27 yoshli futbolchini yangi mavsumda o‘z rejalariga kiritmagan.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan mavsumni Ispaniyaning “Sevilya” klubida ijara asosida o‘tkazgan Yovetich La Liganing jami 21ta bahsida maydonga tushib, o‘z hisobiga 6ta gol hamda 4ta golli uzatma yozdirib qo‘yishga erishgan.
Ma’lumot uchun, chernogoriyalik futbolchi faoliyati davomida ikki mavsum Angliyaning “Manchester Siti” klubida to‘p surgan.

Fikrlar