
Yozgi biatlon bo‘yicha O‘zbekiston birinchiligi yakunlandi
Chirchiq shahridagi Jaloliddin Manguberdi nomli sport majmuasida yozgi biatlon bo‘yicha O‘zbekiston birinchiligi yakunlandi.
Musobaqalarda 100 ga yaqin sportchilar g‘oliblik uchun kurash olib borishdi. Chidamlilik, chaqqonlik, jismoniy etuklilik bilan birga sportchidan yurak urishi va nafas olish tempini bir maromga keltirgan holda merganlik salohiyatini namoyish etish talab etiladigan musobaqada dastlab o‘g‘il bolalar sprint bosqichi etakchiligi uchun startga chiqishdi.
4000 metr masofada o‘tgan sprint bahslarida farg‘onalik Muzaffar Mamasoliev finishga 15 daqiqa 35 soniyada etib keldi. Asosiy raqobatchilari bo‘lgan surxondaryolik Vitaliy Slastyon, samarqandlik Bunyod Muxiddinovlar ham kuchli uchlikka kirishdi.
Qizlar o‘rtasida 3000 metr masofada o‘tgan sprintda esa finishga samarqandlik Madina Sagatova hamda Sevara Chorievalar, ularning ortidan uchinchi bo‘lib poytaxt viloyati vakilasi Zuhra Halimova etib keldi.
Ikkinchi kun ta’qib poygalari murosasiz kurinish oldi. O‘g‘il bolalar o‘rtasida 6000 metr masofada o‘tgan poygada yana kuchli uchlikka Muzaffar Mamasoliev, Vitaliy Slastyon, Bunyod Muxiddinovlar kirishdi.
Qizlar o‘rtasida 5000 metr masofada o‘tgan poygalarda Madina Sagatova ta’qibchilarini etib olishiga yo‘l qo‘ymadi. Ikkinchi o‘ringa Zuhra Halimova ko‘tarilib farg‘onalik Irodaxon Olimova uchinchi bo‘ldi.
O‘zbekiston chempionati yakunlariga ko‘ra, Samarqand viloyati vakillari umumjamoa hisobida birinchi, Toshkent viloyati vakillari ikkinchi, Farg‘onalik sportchilar esa uchinchi o‘rinni egallashdi.
Fikrlar