
Afrikalik “onaxonlar” futbolni zabt etishdi! Bu juda zo‘r va ta’sirli!
Ular haqida kino ham suratga olindi. Biz bugun so‘zlab bermoqchi bo‘lgan hikoyamiz qahramonlari haqidagi hujjatli film 2015 yilda Nyu-York shahridagi kino festivalida ekran yuzini ko‘rdi. 20 daqiqa davom etgan film o‘sha kuni barcha sovrinlarni qo‘lga kiritdi. 54-80 yoshdagi “buvijon"larning asos solgan “Vehegula-Vehegula” klubi haqidagi shov-shuv hali-hamon tingani yo‘q. Gap nima haqida boryapti deysizmi? Hozir, SPORTS.uz barchasiga batafsil (kichik hajmdagi tekst bilan) izoh beradi.
Komadan BMT bilan o‘yingacha!
2003 yil. Afrika qit’asidagi xayriya ishlari bilan mashhur bo‘lgan Rebeke Nsanvisi juda og‘ir xastalikka chalinadi. Shunga qaramay, u tushkunlikka tushgani yo‘q. Aksincha, yoshi 50 dan oshib ketgan ayollardan tashkil topgan jamoaga asos soldi. Bu bilan chegaralanib qolganida, hozir u haqda so‘z yuritmagan bo‘lardik. Janubiy Afrikalik futbol muhlisasi nafaqat o‘z jamoasi, balki “buvilar” o‘rtasida ommaviy futbolni rivojlantirishga qaror qiladi. Avvaliga loyiha mo‘jazgina Limpopo shaharchasida ommalashdi. Haftasiga bir yo ikki marotaba o‘tkazilgan futbol uchrashuvlarini tomosha qilganlar bu harakat butun dunyoni tez orada zabt etishiga ishonmagani aniq.
Kutilmaganda, g‘oya “yuqumli” bo‘lib chiqdi. Ko‘p o‘tmay, qo‘shni respublikalarda ham shunday jamoalar paydo bo‘lishni boshladi. Tez orada ilk xalqaro darajadagi o‘rtoqlik o‘yini tashkil etildi. “Qora qit’a"da futbolning eng kam yoritiladigan qatlami rivojlanayotganini ko‘rgan BMT g‘oyani ilgari surishga moddiy va ma’naviy yordam berdi.
2016 yilga kelib “Vahegula-Vahegula” klublari soni 13 taga etdi. Endilikda, Rebeke asos solgan jamoa bilan mashg‘ulot o‘tkazish maqsadida qo‘shni shaharlardan "buvijon"lar kelishni boshladi. Omma e’tibori qaratilgach, harakatning ko‘lami ortib ketdi.
“Hozir shifoxonalarga borsak, sog‘lig‘imiz ancha yaxshilanganini sezamiz. Endi sog‘lom turmush tarziga rioya qilib, oilamiz bilan baxtli hayot kechirishga harakat qilyapmiz. Bizni faqat o‘zimiz tengqurlar bilan to‘p tepadi deb o‘ylamang. Ba’zida, erkaklar jamoalariga qarshi ham o‘ynab turamiz. To‘g‘ri, aksariyat “match”larda yirik hisobda engilamiz, biroq bunda emotsiya ko‘proq!”-deydi “Vehegula-Vehegula” klubi murabbiyi 68 yoshli Anna Kgoflo.
Futboldan tashqarida ham hayot qaynaydi. Qahramonlarimiz bu ritmdan tushib qolmaslikka urinadi. Ulardan biri bozorda meva sotsa, boshqasi dehqonchilik bilan band. Yana kimlardir nabiralar tarbiyasi bilan shug‘ullanadi. Haftada ikki marotaba mashg‘ulot va bitta o‘yin. Bu ko‘p vaqtni olmaydi. Ularning aytishicha, futbol inson hayotini yaxshilab, muammolarni unutishga yordam berar ekan.
Filmda aks etgan voqealar haqida bilib oldingiz. Eng qizig‘i, keyin boshlandi…
Dunyoni kezgan futbolchi “buvilar” avvaliga AQSh, keyin Yaponiya va Rossiyada o‘rtoqlik o‘yinlarida maydonga chiqishdi. Eng qizig‘i, Frantsiya safari chog‘ida boshlandi. Janubiy Afrikalik ayollar jamoasi a’zolari Parijga g‘alaba uchun kelganini yashirib o‘tirmadi. Rossiya va AQShdan farqli o‘laroq, bu bahs atrofida anchagina shov-shuv ko‘tarildi. O‘yindan oldin “qora qit’a"dan kelgan 56 yoshli futbolchi ayolning so‘zlariga quloq soling. Uni tinglab, ichingizdan nimadir uzilib ketishi aniq:
“Biz frantsuz ayollarini yutgani keldik. Buni ishonch bilan ayta olaman. Futboldan tashqari shirin taomlardan lazzatlanishim mumkin. To‘g‘risi, mana shunday o‘yinlar sababli yaxshi joyda qoshiq-sanchqi ishlatib ovqatlanish, toza va yumshoq o‘rinda uxlash imkoniyatimiz bor. Hozir 76 yoshdaman. Futbol meni hayotga qaytardi. Fuqarolar urushini bir necha bor boshdan kechirgan inson sifatida aytaman, hech qachon bunday baxtli bo‘lmaganman. Sog‘lom turmush tarziga rioya qilganim tufayli hozir dorilarga muhtojligim yo‘q.”,-deydi Anna Buma “Cowetanlive” nashri uchun bergan intervyusida.
Afsuski, 2019 yilda butun dunyoni qamrab olgan COVID-19 barcha rejalarni barbod qildi. Insonlar afrikalik “buvilar”ni unutishni boshladi, ammo yuqorida yodga olgan hujjatli film bunga imkon bergani yo‘q. Oradan yillar o‘tsa-da, kino insonlar qalbidan o‘rin egallab bormoqda. Hozir, “Vehegula-Vehegula” klubi haqida deyarli butun er sharida bilishadi. Hech narsadan umid qilmay, shunchaki juda og‘ir sharoitdagi insonlar hayotiga nur olib kirish maqsadida qilingan ish butun dunyoni qamrab olishi kimning hayoliga kelibdi deysiz?! Hozir ijtimoiy tarmoqlarda zamon qahramonlari haqida bahs borsa, deyarli barcha janubiy afrikaning eng chekkasidagi bir shaharchada turib butun dunyodagi tengqurlarini yashil maydonga chiqishga unday olgan ayollarni yodga olishi aniq.
Ya . U
Fikrlar