
Afsonaviy “Milan”: zafarlar, inqiroz, muammo va echimlar
“Biz “iblislar” jamoasini tashkil qilamiz. Formamiz olov kabi qizil va raqiblarimizni dahshatga solish uchun qora ranglardan tashkil topadi”. Bu gaplar 1899 yilning 16 dekabrida “Milan” klubi asoschisi Gerbert Kilpin tomonidan aytilgan edi. Darhaqiqat, yillar davomida “rossonerilar” “ko‘hna qit’a” favoritlari safida e’tirof etilardi. Biroq klubdagi muammolar uni sovrinlar uchun kurashdan chetga chiqarib, evrokubok yo‘llanmalari uchungina kurasha oladigan jamoa darajasigacha tushib ketishiga sabab bo‘ldi.Butun Evropani zir titratgan “Milan”ga nima bo‘ldi? Asl muammo nimada? Bugun ushbu buyuk klubning XXI asrda bosib o‘tgan yo‘li haqida so‘z yuritamiz...
Zafarlar
XXI asr boshlarida jamoani qabul qilib olgan Karlo Anchelotti 8 mavsum davomida “qizil-qoralar” bilan katta muvaffaqiyatlar qozondi: 2 bor Chempionlar ligasi, shuncha UEFA superkubogi, 1 martadan Skudetto, mamlakat kubogi va superkubogini boshi uzra baland ko‘tardi. Undan tashqari, hujumkor o‘yin uslubi orqali doimo grand klublar bilan tengma-teng kurash olib bordi. Albatta, ulkan muvaffaqiyatlar debochasi sifatida “Old Trafford”da bo‘lib o‘tgan 2002/2003 yilgi mavsum Chempionlar ligasi finalini eslab o‘tish joiz. O‘ta asabiy ruhda o‘tgan ushbu finalda Anchelotti o‘z raqobatchisi Marchelo Lippiga qaraganda shogirdlariga ko‘proq motivatsiya bera olgan edi. Aks holda, “Milan” futbolchilari penaltilar seriyasida ketma-ket ikki bor adashsa-da, yakunda “Orzular teatri”dan “shalpangquloq” bilan qayta olmas edi. Murabbiy effekti “Yuventus”ga qarshi bahsda katta sahnaga chiqdi. Va taqdirning hazilini qarangki,oradan 2 yil o‘tib, huddi shu jihat italiyalik mutaxassis va uning shogirdlariga pand berdi. “Liverpul” bilan Istanbulda kechgan o‘yin o‘shanda milanliklarga muxlislik qilgan barcha uchun qo‘rqinchli tushdek eslanadi. Final uchrashuvining 1-bo‘limidayoq 3 ta gol urib, yirik hisobda oldinga o‘tib olgan “rossonerilar” bilan ikkinchi qirq besh daqiqalikda mutlaqo boshqa jamoa o‘ynayotgandek edi, go‘yo. Tanaffusdan keyin, dastlabki 15 daqiqadayoq 3 ta to‘p qabul qilib olgan Maldini boshliq milanliklar o‘zlariga kela olmadi va futbol lotereyasida kubokni mersisaydliklarga boy berdi. Kimsan Pirlo va Shevchenko hal qiluvchi zarba yo‘llashda xatoga yo‘l qo‘ygan finalda jamoadan natija kutish biroz mushkuldek edi. Bu kabi mag‘lubiyatga qaramay, aynan Anchelotti murabbiylik qilgan davr “rossonerilar” tarixida eng shonli yillar sifatida eslanadi. Va shu sababli ham italiyalik mutaxassisning jamoani tark etishi “Milan” klubiga qimmatga tushdi.
“Karlo ota” jamoani ketma-ket 8 yil boshqargan bo‘lsa, undan keyin shuncha muddat ichida rahbariyat yana 8 nafar mutaxassisni almashtirdi. 1 mavsum avval butun Evropani zir titratgan, Chempionlar ligasi finali ostonasida Ser Aleks Fergyuson shogirdlarini dog‘da qoldirib, hal qiluvchi bahsda “Liverpul” klubidan Istanbuldagi dahshatli kambek alamini olgan “rossonerilar” ham, ularning muxlislari ham kelayotgan mavsumlarda qanday natijalar kutib turganini xayollariga keltirmagan bo‘lsalar kerak...
Inqiroz
Afsonaviy “Milan” klubi so‘nggi bor Evropa Chempionlar ligasida bundan roppa-rosa 6 mavsum ilgari ishtirok etgan. Shunda ham nimchorak finalda o‘z yurishlarini to‘xtatgan. O‘zining shonli tarixi davomida ushbu turnirda 7 bor g‘olib bo‘lgan mazkur klub, afsuski, bugungi kunda Evropa ligasi uchun kurashmoqda. Italiya A Seriyasida ham ishlar u qadar yaxshi emas. Aslida, yomon deyish ham mumkin, ammo so‘nggi turlarda Pioli shogirdlari biroz o‘zlariga kelgandek tuyulmoqda va bu holat jamoa asta-sekin o‘z darajasiga qaytayotgandek taassurot qoldirmoqda. Shunga qaramay, “rossonerilar” turnir jalvalida tarixan o‘zlariga mutlaqo mos bo‘lmagan, biroq so‘nggi yillarda ancha ko‘nikib qolgan 7-pog‘onada ketmoqdalar. Boz ustiga, milanliklar Skudettoni 2010/2011 yilgi mavsumdan beri qo‘lga kirita olmayapti. Nafaqat Italiya, balki butun dunyoda millionlab muxlislariga ega bo‘lgan ushbu jamoa uchun bunday natijalar ogohlik qo‘ng‘irog‘i vazifasini o‘tashi kerak. Axir 8 mavsumdan beri bir klubning shohsupadan tushmayotganligi ham chempionat nufuziga, ham muxlislar qiziqishiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi turgan gap.
Bundan tashqari, bugungi “Milan” na dunyoga mashhur yulduzlarni jamoaga jalb qilmoqda, na shunday iste’dodlarni kashf etmoqda. To‘g‘ri, jamoada bir qancha yosh futbolchilar to‘p surmoqda. Biroq futbol olamiga Paolo Maldini, Franko Barezi, Pirlo, Kaka kabi o‘nlab mashhurlarni tanitgan va eksport qilgan klubdan ko‘proq narsa kutilishi tabiiy.
Muammolar
Aslida, bu pasayishga sabab rahbariyatning g‘alati va tushunarsiz qarorlari, deyish mumkin. Ya’ni, futboldan ko‘ra ko‘proq siyosat borasida aqlli yurishlar qilgan Silvio Berluskoni afsonaviy klubni jar yoqasigacha olib keldi. Jamoadan maksimal foyda ko‘rishni maqsad qilgan milliarder umidli futbolchilarni katta narxlarga pullaydi va ularning o‘rnini bosa oladigan transferlarni amalga oshirmaydi. Buni ustiga, jamoadagi futbolchilarning yoshi o‘tayotganligi tufayli o‘yinlarida pasayish kuzatilayotganligini o‘z vaqtida his qilmagan klub mutasaddilari haligacha afsus chekayotgan bo‘lsa ajab emas.
“Qizil-qoralar” so‘nggi bor Evropada tengsiz ekanligini amalda isbotlagan mavsumdan keyin tarkibida keskin o‘zgarishlar yuz berdi. Milanliklar safini birin-ketin Ronaldo, Jilardino, Kaka, Dida, Tiago Silva, Pirlo, Nesta kabi afsonalar tark etdi, Maldini, Kafu, Serjino singari daholar esa o‘z faoliyatini yakunladi. Tarkib jihatidan oqsashni boshlagan “rossonerilar” o‘z safiga Emerson, Pato, Abyatti, Matri, Abate kabi yosh va iste’dodli futbolchilar bilan bir qatorda Zambrotta, Ronaldino, Bekxemdek yulduzlarni qo‘shib oldi. Keyinchalik ham bir qator ko‘zga ko‘rinarli ishlar qilindi. Biroq deyarli har mavsum murabbiy almashgandan so‘ng aksariyat futbolchilarning ham hafsalasi pir bo‘ldi, o‘z darajasini yo‘qotdi.
Yuqoridagi muammolar tabiiyki, klubning moliyaviy mavqe’ini ham pastlashiga olib keldi. Dunyoga mashhur Forbes nashri ma’lumotlariga qaraganda, 2011 yili “Milan”ning asosiy tarkibi 838 mln dollarni tashkil qilgan. Bu raqamlar yildan yilga pastlashda davom etgan va 2019 yilga kelib, 583 mln dollargacha tushgan. Aksariyat raqam va faktlar ushbu jamoani o‘rtamiyona klublar safiga tobora chuqurroq sho‘ng‘iyotganligini ko‘rsatmoqda.
Echimlar
7 karra Chempionlar ligasi g‘olibi, 18 marta Skudettoni qo‘lga kiritgan “rossonerilar” har ikkala natija borasida 2-o‘rinda turadi. Bundan tashqari, ular turli yillarda Italiya kubogini 5 va supurkubogini 7 bor boshlari uzra baland ko‘tarishgan. Afsuski, klubning bugungi umumiy holati yaxshi emas. Lekin jamoa avvalgi, o‘zi loyiq bo‘lgan darajaga qaytishi uchun imkoniyat mavjud va aytish mumkin-ki, muxlislar, bosh murabbiy va futbolchilar ko‘zida umid uchqunlari ko‘rinmoqda. Endi bu vaziyatda rahbariyatning ham mas’uliyati yuqori. Chunki muntazam o‘sishga erishayotgan murabbiy Stefano Pioliga yana 1 mavsum imkoniyat berish lozim, nazarimizda. Sababi aynan u aksariyat futbolchilar bilan til topishishga erishmoqda va eng muhimi, unga qo‘l ostidagilar hamda muxlislarning mehri tobora tushib bormoqda.
Yana bir jihat “qizil-qoralar” uchun o‘ta muhim va dolzarb hisoblanadi: tarkibdagi umidli va yosh o‘yinchilarni sotib yubormaslik. Bugungi kunda “Milan” tarkibida Donnarumma, Teo Ernandes, Bennaser, Frank Kessi, Lukas Paketa, Xakan Chalhano‘glu, Ante Rebich, Leao kabi umidli futbolchilar harakat qilmoqda va ayni paytda ularning jamoada qolishi muhim. Qo‘shimchasiga, Xames, Luka Yovich, Erik Lamela, Koutino kabi hozirgi klubida kam o‘yin amaliyotiga ega bo‘layotgan futbolchilar sotib olinsa, nur ustiga a’lo nur bo‘lar edi. Bunday futbolchilarga yangi muhitda motivatsiya topib berish ancha oson kechadi.
“Milan” klubining yana o‘zi loyiq bo‘lgan chempionlik shohsupalariga qaytishi har bir futbol ihlosmandini xursand qilishi shubhasiz. Hujumkor, chiroyli futbol ko‘rsatadigan, himoyada tartibli o‘ynaydigan “rossonerilar”ni barcha yoqtiradi va umid qilamizki, ularning “kambeki” uzoq kuttirmaydi.
Javohir Azimov tayyorladi
SPORTS.uz talqini bo‘yicha top-5 chempionatlar ramziy terma jamoasi
Messi yuqoriladi, Fernandesh “top-10”da: “Oltin to‘p”ga da’vogarlarning yangilangan reytingi
Fikrlar