AGMK va "Nasaf" uchrashuvida hakamlar qanday ishladi? O‘FA hakamlar qo‘mitasi raisi izoh berdi

  • 26 noyabr, 2021, 14:00
  • Yahyoxo’ja Ulug’xo’jayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Xabaringiz bor, O‘FA tomonidan Superliga hamda O‘zbekiston kubogi uchrashuvlaridagi e’tiborli vaziyatlar mutaxassislar tomonidan tahlil etilib, xulosalar ommaga taqdim qilib kelinmoqda.
O‘zbekiston kubogi yarim final o‘yinlari qizg‘in bahslarga boy bo‘ldi. Uchrashuvlardagi hakamlik bilan bog‘liq e’tiborli vaziyatlarini hakamlar qo‘mitasi mutaxassislari tahlil qilib berdi.

Tecno

AGMK - "Nasaf"

OFA hakamlar qo‘mitasi raisi Bobur Haydarov:

- Xabaringiz bor, O‘zbekiston kubogi doirasidagi ikkita yarim final bahsi bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvlar qiziqarli voqealarga boy kechdi. Keling, hakamlar qabul qilgan qarorlarni ko‘rib chiqamiz.
Birinchi navbatda, Marko Stanoevich olgan qizil kartochkaga e’tibor qaratamiz. Bu erda, jiddiy qo‘pollik ekanligini ko‘rinib turibdi. Bir oyoqda raqib oyog‘iga zarba berish orqali unga og‘ir jarohat etkazish xavfi bor edi. Shu bois, hakam VARdan foydalandi. Yakunda, qizil kartochka ko‘rsatib, yuz foiz to‘g‘ri qaror qabul qildi.

Bellashuvdagi yana bir muhim voqea sifatida AGMKning hisobga olinmagan ikkinchi golini alohida e’tirof etish lozim. AGMKning uch futbolchisi zarba yo‘llayotgan paytda, ofsayd holatida edi. Ulardan faqat bittasi zarbadan so‘ng, o‘girildi. Shu bois, u "Nasaf" darvozaboniga zarba yo‘llangan soniyada vizual ko‘rish imkoniyatini taqdim etmadi. Bu futbol qoidalariga zid. Bu o‘yinga qo‘shilish, degani. Ofsaydda turgan futbolchi, o‘yin jarayoniga qo‘shildimi, demak kiritilgan gol inobatga olinmasligi kerak. Shu bois, bu vaziyatda hakamlar golni inobatga olmay, to‘g‘ri qaror qabul qilgan.

Endi, o‘yinda burilish yasagan vaziyatga e’tibor qaratamiz. Bu erda hakam o‘zi uchun o‘zi muammo yaratdi. Vaholanki, u vaziyatga juda yaqin turgandi. U penalti belgilashi mumkin edi, biroq 100 foiz ishonch bilan qaror qabul qilishni uddalay olmadi. Natijada, Olmaliq klubi hujumga o‘tdi va gol kiritdi. Bu gol 100 foiz toza. Hech qanday muammo yo‘q, biroq VAR protokoli bo‘yicha epizod yakunlangach, hakam bundan avvalgi voqeani ko‘rib chiqishi shart. Bu erda ko‘rib turganingizdek, darvozabon to‘pga ulgurmadi, "Nasaf" futbolchisi to‘pni undan olib o‘tdi, olmaliqliklar posboni qo‘li bilan raqib futbolchiga tegdi va natijada penalti! Hakam bu penaltini keyinroq, VAR yordamida aniqlashga muvaffaq bo‘ldi, - dedi Bobur Haydarov.

"Paxtakor" - "Bunyodkor"

Hakamlar bo‘limi mutaxassisi, instruktor - Baxtiyor Tog‘aev:

- Toshkent derbisida yuzaga kelgan bahsli vaziyatlarga to‘xtalib o‘tamiz. Birinchi epizod o‘yinning 6-daqiqasida sodir bo‘ldi. "Paxtakor" futbolchisi qanotdan tashlab bergan to‘p, "Bunyodkor" vakilining boshiga tegdi. Bosh hakam burchak zarbasi amalga oshirilishini ko‘rsatdi. Qanot hakami esa, xato qilgan holda to‘p qo‘lga tekkanligini bosh hakamga ishora qildi. Maydondagi hakamlar o‘rtasida ikki hil fikr paydo bo‘lsa, protokolga binoan VARga murojaat etish kerak. Bosh hakam vaziyatni ko‘rib chiqqach, burchak zarbasiga ishora qildi.

Ikkinchi epizodda maydon markazida to‘p uchun kurashda kontakt sodir bo‘ldi. "Paxtakor" futbolchisi butsasining tag qismi bilan raqibining tizzasidan pastrog‘iga zarba yo‘lladi. Bu juda og‘ir jarohatga olib kelishi mumkin edi. Yana VAR ishga tushdi va bosh hakam Dragan Cheranga qizil kartochka ko‘rsatdi.
E’tiborimizni tortgan 3-vaziyatni ko‘rib chiqamiz. Ekstra taymlarning ikkinchisida "Paxtakor"ning 23-raqamli futbolchisi (Sherzod A’zamov) katta tezlikda to‘p uchun tashlandi.

U o‘ng oyog‘i bilan raqibga kuchli zarba berdi. Boz ustiga, zarba butsaning tag qismi bilan yo‘llandi. Bunday to‘qnashuvlardan so‘ng, ayrim futbolchilar bir necha oylab safdan chiqishi mumkin. O‘yinni boshqargan hakam avvaliga sariq kartochka ko‘rsatdi, ammo VARdagi lavhalarni ko‘rgach, u sariq kartochkani qizilga almashtirdi.

Bizning fikrimizcha, VAR bilan bog‘liq barcha epizodlarda hakamlar to‘g‘ri qaror qabul qilgan. Barchaga, e’tibor uchun rahmat, - dedi Baxtiyor Tog‘aev.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!