
AGMKning "Al-Garafa" ustidan g‘alaba qozonishiga ishonadimi? Nega doim 88-raqamda o‘ynaydi? Yoxud standartlar ustasi - Marko Stanoevich "Nasaf"da baxtlimi?
“Nasaf” klubi nihoyat 4-turda ilk g‘alabasini qo‘lga kiritdi. “Turon” darvozasiga javobsiz to‘rtta gol urishdi.
Qarshiliklarning serbiyalik legioneri Marko Stanoevichning jarima zarbasidan kiritgan goli juda chiroyli chiqdi va u eng yaxshi o‘yinchilaridan biriga aylandi.
O‘sha uchrashuvdan keyin Stanoevich sports.uz sayti uchun intervyu berdi.
- Marko, sizning “Turon” darvozasiga standartdan kiritgan golingiz juda chiroyli chiqdi. Zarba berishdan avval, aniq mo‘ljalni oldingizmi yoki tavakkalchilik bilanmi?
- Jarima to‘pini o‘z odatimga ko‘ra, burama zarba bilan yo‘lladim. Buni qarangki, to‘p to‘ppa-to‘g‘ri darvozaning yuqori burchagiga borib tushdi.
- Nima deb o‘ylaysiz, “Turon” “Nasaf” uchun qulay raqibmi? O‘yin haqida fikringiz?
- Bu mening “Turon”ga qarshi birinchi o‘yinim. Birinchi bo‘limda o‘yinimiz o‘zimiz xohlagan darajada chiqqani yo‘q. Ammo uchrashuvning ikkinchi yarmida maydondagi vaziyatni o‘zgartira oldik. Buning natijasida raqib darvozasiga yana gollar kiritib, hisobni yirik ko‘rinishga keltira oldik.
- “Nasaf” dastlabki uchta turda yaxshi o‘yin ko‘rsatgan bo‘lsa-da, g‘alaba qozona olmadi. Buning sababi nima bilan bog‘liq edi?
- Dastlabki uchta o‘yinda “Paxtakor”, AGMK va “Navbahor”ga qarshi bellashuvlarda iloji boricha g‘alaba qozonishimiz kerak edi. Ammo baxtga qarshi ish bu darajada yakunlangani yo‘q. Buning uchun o‘zimiz aybdormiz. O‘sha bahslarda chiroyli o‘yin namoyish etdik. Biroq natijalar kutilganidek bo‘lmadi. Lekin “Turon” bilan to‘qnashuvda ishga yanada jiddiy yondashdik va buning samarasi o‘laroq, natija ham kutilgan darajada chiqdi.
- Siz mashg‘ulotlar chog‘ida ham standartlar ustida alohida ishlaysizmi?
- Standart vaziyatlar doimo xavfli chiqishi uchun buning ustida alohida ishlaymiz. Shuning hisobiga raqiblarimizga muammolar tug‘dirishga muvaffaq bo‘lyapmiz.
- “Nasaf”ning xalqaro maydonda ishtirok etishi bevosita AGMKning “Al-Garafa” ustidan g‘alaba qozonishiga bog‘liq. Olmaliqliklarning Qatardan g‘alaba bilan qaytishiga qanchalik ishonyapsiz?
- AGMKning “Al-Garafa”ga qarshi uchrashuvida g‘alaba qozonishiga ishonaman va ularga omad yor bo‘lishini tilab qolaman.
- “Nasaf”da eng quvnoq va jiddiy futbolchi kim?
- Jamoamizning o‘zagini asosan yosh futbolchilar tashkil etadi. Shunga monand ravishda, ular ancha quvnoq. Lekin klubimiz sardori boshqalardan yoshi kattaligi uchun ancha jiddiy va zimmasidagi mas’uliyatni to‘la his qiladi.
- Nima deb o‘ylaysiz, “Nasaf” o‘tgan yilgi natijasini takrorlashga qodirmi yoki bu qiyin ish, deb hisoblaysizmi?
- Yuqorida aytganimdek, bizda asosan yoshlardan iborat yaxshi jamoa bor. Agar shunga mos shijoat bilan to‘p surar ekanmiz, ishonamanki, yakunda natija ham ko‘ngildagidek chiqadi va biz o‘tgan yilgi natijani takrorlay olishimiz mumkin.
- Nima uchun doim 88-raqam ostida to‘p surasiz?
- 88 – bu mening tavallud topgan yilimdir. Shuning evaziga mana, faoliyatimdagi ettinchi klubdirki, ushbu raqam ostida maydonga tushyapman. Ilk bor, shu raqamda “Sherif”da o‘ynagandim. Avvaliga 8-raqamni olishni istaganman, ammo band bo‘lgani uchun sal boshqacha yo‘l tutishimga to‘g‘ri kelgan. Shuningdek, menga 10-raqamda o‘ynash ham yoqardi. Aksiga olib, “Sherif”da o‘sha ikkala raqam boshqa futbolchilar tomonidan band qilingandi.
- “Nasaf”da o‘zingizni to‘la baxtliman deya olasizmi?
- Albatta, baxtliman. Agar o‘zimni jamoada baxtli hisoblamasam, bu erda qolmagan bo‘lardim.
- Faoliyatingizdagi eng chiroyli golni ayta olasizmi?
- O‘zim o‘ynagan klublarda doim chiroyli gollar kiritib kelaman (kuladi). Bu ishni “Nasaf”da ham davom ettirib kelayotganimdan xursandman.
Fikrlar