Akmal Mozgovoy: Legioner bo‘lishimga asosiy to‘siq bu - "Nasaf"

  • 25 avgust, 2024, 15:00
  • Oybek Yo’ldoshev
  • 0
  • Futbol
TIGGO 2 PRO

"Nasaf" jamoasi joriy mavsum Superligada chempion bo‘lish uchun asosiy da’vogarlardan biri sanaladi. Ayni damda "ajdarlar" 38 ochko to‘plagan holda turnir jadvalida yakka peshqadam bo‘lib turibdi. Klubning bunday yuqori natijalarni qayd etishida bosh murabbiy Ro‘ziqul Berdiev bilan bir qatorda tajribali futbolchilarning ham hissasi katta desak mubolag‘a bo‘lmaydi. 

 

Sports.uz sayti jamoaning ana shunday katta hajmdagi ishini bajaruvchi futbolchisi va maydon markazidagi motoriga aylanib ulgurgan Akmal Mozgovoy bilan kichik intervyu uyushtirdi. 

- Avvalo taklifimizga yo‘q demasdan suhbatga rozi bo‘lganingiz uchun tashakkur. Ilk savolni "Parij-2024" Olimpiya o‘yinlari mavzusida boshlasak. Bosh murabbiy Timur Kapadze musobaqada 3 nafar yoshi katta futbolchilar xizmatidan foydalanishni ta’kidlab, kengaytirilgan tarkibda sizni ham borlingizni aytgandi. Ammo yakuniy tarkibda sizga joy topilmadi va bunga munosabatingiz qanday? Umuman olganda, bu musobaqa sizda qanday taassurot qoldirdi?

- Avvalambor, assalomu alaykum. Parij Olimpiadasi butun O‘zbekiston uchun tarixiy bo‘ldi. Ha, to‘g‘ri aytyapsiz musobaqaga ketishi mumkin bo‘lgan yoshi katta futbolchilar orasida mening ismim ham bor edi. Ushbu holatda o‘zingiz ko‘rganingizdek himoya chizig‘ida muammo bo‘lib qoldi. Alibek Davronov jarohat oldi. Shu sabab, Husniddin Aliqulov Parijga olib ketildi. Agarda Timur aka chaqirganda albatta borardim. Lekin g‘alaba uchun, natija qilish uchun hamma narsaga tayyor turish kerak va har bir futbolchi buni to‘g‘ri tushunishi lozim. Men ham buni odatiy qabul qilganman.

- Olimpiadaga olib ketilgan 3 nafar futbolchi, ya’ni Shomurodov, Aliqulov va O‘runovlar tanlovi qanchalik o‘zini oqladi?

- Olimpiadaga borgan uch nafar futbolchi ham o‘zini oqladi, deya olaman. Har biri nimaga qodirligini hammma yaxshi biladi. Barchasi juda ham tajribali va professional futbolchilar. O‘zlarida bor bo‘lgan maksimum imkoniyatlarini ko‘rsatishga harakat qilishdi. Nafaqat yoshi katta futbolchilar, balki hamma borini berdi hamda ajoyib o‘yin o‘tkazdi. Faqatgina biroz omad etishmadi. Bu - futbol va bunda g‘alaba ham, mag‘lubiyat ham siz bilan yonma-yon bo‘ladi. Ular tarixdagi birinchi Olimpiadada munosib ishtirok etishdi, deb bemalol ayta olaman.

- Sizga har transferlar oynasida bir qancha xorij klublaridan har tomonlama yaxshi takliflar bo‘ladi. Legionerga aylanishingizga kim yoki nima to‘siq bo‘lyapti?

- To‘g‘ri aytasiz, takliflar bo‘lgan va hozir ham bo‘lyapti. Legioner bo‘lishimga to‘siq bo‘layotgan narsa bu- "Nasaf"ning chempionligi. Klubni eng yuqori o‘rinlarga ko‘tarib, keyinchalik bo‘lgusi rejalarni ko‘rib chiqamiz. Hozirgi yagona va oliy maqsadim aytib o‘tganimdek, "Nasaf" bilan O‘zbekiston chempioniga aylanish va shu yigitlar bilan chempionlikni birga nishonlash. 

- "Nasaf" ustozi Ro‘ziqul Berdievni aksar futbolsevarlar klub miqyosidagi murabbiy deb hisoblaydi. Siz bu fikrga qanchalik qo‘shilasiz. Berdievga O‘zbekiston terma jamoasini ishonib topshirilsa, uni nimadir qila olishiga ishonasizmi?

- Ro‘ziqul Berdiev futbolni juda ham sevadi va bor vaqtini to‘liq futbolga ajratadi. Kerak bo‘lsa, yangi taktika va usullarni o‘rganish uchun boshqa davlatlarga borib o‘qib keladi va bizga o‘rgatadi. Ro‘ziqul akani faqat klub miqyosidagi murabbiy, degan fikrlarga unchalik qo‘shilmayman. Agarda Ro‘ziqul Berdievga terma jamoa murabbiyligi topshirilsa, natija ham qila olishiga aniq ishonaman. Katta yutuqlarga erisha olishiga shubham yo‘q. 

- Mana "Nasaf" chempionlik yo‘lida dadil odimlamoqda va Superligani yutish uchun asosiy da’vogar bo‘lib turibdi. Va nihoyat mavsum yakunida jamoangizni chempionlik shohsupasida ko‘ryapsizmi?

- Ta’kidlaganimdek, maqsadimiz - chempion bo‘lish. Bu narsaga erishish uchun esa bor kuchimizni va mahoratimizni ko‘rsatamiz. Xudo xohlasa, chempion bo‘lamiz. O‘tgan mavsumda ham shohsupaga ko‘tarilishimizga oz qolgandi. Bu safar maqsadimizga erishamiz.

- "Nasaf" bu mavsum kubok bahslarida "o‘lim guruhi"ga tushdi va oxirgi o‘rinni egallab, musobaqani erta tark etdi. Superligada chempion bo‘lish uchun kubok qurbon qilindimi?

- Kubokni qo‘rbon qilmadik. Ushbu musobaqada ham harakat qildik. Har bir o‘yindan oldin maydonga yutish uchun chiqamiz. Boya ham aytganimdek, yutish va yutqazish futbolning bir qismi. Kubok o‘yinlarida bizga ozgina omad etishmadi. 

- Ayni damda hech qanday jarohatlarsiz optimal sport formasida bo‘lib turibsiz. Bundan tashqari, jamoangizda ham kam sonli stabil o‘yinchilardan birisiz. Ammo shunday holatda ham terma jamoa eshiklari siz uchun yopiqligicha qolmoqda. Bu vaziyat sizni ranjitmaydimi? Katanetsning e’tiboriga tushish uchun yana nima qilish kerak deb o‘ylaysiz?

- Biz professional futbolchimiz va ishlashdan to‘xtamasligimiz kerak. Katta maqsadni ko‘zlagan har bir futbolchi shunday qilishi kerak. Nasib bo‘lsa, terma jamoaga ham chaqiruv olamiz va bor kuchimizni ko‘rsatamiz. E’tiborga tushish esa, uchun eng yaxshi o‘yinlarimni ko‘rsatib, harakat qilishda davom etamiz

- "JCh-2026 saralashi" hal qiluvchi bosqichiga qur’a tashlandi. Terma jamoamiz kutilganidanda osonroq guruhdan joy oldi. Tarixda ilk bor 48 ta terma jamoa ishtirok etadigan turnirga shu bosqichning o‘zidayoq yo‘llanmani qo‘lga kirita olamizmi? Umuman olganda, imkoniyatlarimiz qanday?

- O‘ylashimcha, mana shu bosqichdayoq yo‘llanmani qo‘lga kirita olamiz. Imkoniyatimiz juda ham yuqori. Tarkib tomonlama ham ancha kuchli jamoa yig‘ilgan. 

Suhbat so‘ngida futbolchi o‘z talqiniga ko‘ra, o‘zi bilan birga o‘ynagan futbolchilardan iborat ramziy jamoa tuzib berdi.

                                                                                                                                                                                                                         Oybek Yuldoshev suhbatlashdi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!