
"Al Hilol" murabbiyining "Navbahor" va hakamlik borasidagi keskin fikrlariga Davron Fayziev o‘z munosabatini bildirdi
OChL 1-turida "Navbahor" safarda "Al Hilol" bilan 1:1 hisobida durang o‘ynadi. Uchrashuvdan so‘ng mezbonlar bosh murabbiyi Jorje Jezush matbuot anjumanida raqibning harakatlaridan norozi bo‘lib, ancha keskin fikrlar bildirdi.
Portugaliyalik mutaxassisning aytishicha, "Navbahor" futbolchilari atayin vaqtni cho‘zgan. Qolaversa, hakamning saviyasi ham raqibniki bilan bir xil, deya kamsitgan. Ushbu fikrlarga taniqli sharhlovchi Davron Fayziev telegramdagi sahifasida o‘z munosabatini bildirdi.
"Navbahor" nimaning evaziga "Al Hilol"dan ochko oldi? - Davron Fayzievdan javob
- "Al Hilol" bosh murabbiyi Jorje Jezush o‘yindan keyin emotsiyaga berilib gapiribdi shekili. 35 yillik faoliyatimda bunday vaqt cho‘zishni ko‘rmaganman debdi. Biz, osiyolik muxlislar bu gapga shunchaki kulib qo‘ydik. Hakam saviyasi raqibga yarasha debdi. Bu esa hurmatsizlik. O‘zi shundog‘am Osiyoda eng kuchlilardan bo‘lgan jamoang transferlar uchun yana 300 million sarfladi, agar shu sharoitda ham himoyaviy futbolga qarshi chora qo‘llashni bilmasang, demak nimanidir noto‘g‘ri qilyapsan. Hakam bitta jiddiy xato qildi, Neymarga qizil bermadi, - dedi Davron Fayziev.
Fikrlar