Alisher Nikimbaev: Xorijlik murabbiy bilan muzokaralar bo‘lyapti, ammo...

  • 20 iyul, 19:15
  • Karim Xudayqulov
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Taniqli futbol mutaxassisi Alisher Nikimbaev kecha SPORTS.uz'ning "Uchtasi bittada" (3v1) podkasti mehmoni bo‘ldi. Unda taniqli mutaxassis terma jamoamizga xorijlik mutaxassis kelishi masalasi haqida o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi: 

- O‘FAning Ioaxim Lyov (yoki Bilich) bilan muzokaralari va Kapadzening terma jamoadagi roli haqida fikrimni so‘rashyapti.

Tecno

- SPORTS.uz'ning "Uchtasi bittada" (3v1) podkasti mehmoni bo‘ldim va unda bu borada aytganlarim haqida havolalar berishyapti, ammo negadir fikrimni to‘liq holda chiqarishmayapti. Shuning uchun, tushuntirib o‘tmoqchiman.

- Demak, O‘FA xorijlik murabbiylar bilan muzokara o‘tkazyaptimi? Bu savolga javob berish vakolati menda yo‘q, ammo ba’zi hamkasblarimdan olgan ma’lumotlar, O‘FAning ikki kun oldingi rasmiy xabariga qarab taxmin qilish mumkinki, ha, muzokaralar bo‘lyapti. Biroq Lyov bilanmi, boshqami, aytmayman. Ayni damda muhimi bu emas.

- Men uchun asosiy masala - shartnoma qancha muddatga taklif qilinyapti?

- Bir yil, jahon chempionati tugagunchami? Yoki Osiyo kubogini ham qo‘shib, bir yarim yilmi? Yoki keyingi jahon chempionatini ham qamragan holda besh yillikmi?

- Shunda ham, yana qo‘shimcha savollar paydo bo‘lishi tabiiy.

- Agar bir yo bir yarim yil bo‘lsa, murabbiyga bu musobaqalar uchun qanday vazifa qo‘yiladi? Vazifalar bajarilmasa, iste’foga chiqariladimi?

- Mana shu kabi savollarga javob olibgina, bizga qanday murabbiy kerakligini aytish mumkin. Chunki jahon chempionatidan keyin bo‘lmasa, "Osiyo kubogi-2027" o‘tgach, bizda avlodlar almashinuvi bo‘ladi. Hozirgi jamoa tarkibiga qarang, qariyb yarmi 30+ yoshda. Bu vazifa kimga yuklanadi? Yangi avlod futbolchilarini yaxshi bilgan Temur Kapadzegami, yoki xorijlik kimdirgami?

- Vazifalar va muddatga qarab, murabbiy shaxsi haqida ham gapirish mumkin. Bir turnirda yaxshi natija uchun Lyovni pensiyadan qaytarish mumkin. Ammo keyingi besh yilda diqqat bilan yangi terma jamoaga nomzod har bir futbolchimizni kuzatib, ishlashga u tayyormi?

- Men xorijlik murabbiy terma jamoamizga yordam berishiga shubha qilmayman. Hatto kimligini noma’lum, shunday murabbiy kelishi tarafdoriman. Ammo men uchun masala faqat eng katta bo‘lsa-da, bitta turnirdagi muvaffaqiyatdan kengroq. Dunyoda bir marta mundialga kelib, shu bilan yo‘q bo‘lib ketgan jamoalar ko‘p. OFK ga o‘rinlarning kengaygani O‘zbekiston har chempionatga chiqishi mumkinligiga ishonch beradi, ammo hech qanday kafolat yo‘q. 

- Eng muhimi, terma jamoamizning strategik tomondan rivojlanishi. Srechko Katanets terma jamoa uslubini mavjud futbolchilarga moslashtirdi. Bu uslub muxlislar va jurnalistlar tomonidan tanqidlarga uchradi. Avlodlar bilan birga terma jamoa o‘yin uslubi ham o‘zgaradimi?

- Ko‘rib turganingizdek, savollar ko‘p. Va bu savollarga faqat milliy futbolni boshqarayotgan insonlar javob berishi mumkin. Biz har qancha gapirishimiz, nimalar deyishimiz hech narsani hal qilmaydi»

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!