
Alisher Shog‘ulomov "Oqtepa"ni yopilish sababi, futbolchilari qaerga ketayotgani, totalizator va yangi rejasi haqida
Pro-ligada ishtirok etib kelayotgan Toshkentning “Oqtepa” faoliyatini to‘xtatdi. Xususiy klub hisoblangan “Oqtepa”ning bunday vaziyatga tushib qolgani albatta ajablanarli.
Hozirga qadar bu jamoa 11 ta o‘yinda 1 g‘alaba, 4 durang va 6 ta mag‘lubiyat qayd etib, 7 ochko bilan 8-o‘rinda edi. Klubni boshqarib kelgan Alisher Shog‘ulomov sports.uz uchun “Oqtepa”ning nima uchun yopilgani va yana boshqa mavzularda fikr bildirdi.
“PFLdan qarzdorligimiz bor edi...”
- Klubni yopish holati o‘zimiz uchun ham juda kutilmagan vaziyat bo‘ldi, - deya gap boshladi Shog‘ulomov. - Moliyaviy muammolar sabab klub yopildi. PFL tomonidan klubga hech qanaqa yordam bo‘lmadi. PFL bosh direktori Diyor aka Imomxo‘jaevning fikrlarini o‘qidim va biz “Oqtepa” uchun hamma narsa qilganmiz, dedi. Ha, qaerdadir muxlislik qilgan. Lekin moliyaviy tomonlama klubga hech qanaqa yordam bo‘lmagan. O‘tgan yilgi qarzdorligi bor, deb aytdi. Aynan o‘tgan yilgi qarzdorlik masalasi bo‘yicha shuni aytmoqchimanki, karantin paytida boshqa mamlakatlarda, masalan, Italiya chempionatida futbol federatsiya tomonidan klublarga yordam ko‘rsatilgan. Bilasiz, “Oqtepa”da homiy o‘zimiz. Shu sababli, PFLga o‘tgan yilgi qarzdorlikdan voz kechish masalasida xat bilan murojaat qilganmiz. Chunki pandemiya butun dunyoda yuz berdi, birgina bizda emas. Aslida jamoamizda sharoitlar yaxshi bo‘lgan. Ammo pandemiya tufayli qiyinchiliklar yuz berdi. PFLga xat bilan murojaat qilganimizdan so‘ng, rad javobini olmadik. Bu yilga kelsak, shartnoma tuzilgan har bir legioner uchun 25 million so‘m pul to‘lash kerak. Biz bu pullarni to‘ladik. Lekin hali badal pulini to‘lamagandik. Albatta, buni ham yil davomida to‘lashga harakat qilayotgandik. Yangi bosh murabbiy va yana 10 nafar o‘yinchini ro‘yxatdan o‘tkazmoqchi bo‘lganimizda PFLdagilar qarzlarni to‘lamaguncha hech kimni ro‘yxatdan o‘tkazmaymiz, deb aytishdi. Bir jamoani ushlab qolishning o‘zi bo‘lmaydi. Bu erda 35 ta odam ishlaydi. Bungacha klubda murabbiy yoki boshqasi yo‘q, degan turli gap-so‘zlar chiqdi. Biroq 35 ta odamni boqishni o‘zi bo‘ladimi? Shu kungacha futbolchilardan umuman qarzimiz yo‘q. Faqatgina PFLdan bo‘lgan qarzdorligimiz bor edi, ammo ular bizga yordam ko‘rsatmadi. Yuz bergan vaziyat bizga to‘g‘ri kelmagani uchun “Oqtepa”ni yopishga qaror qildik.
“Futbolchilarni boshqa klublarga joylashtiryapmiz”
- 10 taga yaqin o‘yinchilarni shaxsan o‘zim boshqa klublarga yo‘llaganman. Qo‘ldan kelganicha futbolchilarga yordam qilamiz. Islom Karimov hozir “Metallurg” jamoasiga ketdi. Kolumbiyalik yarim himoyachi Xuan Beserra “Turon”ga qo‘shilgan. 14 iyul kuni Javohir Qahramonov bilan Aziz Pirmuhammedov “Bunyodkor”ga qo‘shiladi. Sunnat Mamadaliev “Aral Samali” jamoasiga ketyapti. Talgat Nigmatullin esa “Olimpik” bilan shartnoma tuzdi. Qolgan futbolchilarimiz birinchi liga va yoshlar ligasida ko‘rikdan o‘tishadi.
“Diyor Imomxo‘jaevni ayblamayman”
- Shaxsiy klubni rivojlantirish, deb aytiladi, ammo bu borada hissa qo‘shilmayapti. Nimaga PFLda homiylar ko‘payyapti, jamoalarda esa ko‘paymayapti. Shu boisdan, bizga to‘g‘ri kelmadi. Lekin Diyor Imomxo‘jaevni ayblamayman. Qaror hamma uchun bir. Ammo rahbar bo‘lganidan keyin nimadir o‘ylab topish va qo‘llab-quvvatlash lozim edi. Hamma ham chiroyli gapiraveradi, lekin amalda hech nima bo‘lmagan. Diyor Imomxo‘jaevni nima bilan maqtasam bo‘ladi? U pro-ligani rivojiga ancha hissa qo‘shdi. “Neftchi”, “Olimpik” kabi homiysi bor klublarga mazkur rivojlanish yaxshi bo‘lgan. Chunki sharoitlari bor. Lekin sharoitga qarab, ish qilish kerak. Qolgan jamoalarga og‘irlik qiladi. Stadion masalasida nimaga “Aral” va “Xorazm”ga sun’iy maydonda o‘ynashga ruxsat berishdi, “Oqtepa”ga esa ruxsat berishmadi? Shu holatga ham tushunmadim. PFLning aytishicha, Xorazmda yaxshi stadion bo‘lishini sharoit ko‘tarmaydi, Nukusda ham issiq. Lekin issiqda sun’iy maydonda o‘ynash ham qiyin. Baribir xususiy klublar bo‘lgani yaxshi. Ana shunda jamoalarda boshqacha infrastruktura bo‘ladi. Odamlar ham boshqacha ishlaydi. Bu xuddi o‘z uyidek. Ortiqcha pul sarflanmaydi. Bunday vaziyatda barcha mablag‘lar to‘g‘ri yo‘naltirilishga harakat qilinadi. Ikki yil davomida ettitacha legioner o‘zimizda o‘ynab ketdi.
“Bizda oylik maoshlar katta emas”
- Bizda katta oylik maoshlar bo‘lmagan. Jamoamizda ham el qatori, legionerlar ham, mahalliy futbolchilar ham bir xil maosh olardi. Ikki milliondan besh milliongacha maoshlar bo‘lgan. Hammada har xil. O‘rtacha maoshni 2-3 milliondan hisoblasak, 35 ta odamga qancha bo‘ladi?
“Hech qachon totalizator bilan shug‘ullanmaganmiz”
- “Oqtepa”ni o‘ziga yarasha yutuqlari ham bo‘ldi. Kimdir “Oqtepa”da katta bo‘ldi, yana kimdir faoliyatining qaysidir qismida shu erda to‘p surgan. Jaloliddin Masharipov, Shoxruz Norxonov, Shahzod Nurmatov, Nikita Pavlenko kabi o‘yinchilar “Oqtepa”ga hissasi qo‘shilgan. Klubni asosiy maqsadi O‘zbekiston terma jamoalariga munosib o‘yinchilarni etishtirish bo‘lgan. Salbiy holatlarga kelsak, ayrim yomon narsalarni, masalan totalizatorga aloqador, deb yozishyapti. Bu bizga qanchalik og‘ir botishini tasavvur ham qila olmaysiz. Dadam – G‘anisher Shog‘ulomovga ham bunday gaplar og‘ir botadi. Chunki shuncha mehnatga yarasha rahmat shumi, degan narsa ham bo‘ladi. Biz hech qachon totalizator bilan shug‘ullanmaganmiz. Bunday o‘yin o‘ynalganda ham o‘zimiz Yaroslav Krushelnitskiyni aniqlab, federatsiyaga topshirganmiz. Keyin u olti oy futboldan chetlashtirilgandi. Bizni yutqazganimiz har kimga ishonganimiz bo‘lgan.
“Endi akademiyani rivojlantiramiz”
- Futbolga muhabbat qilgan odam bu sport turini tark eta olmaydi. Maqsadimiz endi akademiyani rivojlantirish. Bir necha murabbiylar bilan kelishib oldik. “Oqtepa-Fenik” nomi bilan akademiya ochilyapti. Yoshlarga yashash joyini taqdim etamiz. Ikkita rus va o‘zbek maktabi bilan kelishib olganmiz. Gimnastika, akrobatika, suzish kabi boshqa sport turlari ham ish faoliyatini olib boradi. Bu loyihamiz o‘ziga yarasha muhim qadam bo‘ladi, - deya so‘zini yakunladi Alisher.
Fikrlar