
Amaldagi chempionlar bahsi, dastlabki turdanoq 2 ta super o‘yin - APLda yangi mavsum starti (prevyu)
Angliya Premer-ligasi yangi mavsumining boshlanishi bu gal u qadar orziqib kutilmagan bo‘lishi ham mumkin. Sababi, chempionat iyul so‘ngida nihoyasiga etdi. Undan keyin e’tiborimiz Chempionlar Ligasi va Evropa Ligasi bahslariga qaratildi. Shu o‘rinda ta’kidlab ketish joizki, Superliganing markazlashgan formatda o‘tkazilishi ham avgust oxirini bezab berdi. Oy boshida Millatlar Ligasi bahslari terma jamoalar o‘rtasidagi o‘yinlarni sog‘inib qolgan muxlislarga taskin berdi. Endi tanaffussiz yangi mavsumni ham boshlayveramiz. Dastlabki turdanoq etarlicha katta to‘qnashuvlar mavjud. Boshladik!
“Fulxem” - “Arsenal”
“To‘pchilar” APLning ochilish uchrashuvlarini o‘tkazishga ko‘nikib qolgan va har doim startni “yondirib” beradi. Bu gal intriga 2 barobar yuqori bo‘lishi ham aniq. Ilk o‘yindayoq London derbisi! “Fulxem” 2019 yilda tushunarsiz o‘yin o‘tkazdi. Mavsum debyutanti sifatida ishtirok etgan jamoa bir qator katta nomlarni o‘z safiga qo‘shib oldi. APLga qaytgan mavsumida o‘z transfer rekordini yangilagan klub o‘sha mavsumning o‘zidayoq elitani tark etdi. Serxio Riko, Rayan Babel, Andre Shyurrle, Jan Mishel Seri va yana ko‘plab yaxshi darajali futbolchilarni o‘z safiga qo‘shib olgan “Fulxem”ning Chempionshipga tushib ketishi rostdan ham kutilmagan holat edi. Ushbu mavsumda ham “Torino”dan Aina, PSJdan Areola va yana bir nechta katta xaridlar amalga oshirildi.
“Arsenal” esa Arteta boshchiligida o‘tgan mavsum hisobidan 2 ta titul yutishga erishdi. Yarim mavsumdayoq ispan mutaxassisi jamoasiga Angliya kubogi va Superkubogini olib berdi. Sten Kronke “Liverpul” ustidan qozonilgan g‘alabadan so‘ng biroz “yumshab”, himoyaga Gabrielni olib berdi.
Jamoalar o‘zaro 57 marotaba to‘qnash kelgan. Ularning 39 tasi “kanonirlar” foydasiga hal bo‘lgan. 8 ta uchrashuvda “Fulxem”ning qo‘li baland kelgan. Yana 10 ta uchrashuvda tomonlar murosa ko‘chasini tanlagan.
Ushbu o‘yin 16:30 da boshlanadi va saytimizda matnli translyatsiya tarzida e’tiboringizga havola etiladi.
“Liverpul” - “Lids”
Premer-liga va Chempionship g‘oliblari dastlabki turdayoq to‘qnash keladi. O‘ziga xos tarixiy to‘qnashuv. Katta avlod vakillari uchun ushbu qarama-qarshilik nisbatan kattaroq intrigaga ega, deb qaraladi. Bugungi uchrashuvda gol kiritgan taqdirda Muhammad Saloh ketma-ket 4 mavsum davomida 1-turda gol kiritgan “Liverpul”ning ilk futbolchisiga aylanadi.
Yana bir qiziqarli holat shundan iboratki, “Lids” ketma-ket 12 marotaba APLning 1-turida mag‘lubiyatga uchramagan yagona jamoa hisoblanadi. Bugun ular o‘z natijalarini yaxshilab olishlari mumkin.
O‘zaro uchrashuvlar tarixiga nazar tashlasak, tabiiyki, mersisaydliklar ustunligining guvohi bo‘lamiz. Shu paytga qadar bo‘lib o‘tgan 115 ta uchrashuvning 58 tasida “qizillar” g‘alaba qozongan. 27 ta bellashuvni “Lids” futbolchilari o‘z foydalariga hal qilishgan. Yana 30 ta o‘yin durang bilan yakunlangan.
“Liverpul” - “Lids” to‘qnashuvi 21:30 da start oladi va ushbu bahsni ham saytimizda matnli translyatsiya usulida kuzatib borishingiz mumkin.
“Vest Bromvich” - “Lester”
“Vest Bromvich” ham ushbu mavsum debyutanti sifatida harakat qiladi. Chempionship vitse-chempionlari ilk turdanoq katta jamoaga qarshi o‘ynaydi. Ushbu jamoa muntazam ravishda chempionship va elita orasida sargardon bo‘lib keladi. “Lester” esa tailandlik sarmoyadorlar ko‘magi bilan ancha stabil jamoaga aylanib qoldi. O‘tgan mavsumning katta qismini Chempionlar Ligasi pog‘onalarida o‘tkazgan jamoa faqat so‘nggi turga kelibgina ushbu pog‘onadan mosuvo bo‘ldi. Endi “tulkilar” Evropa Ligasiga fayz berib turadi. Ushbu klub uchun har mavsum qaysidir etakchisidan ayrilish odat tusiga kirmoqda. Kante, Drinkuoter, Mahrez, Maguayr va endi Chiluell. Ammo shu jihat ham borki, har mavsum ular yangi nomlarni kashf etib bera oladi. Hali jamoa ustuni bo‘lib turgan Shmeyxel, Seyunju, Perreyra, Meddison va Vardi kabi futbolchilar o‘z joyida turibdi. Ular yoniga Pratt, Barns, Ayoze Perez va Grey kabi futbolchilar ham qo‘shilishi katta ehtimol.
Umumiy tarix jihatidan olib qaraganda, “Vest Bromvich” “Lester”dan kattaroq klub hisoblanadi. Buni o‘zaro uchrashuvlar tarixi ham aytib turibdi. Jamoalar 111 marta to‘qnash kelgan bo‘lib, 51 tasida g‘arbiy midlendliklar va 37 ta bahsda esa sharqiy midlendliklar g‘alaba qozongan. Midlendliklar o‘rtasidagi o‘ziga xos derbilarning 23 tasi durang bilan yakunlangan.
Ushbu bellashuv ertaga soat 18:00 da start oladi.
“Tottenxem” - “Everton”
Turning markaziy uchrashuviga ham etib keldik. “Tottenxem” ustozi Joze Mourino yoz davomida bir nechta aqlli transferlar qildi. Avvalo, Mett Doertini o‘ng qanotni kuchaytirish uchun olib keldi. Erik Dayerning himoyaga ixtisoslashuvi sababli tayanch zonasi ancha bo‘shab qoldi. Vanyama va Sissoko yuqori darajada o‘ynay olmayapti. Per-Emil Xyoyberg ayni shu pozitsiyani mustahkamlash uchun olib kelindi. Shuningdek, darvozabon masalasida tushunarsiz qaror qabul qilindi. Albatta, Jo Xart “shporlar” tarkibiga tekinga kelib qo‘shildi. Ammo shundoq ham zaxira posboni vazifasini Gazzaniga a’lo darajada amalga oshirayotgan bir paytda uchinchi o‘rtamiyona darajadagi posbon qanchalik kerak edi?
“Everton” esa yozgi transferlar oynasida yarim himoyani butkul yangiladi. Xames, Allan va Dukure endi “irischilar” loyihasida ishtirok etadi. Liverpulning ikkinchi raqamli jamoasi dekada mobaynida mana shunday xaridlarni to‘xtovsiz amalga oshirdi. Biroq Devid Moyesdan so‘ng ular murabbiyga hech yalchimadi. Albatta, Roberto Martines ham yaxshi darajadagi mutaxassis. Ammo u ham klubni egalari xohlagandek darajaga chiqara olmadi. Endi evrofutbolda kattagina shaxs hisoblanadigan Karlo Anchelotti klub bosh murabbiyi. U o‘zi bilan ishlagan bir nechta kuchli futbolchilarni jamoaga olib kelib ulgurdi. Transferlar o‘z yo‘liga, natija muhim. Mana tayyor sinov. Ilk turdayoq raqib - “Tottenxem”.
O‘zaro 177 ta uchrashuvning 68 tasida “taqachilar” g‘olib bo‘lgan. 54 ta bellashuvda “Everton” g‘alaba qozongan. 55 ta bahsda tomonlar murosa ko‘chasini tanlagan.
Ushbu to‘qnashuv ertaga soat 20:30 da bo‘lib o‘tadi.
“Sheffild” - “Vulverxempton”
Ushbu mavsumda evrokuboklarda ko‘rishni istganimiz ikki klub 1-turda o‘zaro bellashadi. “Sheffild”da tarkib yaxshi tomonga o‘zgargani yo‘q. Aksincha, Din Xenderson ijara muddati tugaganligi sababli MYuga qaytib ketdi. Uning o‘rniga o‘tgan mavsum yakunlariga ko‘ra chempionshipga yo‘l olgan “Bornmut” posboni Aaron Ramzdeyl olib kelindi.
“Vulverxempton” esa jamoadan ketgan Doerti o‘rnini “Lion” himoyachisi Fernando Marsal bilan to‘ldirdi. “Portu”dan 18 yoshli Fabio Silva olib kelindi. Shu bilan Nunu Eshpiritu Santu jamoasida portugaliyaliklar soni 11 taga etdi. Turning ikkinchi raqamli markaziy bahsi maqomidagi o‘yin 14 sentyabr soat 22:00 da boshlanadi.
“Brayton” - “Chelsi”
Premer-liga ixlosmandlari uchun eng qiziq narsa - “Chelsi”ning o‘yinini kuzatish bo‘lib turibdi. Jamoa katta transferlarni amalga oshirdi. Roman Abramovich transfer taqiqi tufayli og‘ir ahvolda qolib ketgan “aristokratlar”ni Chempionlar Ligasiga olib chiqqan Frenk Lempardni munosib taqdirladi. Hozircha, Hakim Ziesh, Tyagu Silva va Ben Chiluell maydonga tusha olmasligi aniq. Bu haqida bosh murabbiyning o‘zi ma’lumot berdi.
“Brayton” ham bir nechta veteran futbolchilarni tarkibiga qo‘shib oldi. Adam Lallana va Yoel Veltman etarlicha katta tajribaga ega. Aaron Muy va Dendonker singari futbolchilarga ruxsat berildi.
Jamoalarning o‘zaro uchrashuvlari atigi 14 tani tashkil etadi. 11 tasida londonliklar va 1 tasida “chaykalar” g‘alabaga erishgan. 2 ta o‘yin durang bilan yakunlangan.
Ushbu uchrashuvga 14 sentyabrdan 15 sentyabrga o‘tar kechasi soat 00:15 da start beriladi.
Turning muxlislar e’tiboriga sazovor bellashuvlari haqida to‘xtalishga urindik. Qolgan 2 o‘yinda “Kristal Pelas” - “Sautgempton” va “Vest Xem” - Nyukasl” bahs olib boradi. “Byornli” - “Manchester Yunayted” va “Man Siti” - “Aston Villa” uchrashuvlari hamshahar ikki jamoaning evrokuboklardagi ishtiroki sabab kechiktirildi.
Abdulvosid Valixonov tayyorladi
Fikrlar