
"Amonovni futbolchi bo‘lolmaydi, deb o‘ylardim, zo‘r raqiblar bilan tekinga o‘ynashimiz mumkin edi, ammo..." yoxud Aziz Haydarov Katanetsga ilk bor qo‘ng‘iroq qilganida nima degandi?
O‘zbek futbolida o‘z o‘rniga ega bo‘lgan va hozirda butsalarini mixga ilgan Aziz Haydarov qaerda?
Milliy terma jamoamizning sobiq o‘yinchisi oxirgi bor O‘FAda ishlaganini yaxshi bilasiz. Shundan beri futbolda ishlayaptimi?
Kuni kecha Sports.uz muxbiri Haydarov bilan bog‘landi va sobiq futbolchi bir qator masalalarda muhim gaplarni aytdi.
- O‘FAdan ketganingizdan keyin futbolda ko‘rinish bermayapsiz. Hozirda nimalar bilan mashg‘ulsiz?
- Xizmat safarlari bilan boshqa mamlakatlarga borib kelib turibman. Masalan, yaqinda ish bilan BAAga borib keldim. Jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha murabbiylar BAA klubida amaliyot o‘tashmoqchi edi, u erga borib tashkiliy masalalarini gaplashib berdim. “Paxtakor” va “Nasaf” bilan birga Saudiyaga viza topshirgandim, hujjatlar tayyor bo‘ldi. Qolaversa, onam va qarindoshlarim ham Umra safari uchun viza topshirishgandi, Xudoga shukr ularni vizasi ham chiqdi. Endi chiptani tashkillashtiryapman. Nasib bo‘lsa, birgalashib Umra ziyoratiga boramiz. Bundan tashqari, may oyida murabbiylarning “A” litsenziyasi uchun o‘qish bo‘ladi. Men ham bo‘lajak kurslar uchun yozildim. Islom Ahmedov saboq beradi, o‘ylaymanki, hammasi yaxshi bo‘ladi.
- Bundan chiqdi, sizni murabbiy sifatida ko‘ramizmi?
- Baribir sohamiz shu, futboldagi insonmiz. O‘FAda ham ishladim. Qo‘limdan kelganicha mehnat qildim. Hozir Muborak oydamiz. Shunday kunlarda sizning saytingiz orqali kimlarnidir xafa qilgan bo‘lsam uzr so‘rab qolaman. Men barchasidan roziman. Futboldan uzoqlashganim yo‘q, hamma o‘yinlarni ko‘ryapman. Hozirda Osiyo Chempionlar ligasi uchrashuvlarini kuzatyapman. “Paxtakor”ga juda ham achindim. Masalan, “Al-Duhayl”ga qarshi uchrashuvlarni olsak, birinchisida yaxshi o‘ynab turib 2:3 hisobida yutqazishdi. Yigitlarimiz yutadigan o‘yin ko‘rsatishgandi, bitta o‘yinchisi hammasini hal qilib ketdi. Keyingi o‘yinlardagi natijalarni ko‘rib hayron bo‘ldim. Taroveh namozida bo‘lganim uchun o‘yinlarini ko‘ra olmadim. Hammani futbolga o‘z qarashi bor. Har kim turlicha tahlil qiladi. Men hamma narsani bilaman deyish kerak emas.
- “Paxtakor”ning guruhda qolib ketganiga nima deysiz?
- Osiyo Chempionlar ligasi bilan futbol tugab qolmaydi. Guruhda qolib ketishimiz yoki chiqishimiz biz uchun birinchi marta yuz berayotgani yo‘q. Biz uchun u erda chempion bo‘lishimiz yangilik bo‘lishi mumkin. “Paxtakor”ning oldida O‘zbekiston chempionati va Kubok o‘yinlari turibdi. Bunday o‘yinlardan tushkunlikka tushish yaramaydi. Oldinga qarab intilishda davom etish lozim. Bu bitta musobaqa. Milliy terma jamoamiz uchun jahon chempionatiga chiqish asosiy maqsad bo‘lsa, klublarimiz uchun Osiyo Chempionlar ligasini yutish orzu sanaladi. Ko‘ngilni cho‘ktirmaslik kerak. “Paxtakor”da murabbiylar o‘zgardi, o‘rniga yangilari keldi. O‘ylaymanki, O‘zbekiston chempionati juda qiziq kechadi. Superligada baribir favorit deb “Paxtakor”ni aytaman. Futbolchilari anchadan beri birga o‘ynashyapti.
“Nasaf” yaxshi loyiha. Bu jamoaning o‘yini yanada ijobiy taassurot qoldiryapti. Futbolchilarning ishtiyoqi yuqori. Murabbiyining mehnati ko‘rinib turibdi. Raqiblar “Nasaf” bilan uchrashuvda qiynalishyapti. Jamoadan ko‘plab yaxshi o‘yinchilar chiqyapti va boshqa klublarda ham o‘ynashyapti. Klub mutasaddilari “Nasaf”ni O‘zbekiston chempioni bo‘lishi uchun futbolchilarni qanday ushlab qolish yo‘lini topishi kerak. Ko‘p intervyularni o‘qiyapmiz. Ayrimlar “Nasaf”da g‘olibona ruh yo‘q deyishadi. Sira ham unday emas. Tarkibini “Paxtakor”niki bilan solishtirganda nomlar bo‘yicha unchalik tanilmagan. Lekin jamoa juda ishonchli o‘ynayapti.
Bu yil chempionatimiz juda keskin o‘tyapti, raqobat kuchaydi. Misol uchun “Qizilqum”ni peshqadam sifatida ko‘rganmisiz? Chempionatimizda xorijlik unchalik tanilmagan murabbiylar ishlayapti va ular yaxshi taassurot qoldirishga urinishyapti. Masalan, “Surxon” bosh murabbiyi Lopes bilan oldin birga ishlaganman. Mana shunday xorijlik mutaxassislar qo‘l ostida yoshlarimiz boshqacha o‘ynab ketadilar. Chet el murabbiylari uchun asosiysi, futbolchining maydondagi ishi. Ular faqat natijaga javob beradi. Agar natija qilmasa ishdan tez ketishini bilishadi. Shu bois o‘yinchilariga bo‘lar-bo‘lmas tanbehlarni beravermaydi.
Men sizga bitta gapni aytaman: Aziz Amonov “Lokomotiv”da o‘ynab, Eronning “Istiqlol” klubiga ketdi. O‘zim shu bola bilan o‘ynaganman. Uning oldingi hayot tarzini ko‘rib, u futbolchi bo‘la olmaydi, deb o‘ylardim. “Lokomotiv”ga Sekeyra kelgach, Amonov yaxshi o‘ynab ketdi. Agar klubni o‘zimizni murabbiy boshqarganida Aziz o‘ynab keta olmasdi. Lekin xorijdan kelgan murabbiyga uni nimasidir yoqdi. “Istiqlol”da maza qilib o‘ynaydi. Chunki endi unga umuman qiyinchilik bo‘lmaydi. Oldin yakka holda ko‘p yurardi, o‘zini dunyosi bor edi. Murabbiylarga yoqmaydigan taraflari mavjud edi. Lekin yigitlar bilan yaxshi chiqishadi, hech kimga yomonligi yo‘q, kam gap. Faqat katta qozonning ichiga tushmasligi, atrofida aylanib yurishi mumkin. Mana shunday o‘yinchilarga xorij murabbiylari kerak. “Metallurg”da ham chet ellik murabbiy ishlayapti, jamoa o‘yini ancha o‘zgargan. Ko‘p futbolchilarini tanimayman. Ammo o‘yin bor. Biz futbolga yondashuvni o‘zgartirishimiz kerak.
Murabbiylar uchun o‘quv-kurslarini yanada kuchaytirishimiz maqsadga muvofiq. Har kuni futbol o‘zgaryapti, mukammallashib boryapti, biz ham shunga yarasha bo‘lishimiz lozim. Oldin o‘zimni murabbiylikda hech qachon ko‘rmasdim. Lekin endi bu sohada o‘qiyotganim uchun ishtiyoqim bor. Ammo oilamni o‘ylasam ishtiyoqim yana orqaga ketyapti. Futbolchilik paytimizda oilaga kam vaqt ajratardik. Murabbiy bo‘lsangiz umuman vaqt ajrata olmay qolasiz. Chunki murabbiylikda 24 soat ishlashingiz kerak bo‘ladi. Boisi, qo‘l ostingizda ko‘plab futbolchilar o‘ynaydi. Bitta o‘yinni o‘tkazdingizmi, darhol keyingi o‘yin haqida o‘ylashni boshlaysiz. Shuning uchun murabbiylikda dam bo‘lmaydi. Timur Kapadze yaqin do‘stim va akam. Bir kuni u menga murabbiy bo‘lasanmi, deb hazil tariqasida kuldi. Baribir futbol odami bo‘lganimiz uchun har qanday holatda ham hayotimiz futbol bilan bog‘liq bo‘lib qoladi. Meni elga futbol tanitdi. Shu yo‘l orqali oilamni boqyapman, Xudo rizqlantiryapti. Tavakkal qilganman.
- Srechko Katanets boshchiligidagi yangilanayotgan terma jamoamiz sizga qanday ko‘rinyapti?
- O‘FAdan ariza yozib ketishimdan oldin terma jamoa bosh murabbiyligi uchun 15-20 ta nomzodlar bor edi. Menga topshiriq berilgan bo‘lib, ro‘yxatdagi barcha murabbiylar haqida ma’lumot oldim. O‘sha ro‘yxatda Katanets ham bor edi. Srechkoga qo‘ng‘iroq qilib, o‘zimni tanishtirib, vaziyat bo‘yicha aytganimda, hozir siz bilan gaplasha olmayman, chunki meni Iroq bilan shartnomam bor deya javob qaytargan. Agar siz bilan gaplashayotganimni ular bilib qolishsa, noto‘g‘ri o‘ylashadi, degan javobni aytdi. Uning bunday munosabatidan xursand bo‘lgandim. Shunday murabbiylar borki, ishlayotgan joyi oylik maosh bermayotgan bo‘lsa, boshqasi bilan muzokara o‘tkazib ketaveradi. Katanets o‘zini bunday tutmadi. Oldin bu erdagi ishimni tugatay, keyin o‘zim aloqaga chiqaman deb aytdi. Iroqlik Xusayn degan tanishim menga uning “kontakti”ni topib bergandi. Keyin o‘sha odam menga murabbiy bir haftadan keyin senga aloqaga chiqarkan, deb qoldi. So‘ngra ariza yozib ishdan ketdim. Rosa ketadigan kunim u aloqaga chiqdi va unga gaplashadigan odamlarni aytdim. Barcha ma’lumotlarni berdim. Ravshan Ermatov bilan gaplashishdi. O‘sha paytda agentlar har xil murabbiylarning nomzodlarini yuborishgan. Katanets yomon murabbiy emas. Bizga mana shunday qattiqqo‘li kerak. Yumshoqqo‘llisi bo‘lmayapti. To‘g‘ri, Katanetsning o‘yin uslubi himoyaviy, hujumkor emas. U yoshroq. Ektor Kuperdan ish uslubi biroz farq qiladi. Hamma murabbiyni o‘z uslubi bor.
Yosh futbolchi 17 yoshda “ochilmaydi”. Evropada ularni 20-21 yoshigacha bekorga ushlab turishmaydi. Chunki insonning fiziologiyasi bor. Vunderkinglar 16-17 yoshida “ochilishi” mumkin. Bundaylari kam, ammo ularga ham mehnat va yaxshi murabbiy zarur. Masalan, bizni o‘yinchilarga Odil Ahmedov yorqin namuna. Yoshligidan yaxshi murabbiyga tushdi. “Lokomotiv”da kelgandi. U erga boshqa murabbiylar kelib, Odilni ketkazishgan. Keyin “Paxtakor”ga borgan va yaxshi murabbiyni qo‘liga tushdi. Faoliyati davomida doim kuchli murabbiylar bilan ishladi. Futbolchi uchun eng asosiysi, o‘z vaqtida yaxshi murabbiy bilan ishlash. Undan zo‘r narsa bo‘lmaydi. Odil Evropani o‘yinchisi edi. Agar bizni futbol maktablari Evropadagi kabi bo‘lsa, o‘yinchilarimiz u tomonlarga osonroq ketadi. Arab mamlakatlari yoqmay qolgan. Ammo u tomonlarda ham yaxshi futbolchilarimiz o‘ynashyapti. Biz o‘ynagan paytda terma jamoamiz FIFA reytingida 54-o‘rinda bo‘lgan. O‘sha paytlarda 80-o‘rindagi jamoani yutolmaganmiz. Reyting hech nimani hal qilmaydi. Bu faqat savatchalarni aniqlaydi. Jahon chempionatini o‘ylasak, hech qanaqa savatchalar haqida bosh qotirishga hojat yo‘q. Yaponiya bilan Koreya muntazam ravishda mundialga chiqadi. Ular hech qachon savatchani o‘ylab yurishmaydi. Bizni murabbiyga ham futbolchilarni yaxshiroq bilib olish uchun o‘yinlar va yig‘inlar kerak. Oldin O‘FAda ishlagan paytimda qo‘limizdan kelganicha moliyaviy tarafimizdan kelib chiqib, raqiblar topganmiz. Lekin shunaqa narsalarni bilamanki, oldimizda zo‘r raqiblar turganida ham bitta futbolchi deb o‘ynamaganmiz. Tekinga o‘ynashimiz mumkin edi. Bizga samolyotlarni ham, boshqa tashkiliy jihatlarni ham qilib berishgan. Ammo bizni murabbiy boshqa o‘yinlarni tanlagan. Nimaga? Bitta futbolchimiz kelmagan yoki boshqasi nimadir bo‘lgan vahokazo. O‘zbek futboli bitta o‘yinchiga qarab qolganmi? Futbolga aloqador hammamiz o‘zgarishimiz kerak.
- Terma jamoa bosh murabbiyligi uchun ro‘yxatda yana kimlarni nomzodi bor edi?
- Murabbiylar ko‘p bo‘lgan, yaxshi mutaxassislar edi. Shunga yarasha narxlari ham baland bo‘lgan. Masalan, portugaliyalik Andre Villash-Boash ham nomzodlar orasida bor edi.
Fikrlar