“An-Nasr” Ronalduning futbolkasidan kuniga 300 ta sotmoqda! Riyoddagi klub do‘konida nimalar bo‘lyapti?
Bugun Saudiya Arabistonidagi barcha bolakaylarning orzusi bitta – Krishtianu Ronalduning ismi tushirilgan libos. Shu bois, “An-Nasr”ning rasmiy do‘koni har doimgidan-da ko‘proq e’tibor markazida turibdi. SPORTS.uz bu sxema qanday ishlayotgani, do‘kondagi narxlarning o‘zbek so‘mida qancha ekanligi va boshqa ko‘plab qiziqarli ma’lumotlarni taqdim etadi.
Jamoaning rasmiy do‘koni Ar-Riyodning shimoliy qismidan o‘rin egallagan. Bu stadiondan 15-20 daqiqalik yo‘l. Uning oldida ulkan savdo markazi joylashgan bo‘lib, asosan uy jihozlari bilan to‘la. Bu markaz ro‘parasida esa, bizning nishondagi – “An-Nasr”ning asosiy do‘koni o‘rin egallagan.

Peshtaxtada jamoaning joriy mavsum uchun tanlagan 4 libosi o‘rin egallagan. Barchasida Ronalduning ismi tushirilgan bo‘lib, u kelgan mijozlarni bir necha daqiqa davomida o‘ziga mahliyo qilib qo‘yadi.
Aytishlariga qaraganda, Ronaldu kelgach, klub muxlislarning libos bo‘yicha ehtiyojini qondirishni uddalay olmayapti. Yangi kelgan futbolkalar deyarli 15-20 daqiqa ichida sotilmoqda.
“To‘g‘risi, qachon yangi partiya olib kelinishidan xabarimiz yo‘q. Olib kelishgan taqdirda ham, ularni do‘konga joylashtirishga ulgurmay qolyapmiz. Muxlislar shunchaki 20-30 tadan xarid qilmoqda. Oxirgi marotaba qachon uy libosimiz savdoga qo‘yilganini eslay olmayman. Jersiylar etishmaganidan, shortiklarni alohida pullashga majbur bo‘lyapmiz. Hatto, ularga bo‘lgan talabni ham qanoatlantira olmayapmiz. Do‘konimizga kuniga 300 dan ortiq inson tashrif buyuradi. Savdo hajmi kattalashib bormoqda”,-deb vaziyatga izoh beradi do‘kon konsultanti.

Jamoaning asosiy libosi kamdan kam sotuvda bo‘lishiga qaramay, uchinchi va to‘rtinchi liboslarini topish mumkin. Shunindek, mashg‘ulotlar uchun chiqarilgan jersiylar ham etarlicha topiladi.
Do‘konning boshqa qismida jamoa stadionining kichik bir parchasi o‘rnatilgan. "Victory" kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan oddiy futbolkalar 298 ming so‘m bo‘lsa, “olimpika”lar uchun 746 ming so‘m to‘lashingizga to‘g‘ri keladi.

Bundan tashqari, “fan-shop”da siz idishlar, soat va telefon uchun g‘iloflarni ham xarid qilishingiz mumkin.
Narxlar borasida savol tug‘ilishi tabiiy. Klub ramzi tushirilgan termos – 447 ming so‘m bo‘lsa, oddiy “krujka” uchun 201 ming so‘m to‘lashingizga to‘g‘ri keladi. Telefon g‘iloflari uchun 134 ming so‘mdan voz kechasiz.

Bolalar uchun alohida sovg‘alar ham mavjud. Qalam, daftar, futbolka va shunga o‘xshash predmetlar etarlicha topiladi. Eng muhimi, “An-Nasr” o‘z do‘konidagi narxlarning xalqbop bo‘lishi uchun harakat qiladi. Shu bois, har qanday moliyaviy imkoniyatga ega inson o‘zi uchun klubning bir bo‘lagini xarid qilish imkoniyatiga ega.

Assortiment katta bo‘lishiga qaramay, kelayotgan mijozlarning 99,9 foizi Krishtianu Ronaldu nomi tushirilgan jersiylardan boshqaga qiziqmay qo‘ygan. Har kuni 300 dan ortiq libos sotayotgan do‘kon egalari shunchaki talabga yarasha taklif berishga ulgurmayapti. So‘nggi oylardagi buyurtmalarning ko‘pligidan boshqa futbolchilar ismi tushirilgan liboslar deyarli do‘kon peshtaxatlariga chiqmayapti.

Sotuvchilar esa, tobora professionallashib bormoqda. Ayniqsa, bolalar libosni qo‘lga kiritishi bilan. Ular o‘zlari xaridorning telefonida video tayyorlashga yordam berishadi. Ya’ni, jersiyni xarid qilgan mijoz uni kiyadi va Ronaldu singari "Siuuuu", degancha golni nishonlaydi. Buni esa, chaqqon konsultantlar hozirgina futbolka xarid qilgan insonning telefoniga muxrlab beradi. Bu jarayon shu qadar ko‘p takrorlanganidan, do‘kondagilar shunchaki "avtomat" rejimiga o‘tib olgan.
Ronaldu
Hozir Ar-Riyod shahri aholisi uchun Ronaldu chinakam kun mavzusi. Bolalar, yigitlar va qariyalar ham aynan uning ismini tildan qo‘ymayapti. Futbol maydonida esa, nimalar bo‘layotganini tasavvur qilish mushkul emas.
Ya . U Tayyorladi.

Fikrlar