"Andijon" Antaliyada Sergey Semak kuzatuvidagi jamoaga qarshi o‘ynaydi

  • 24 fevral, 10:07
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Oldin xabar berganimizdek, “Andijon” Antaliyadagi o‘quv-mashg‘ulot yig‘inidagi so‘nggi o‘rtoqlik uchrashuvini Rossiyaning “Zenit”-2 jamoasiga qarshi o‘tkazadi.

Tecno

O‘z-o‘zidan ma’lumki, bu “Zenit” akademiyasiga qarashli jamoa bo‘lib, unda klub tarbiyalanuvchilari to‘p surishadi. “Zenit”-2ga 1993 yilning 25 may kuni asos solingan.

Ushbu jamoaga mahalliy mutaxassis Konstantin Konoplyov bosh murabbiylik qilyapti. Konstantin Anatolevich 2025 yilning 1 yanvaridan “Zenit”-2 boshqaruvini o‘z qo‘liga oldi. Bungacha u “Zenit”ning turli yosh toifalaridagi jamoalariga ustozlik qilgan.

Aytish lozimki, “Zenit”ning asosiy jamoasi bosh murabbiyi Sergey Semakning doimiy e’tiborida va klub akademiya tarbiyalanuvchilarini kuzatib boradi. Chunki “Zenit”-2 tarkibidan iste’dodli o‘yinchilar asosiy jamoaga jalb qilib boriladi.

Jamoa o‘z o‘yinlarini “Zenit” akademiyasiga qarashli “Smena” stadionida o‘tkazib keladi.

“Zenit”-2 Turkiyaning Antaliya shahridagi yig‘inini 17 fevraldan boshladi va 1 martga qadar davom ettiradi. Bu erdagi ilk o‘rtoqlik uchrashuvini 20 fevral kuni “Kompozit” (Rossiya) jamoasiga qarshi o‘tkazdi va 1:0 hisobida g‘alaba qozondi.

Eslatib o‘tamiz, “Andijon” Antaliyadagi ushbu yig‘inida hozirgacha “LKS Lodz” (Polsha), “Vorskla” (Ukraina), “Boras Banya-Luka (Bosniya va Gertsegovina), “Voytsberg” (Avstriya), “Raufoss” (Norvegiya), “Zelin” (Chexiya), “Shaxtyor” (Qozog‘iston), “Vishista Krakov” (Polsha) va “Zbroyovka Brno” (Chexiya) klublariga qarshi maydonga tushdi.

Shu tariqa, “Andijon”ning “Zenit”-2 ga qarshi o‘rtoqlik o‘yini Antaliya yig‘inidagi so‘nggi bahs bo‘lib qoladi. Mazkur bellashuv 24 fevral kuni Toshkent vaqti bilan 19:00 (Antaliya vaqti bilan 17:00) da boshlanadi.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!