"Andijon" Antaliyadagi ikkinchi o‘yinini o‘tkazadi. Raqibni esa bilasiz...

  • 28 yanvar, 17:03
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

“Andijon” klubi Antaliya yig‘ini doirasidagi o‘zining ikkinchi uchrashuvini Ukrainaning “Vorskla” jamoasiga qarshi o‘tkazadi. Bu nom muxlislarimiz uchun begona emas. Harqalay ozmi-ko‘pmi mazkur klub haqida eshitishgan. Aytish lozimki, Ukraina futbolida o‘z o‘rniga va tarixiga ega bo‘lgan klub sanaladi. Biz bu safar mazkur bo‘lajak raqib haqida to‘xtalib o‘tamiz.

Tecno

Poltava shahri sharafini himoya qiluvchi “Vorskla” 1955 yilning 5 yanvar sanasida tashkil topgan. Demak, bu yil ushbu jamoa tashkil etilganiga 70 yil to‘ldi.

“Vorskla” Ukraina premer-ligasi ishtirokchisi sanaladi. Ayni paytda klub 16 ta ishtirokchi orasida 17 ta o‘yinda 4 g‘alaba, 4 durang va 9 mag‘lubiyat qayd etib, to‘plar nisbati 15\25 ko‘rinishida bo‘lib, 16 ochko bilan 12-o‘rinni band etib turibdi.

Jamoa hozirda mavsumning ikkinchi qismiga tayyorlanmoqda. “Vorskla” chempionatning navbatdagi o‘yinini 22 fevral kuni 18-tur doirasida safarda “Obolon”ga qarshi o‘tkazadi.

“Transfermakrt”dagi ma’lumotga tayanadigan bo‘lsak, klubning eng qimmat futbolchisi ukrainalik yarim himoyachi Ilya Krupskiy bo‘lib, 21 yoshli futbolchining narxi 1 million evroni tashkil qiladi. Shuningdek, Mali, Kosovo, Nigeriyadan kelgan legionerlari bor. Ayni paytda Antaliya yig‘ini davomida ham klub safida bir qator yangi o‘yinchilar qatnashishyapti.

2024 yilning  24 oktyabr kuni “Vorskla”ga Yuriy Maksimov bosh murabbiy etib tayinlangan. 56 yoshli ukrainalik mutaxassis boshchiligida “Vorskla” hozirga qadar Ukraina premer-ligasi, UEFA Liga Konferentsiyasi va Ukraina Kubogida hammasi bo‘lib 10 ta o‘yin o‘tkazgan. Shundan 2 tasida g‘alaba, 1 durang va 7 mag‘lubiyat qayd etilgan.

“Vorskla” erishgan yutuqlar ham bor. Jumladan, ikki marta Ukraina bronzasini qo‘lga kiritgan. Bir marta Ukraina Kubogini yutgan va yana ikki marta finalda o‘ynagan.

Klub Evropa ligasida 6 yil ilgari “Arsenal”, “Sporting” kabi klublarga qarshi maydonga tushgan. O‘shanda ushbu jamoalar bilan “E” guruhida ishtirok etgan.

“Vorskla” uy o‘yinlarini “Oleksey Butovskiy” nomli stadionida o‘tkazadi. 1951 yilda qurib bitkazilgan arena o‘z bag‘riga 23842 nafar muxlisni sig‘dira oladi.

“Andijon” – “Vorskla” qarama-qarshiligi 29 yanvar kuni Antaliyadagi “Titanik” nomli stadionida mahalliy vaqt bilan soat 16:00 da boshlanadi. Toshkent vaqtiga esa 18:00 ga to‘g‘ri keladi.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!