
"Andijon" jamoasi yangi mavsum oldidan muxlislar bilan uchrashdi. Tadbirda qatnashgan viloyat hokimi klub haqida nimalarni aytdi?
2023 yilgi futbol mavsumi boshlanishi oldidan aksariyat klublarda muxlislar bilan uchrashuvlar va taqdimot marosimlarini o‘tkazish odat tusiga kirgan. Superligaga qaytgan “Andijon” jamoasi 27 fevral kuni o‘z muxlislari bilan uchrashdi. “Yoshlar markazi”da o‘tkazilgan o‘ziga xos taqdimot marosimida Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov ham bevosita ishtirok etdi.
“Hurmatli futbol ishqibozlari, qadrli futbolchilar, hammalaringni yangi futbol mavsumi boshlanayotgani bilan shaxsan o‘zim va Andijon xalqi nomidan samimiy tabriklayman, - deya gap boshladi, Shuhratbek Qo‘shoqboevich. - Yana hokimiyat futbol bo‘yicha hamma narsani o‘z bo‘yniga oldi. Xudo xohlasa, tez orada katta qaror chiqadi. “GM Uzbekistan” bilan hokimiyat jamoani birgalikda qilamiz. Nasib bo‘lsa, bu yil moliyaviy tomondan hech qanaqa muammo bo‘lmaydi.
Faqat bitta narsa: natija ham bo‘lishi kerak-da! Palon jamoalarda bunday ekan, unday ekan deysizlar, ammo ularda natija bor-da, bizda ham natijalar bo‘lsa, men hammasini muhayyo qilishga tayyorman. Aynan klub rahbarlari, murabbiylari va futbolchilari bilan uchrashish uchun viloyat rahbari sifatida keldim. Hamma narsani hal qilganmiz, qarzdorliklarni ham. Hattoki formalarini ham xorijdan olib keldik. Stadionda ham ishlar davom etyapti. O‘zbekistondagi eng zo‘r maydon chimini tayyorlaydigan ustalar bilan shartnoma tuzganmiz. Projektorini ham tayyorlashadi. Bularni sizlar bilan maslahatlashib qilyapmiz. Natija qilinglar, biz ham natija qilamiz. Yana bir bor barchangizni boshlanayotgan yangi futbol mavsumi bilan tabriklayman. Yurtimiz tinch, Yurtboshimiz omon bo‘lsin. Doim omad hamisha birga bo‘lsin”, - deydi viloyat hokimi.
Shundan so‘ng viloyat hokimi futbolchilarga raqamlari tushirilgan futbolkalarni topshirdi. Avvaliga shartnomasi uzaytirilgan o‘yinchilar sahnaga taklif qilindi. Unga ko‘ra, Eldor Adhamov 1, Mohir Komilov 12, Abduvohid G‘ulomov 5, Abdurahmon Komilov 14, Vladimir Bubanya 15, Ildar Mamatkazin 21, Islom Mamatkazin 28, Ilhom Alijonov 66, Asilbek Aysarov 6, Ilhom Abdug‘aniev 10, Farhod Sohibjonov 17, Suhrob Berdiev 19, Muhammadkarim Toirov 26, Shahboz Erkinov 22, Izzat Abdulxaqov 77 raqamlarni qabul qilib oldilar.
Keyin yangi mavsum oldidan klubga yangi taklif qilingan hamda shartnoma imzolangan o‘yinchilar birma-bir sahnaga taklif qilinib, viloyat hokimidan o‘z futbolkalarini qabul qilib oldilar. Demak, Igor Litovka 72, Dilshod Komilov 4, Axtam Nazarov 91, Farhod Bekmurodov 8, Levan Arveladze 9, Sardor Abdunabiev 11, Sardor Azimov 13, Nodari Kavtaradze 88, Bobur Farhodov 7 va Rubin Xebayga 99-raqamli futbolka topshirildi.
Xabaringiz bo‘lsa, kuni kecha Andijon viloyati “Hokimi Kubogi” musobaqasida “Andijon” o‘rinbosarlar jamoasi g‘olib chiqqandi. Viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov ularga maxsus Kubokni tantanali ravishda topshirdi.
Shuningdek, “Andijon” klubi bosh direktori Ulug‘bek Mirzaev va bosh murabbiy Aleksandr Xomyakov viloyat hokimiga 10-raqamli futbolkani esdalik sovg‘asi sifatida topshirdilar.
Bundan tashqari, jamoa bosh murabbiyi so‘zga chiqib, bundan e’tibor uchun minnatdorchilik bildirib, yuqori o‘rinlar uchun kurashishga va g‘alabalar qozonishga maksimal darajada bor kuchini sarflashini aytib o‘tdi.
Klub bosh direktori Ulug‘bek Mirzaev esa shunday dedi: “2023 yilgi futbol mavsumi oldidan ko‘rishib turganmizdan xursandmiz. Shu kungacha katta hajmdagi ishlar qilindi, deb o‘ylayman. Jamoamiz tarkibi juda yaxshi shakllantirildi. Murabbiylar shtabi, yangi futbolchilar va iqtidorli yoshlar jalb qilindi. Andijon viloyatida turli yoshdagi terma jamoalarga nomzodlar soni ortib boryapti. Bu jarayon yana uzoq davom etadi.
Yaqin yillarda bir qator iste’dodli yoshlarimiz xorij klublarida to‘p suradilar va shu tomonlama ham jamoamiz daromad qilish rejasi bor. Viloyatimiz rahbari ham natijani alohida aytib o‘tdi. Muxlislarimiz ham uzoq yillardan beri kutmoqdalar. Buni barchamiz his qilib turibmiz. “Andijon” jamoasini Superligada yaxshi jamoa sifatida yuqori o‘rinlarga ko‘tarilishi uchun bor kuchimizni sarflaymiz. Bu yilgi biz uchun o‘tish yili bo‘lsa, keyingi yili “Andijon” klubi o‘zining 60 yoshini nishonlaydi. Yubileyi uchun albatta sovrindor o‘rinlardan birini egallashga, O‘zbekiston Kubogi va Osiyo Chempionlar ligasiga yo‘llanma olishga qattiq harakat qilamiz. Bunday fan-klubi bor jamoaga faqat yuqori o‘rinlar yarashadi”.
Bosh direktordan keyin so‘z navbati ashaddiy ishqiboz, “Andijon” fan-klubi raisi Nodirbek To‘ychievga berildi: “Barchaga assalomu alaykum. Qiyinchilik bilan bo‘lgan ish yaxshi bo‘ladi. Jamoamiz yaxshi, muxlislarga kuch-quvvat, jamoamizga ishonamiz. Bitta gap: ushbu hokimimiz davrida hech bo‘lmaganda 4-o‘rinni olaylik. Eng yaxshi natijamiz 5-o‘rin, 2008 yilda olganmiz. Futbolchilarimiz yutqazadigan yigitlar emas!”.
Shundan keyin “Andijon” klubi bosh direktori Ulug‘bek Mirzaev yangi mavsumda fan-klub uchun bir-biridan ajoyib futbolkalar, atributika, barabanlar, pananka va yana boshqa turli buyumlar olib kelinayotganini aytdi va ularning bir qismini muxlislarga namoyish qildi. Fan-klub a’zolari uchun ham asosiy jamoaning libosi bilan bir xil ko‘rinishda qizil rangli lisoblar tayyorlandi. Barcha mahsulotlarga Turkiyada buyurtma berilgan. Shuningdek, Ulug‘bek Mirzaev bu yil jamoa Jako firmasida tayyorlangan ekipirovkalardan foydalanishini ma’lum qildi. Bundan tashqari, jamoaning uy va safardagi formalarini namoyish qildi. Unga ko‘ra, qizil rangli forma jamoaning uy libosi sifatida aytildi. Unda o‘ziga xoslik mavjud bo‘lib, shahar ko‘rinishi sputnik orqali aks etgan va unda stadion tasviri tushirilgan. Qizig‘i, stadioni formaning yurak qismida joylashgan bo‘lib, har bir futbolchi klub yuragimda, degan ramziy ma’noni his qilish uchun yordam beradi. Oq rangli libosda burgutlar tasviri tushirilgan. Qolaversa, Nafaqat asosiy jamoa uchun, balki o‘rinbosarlar ham Jako epikirovkalari bilan ta’minlandi.
Bir so‘z bilan aytganda, “Andijon” klubining mavsum boshlanishi oldidan ishqibozlari bilan uchrashuv juda ko‘tarinki kayfiyatda o‘tdi.
Fikrlar