
"Andijon" klubi "Benfika" bilan hamkorlik qiladi
O‘zbekiston Kubogining amaldagi sohibi hisoblangan "Andijon" o‘z akademiyasiga ega bo‘lish va uni har tomonlama zamon talablariga moslashtirish borasida jiddiy ishlarni olib boryapti. Klub matbuot xizmati esa bu borada quyidagi xabarni e’lon qildi:
“Andijon” futbol klubining rivojlanish strategiyasida bolalar futboliga e’tibor va uni yangi bosqichga olib chiqish alohida ustivor vazifaga aylangan.
Bilasiz, jamoa rahbariyati bolalar futboliga hamma vaqt katta e’tibor qaratib kelmoqda hamda “Andijon” klubi akademiyasini barpo etish bo‘yicha jahonning mashhur klublari akademiyalarining ish jarayonini yaqindan o‘rganmoqda.
Shu maqsadda “Andijon” klubi bosh direktori Elbek Samatov ayni paytda Portugaliya poytaxti Lissabonda bo‘lib turibdi. Bundan ko‘zlangan maqsad, u erdagi mashhur “Benfika” futbol klubining akademiyasi bilan tanishish va yaqindan hamkorlik qilish ko‘zda tutilgan. "Benfika" o‘z tarbiyalanuvchilarini rivojlantirish va akademiyasi bilan jahon futbolida o‘z o‘rniga ega. U erdan doim nomdor o‘yinchilar etishib chiqadi.
“Benfika” klubi bilan bolalar futbolini rivojlantirish va zamonaviy akademiyani tuzish maqsadida aynan Elbek Samatov “Benfika” jamoasi rahbariyatining taklifiga ko‘ra, u erga yo‘l olgan va ayni paytda qizg‘in muzokaralar davom etyapti.
Safar davomida nafaqat “Benfika” klubi akademiyasi, balki jamoaning infratuzilmasi bilan ham yaqindan tanishmoqda", - deyiladi rasmiy xabarda.
Fikrlar