"Andijon" klubiga vaqtinchalik bosh murabbiy tayinlandi
Bugun “Andijon” klubi qarorgohida rahbariyat va jamoa a'zolari oʻrtasida kun tartibidagi masala yuzasidan yigʻilish boʻlib oʻtdi.
Klub matbuot xizmatining maʼlum qilishicha, mahalliy mutaxassis Islom Ahmedov vaqtincha bosh murabbiy lavozimiga tayinlandi. Bungacha u murabbiylar shtabida faoliyat koʻrsatib kelayotgandi.
Maʼlumot uchun, Islom Ahmedov 1986 yilning 8 iyul sanasida tavallud topgan. Andijon futboli tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. Futbolchi sifatida “UzDongJu”, “Dinamo” (Samarqand), “Soʻgʻdiyona” va albatta “Andijon” sharafini himoya qilgan.
Murabbiy sifatida Andijon futbol akademiyasida koʻp yillar davomida samarali ish olib borgan.
Shuningdek, murabbiylar shtabida Ahmedovga Sergey Arslonov yaqindan yordam beradi. U 1986 yilning 6 noyabr sanasida tavallud topgan boʻlib, oʻyinchilik faoliyatini “Mashʼal”, “Shoʻrtan”, “UzDongJu” singari klublarda oʻtkazgan. Qolaversa, “Paxatkor”, “Kuban” (Rossiya) va “Dinamo” (Kiev, Ukraina) akademiyalarida tahsil olgan. murabbiy sifatida Qirgʻizistonning "Dordoy” klubini boshqargan. Shuningdek, yurtimizda “Surxon”, “Neftchi” hamda “Soʻgʻdiyona” jamoalarida faoliyat olib borgan. Endilikda esa “Andijon”da katta murabbiy lavozimida ishlaydi.
Bundan tashqari, darvozabonlar murabbiyi sifatida bungacha U21 jamoasida mehnat qilib kelayotgan Bekzod Turgʻunov ish olib boradi.

Fikrlar