Andijon viloyati hokimi "Navbahor"ga qarshi o‘yingacha "Andijon" klubiga salkam 1 milliard so‘m pul beradi
Dastlabki ikkita turda safarda o‘ynagan “Andijon” jamoasi yakshanba kuni o‘z maydonida yangi mavsumdagi dastlabki uchrashuvini o‘tkazadi. Shu munosabat bilan bugun, Andijondagi “Yoshlar markazi” binosida “Andijon” jamoasining sevimli muxlislari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Qo‘shoqboevich Abdurahmonov ishtirok etdi.
Yakshanba kuni “Andijon” vodiy derbisi doirasida o‘z maydonida “Navbahor”ni qabul qiladi. Viloyat hokimi esa ushbu o‘yinda “Andijon”dan g‘alaba kutishini va buning uchun futbolchilarni moddiy tomondan qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanligini aytgan holda shunday dedi:
- “Navbahor” bilan bo‘ladigan o‘yinda yutmaslikning iloji yo‘q. Men ham jamoamizning g‘alabasini juda xohlayman. Lekin yomonini o‘ylamaguncha yaxshisi bo‘lmaydi deganlaridek, hattoki durang o‘ynashsa ham men qopda pul bilan boraman. Mana, hozir 450 million so‘m pul olib keldim. Ertaga esa kechgacha yana 500 million pul beraman, bularga. Shu kungacha futbolchilardan birorta qarz qolmaydi. Xudoim futbolchilarimizga kuch-quvvat bersin. Bular natija ko‘rsatishsin, men esa moddiy tomondan qo‘llab-quvvatlayman. “Navbahor”ni yutadigan bo‘lishsa, bularga zo‘r sovg‘a bilan boraman, - dedi viloyat hokimi.
Tez orada mazkur uchrashuvning to‘liq tafsiloti bilan saytimizda tanishasiz.

Fikrlar