
"Andijon"dagi ishimni o‘zim baholay olmayman" yoxud Viktor Kumikov yangi klubiga O‘zbekistondan futbolchilarni jalb qilmoqchimi?
Rossiyalik tajribali murabbiy Viktor Kumikovning “Andijon”dagi faoliyati yakunlandi. Endilikda u Qozog‘istonning “Qaysar” klubi ustozi sifatida ishga kirishdi. Kumikov Sports.uz sayti uchun biroz vaqt ajratdi.
- Viktor Balyutovich, bosh murabbiy sifatida “Qaysar” klubida ish boshlaganingiz bilan tabriklaymiz. Shartnoma muddati qancha?
- Tabrik uchun rahmat! Klub bilan tuzgan shartnomam 2023 yilgi mavsum oxirigacha.
- Jamoangiz bilan hozir Turkiya yig‘inidamisiz?
- Ha, bu yig‘inda “Sampdoriya” va “Samsunspor”ga qarshi ikkita nazorat uchrashuvini o‘tkazish rejalashtirilgan.
- “Andijon”ga nisbatan “Qaysar” klubida ishlashning siz uchun qanday qiziqarli jihatlari bor?
- Hamma erda ishlash qiziqarli. Bu erda gap bunda emas. Gap shundaki, qaerda ishlamang, klub strukturasi faoliyat ko‘rsatmog‘i darkor. Shug‘ullanish uchun inventarlar etarli darajada bo‘lishi kerak. Bundan tashqari, aldovsiz xizmat haqingizni doim, vaqtida to‘lashlari kerak. Bu erda yuqorida sanab o‘tganlarimning barchasi bor.
- Umuman olganda, “Andijon” jamoasida olib borgan faoliyatingizdan qoniqqan bo‘lsangiz kerak-a? Har holda jamoani Superligaga olib chiqdingiz va pro liganing eng yaxshi murabbiyi bo‘ldingiz.
- “Andijon”dagi ishimni o‘zim baholay olmayman. Natija qayd etildi. Buni rahbariyat, jamoatchilik va muxlislar baholashlari darkor va hokazo...
- “Qaysar” jamoasiga O‘zbekistondan futbolchilar taklif qilish rejangiz ham bormi?
- Hozircha biror yangi o‘yinchini ko‘z ostimizga olganimiz yo‘q. O‘zimizda borlarini nazoratdan o‘tkazyapmiz. Balki ikkinchi yig‘inda tarkibga kimnidir yoki kimlarnidir qo‘shib olishimiz mumkin.
- Yangi klubda oldingizga qo‘yilgan vazifa qanday?
- Oldimizga qo‘yilgan vazifa Qozog‘iston prem’er-ligasi va mamlakat Kubogi musobaqalarida munosib ishtirok etishdir.
- “Qaysar”da yaratilgan shart-sharoitlar qoniqarlimi?
- “Qaysar”da ishlash uchun juda qulay infratuzilma mavjud. Bundan tashqari. klub uy o‘yinlarini o‘tkazadigan stadion ham qaytadan ta’mirlangan. 2023 yil klub uchun yana bir maydon qurib berishlarini va’da qilishgan! Eng asosiysi, bu erda klub bor. Mutasaddilar har qanday kundalik masalani o‘rnida echib berishga tayyorlar.
- Bilamizki, Qarag‘andaning “Shaxtyor” jamoasida qator muvaffaqiyatlarga erishgansiz. “Qaysar”da ham shularni takrorlay olasizmi?
- Biz o‘zimizdan talab qilingan narsani amalga oshirib, natija ko‘rsatishga intilamiz.
- Sobiq klubingiz – “Andijon” va uning muxlislariga nima degan bo‘lardingiz?
- “Andijon”ga yangi mavsumda omad yor bo‘lishini tilayman. Klubning jonkuyar muxlislariga mening katta salomimni etkazib qo‘ying!
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar