
"Andijon"dan ketgan Xomyakovning ishlari nega yurishmayapti?
Murabbiylik ishi juda nozik masala-da. U bugun yangi ish joyiga ega bo‘lgan bo‘lsa, qancha vaqt ishlashini aniq bilmaydi. Tuzilgan shartnoma esa aslida shunchaki rasmiyatchilik xolos. Murabbiyning taqdiri natijalarga bog‘liqligini hamma yaxshi biladi. Uzoqqa bormaylikda, bugun “Dinamo”dagi o‘zgarishni qarang, atigi 12 kun ishlagan Ravshan Ahmedov bosh murabbiylikdan iste’foga chiqarib yuborildi va o‘rniga Sergey Lushanni olib kelishdi. Bu endi boshqa masala, biz esa e’tiboringizni boshqa bir jihatga qaratmoqchimiz.
Hozirgi kunda ishsiz yurgan murabbiylarimiz talaygina. Ulardan bemalol top-reyting tuzib chiqsa bo‘ladi. Ayniqsa, ularning orasida rossiyalik Aleksandr Xomyakov yuqori o‘rinlardan birini egallasa kerak. Ko‘pchilik ushbu murabbiy haqida gapirganda, asosan yaxshi fikrlarni aytishadi. Chunki u mehnatkash mutaxassis. “Andijon”da ishlagan paytida kamtarona futbolchilardan yaxshigina tarkib tuza olgani xususida ham ko‘pchilik ijobiy fikrlarni bildirishganini eshitgandik. Natijada Xomyakovga bo‘lgan hurmat va e’tibor yanada ortgandi. Biroq o‘sha hurmatga sazovor bo‘lgan murabbiyning haligacha ishsiz qolib ketayotgani sizningcha g‘alata emasmi?
Shu o‘rinda oxirgi paytlarda Xomyakovning atrofida yuz bergan voqeliklarga to‘xtalib o‘tsak, avvalo shuni aytish kerakki, uning “Andijon”dan ketishi o‘zining tashabbusi edi. Chunki rahbariyat uni iste’foga chiqarmagandi, murabbiyning o‘zi ketishni xohladi. Mayli, bo‘lar ish bo‘lib o‘tdi va ortda qolgan ishlarni eslashning ham hojati yo‘q. Xullas, 15 mart kuni u “Andijon” bosh murabbiyi sifatidagi oxirgi o‘yinini o‘tkazdi. Mana, oradan salkam to‘rt oy vaqt o‘tibdiki, Aleksandr Andreevich hamon futboldan tashqarida yuribdi. Aslini olganda esa, uning “Andijon”dan ketgach, yangi jamoasi ham ma’lum edi. Ya’ni, u “Qizilqum” klubida ish boshlashi kutilayotgandi. Balki Xomyakov ushbu taklifga ishonib, “Andijon”dan ketgandir, ammo voqealar rivoji keyinchalik murabbiy istagandek kechmadi, oqibatda uning uchun “Qizilqum” varianti o‘z kuchini yo‘qotdi. Shunga qaramay, unga yana boshqa takliflar bo‘lishi aniq edi va shunday ham bo‘ldi.
Xabaringiz bor, yaqinda unga “Surxon” klubi taklif bilan chiqdi. Xomyakov esa klub rahbari bilan muzokara o‘tkazdi va eshitishimizcha, u erda ishlashga ham rozi bo‘lgan. Ammo so‘nggi pallada moliyaviy masalada kelisha olishmagani haqida eshitdik. Oqibatda, rossiyalik murabbiy yana ishsiz qolishda davom etmoqda. Balki u “Andijon”dan ketmasligi kerakmidi?! Har holda tayyor ishi bor edi, muxlislar esa uni yaxshi ko‘rishardi va ishonishardi. Shularni o‘ylagan kishi Xomyakov “Andijon” dan ketib xato qilgan, degan xayolga borayotgan bo‘lsa ham kerak. Balki bu ham uning uchun hayotning bir sinovidir. Shunchaki, o‘ylagan rejalari amalga oshmayotgani o‘ziga ham og‘ir botayotgandir, yana kim biladi deysiz?!
U yana qachongacha o‘yinlarni chetdan kuzatishda davom etarkin? Ammo hozirda ham Xomyakov bilan bog‘liq gap-so‘zlar yo‘q emas. Endilikda uni “Buxoro”da paydo bo‘lishi haqida ham gapirishmoqda. Lekin murabbiyning o‘zi oldindan biror nima deyishni istamayapti. Chunki bungacha ikki marta uning “Qizilqum” va “Surxon” bilan bog‘liq vaziyatda avvaldan ishlashi ma’lum, degan xabarlar chiqqach, keyinchalik holat boshqa tomonga o‘zgarib ketgani tufayli ham Aleksandr Andreevich endi qachonki 100 foiz rasman aniq bo‘lmaguncha hech kimga hech nima demoqchi emas. Hozircha ishlari o‘xshamayotgan murabbiyning ichidan nimalar o‘tayotganini o‘zi biladi. Ammo keyingi qadamini tashlashda, u ettib o‘lchab bir kes, maqoliga amal qiladiganga o‘xshaydi.
Fikrlar