
Andrey Miklyaev: "Bunyodkor" qanday o‘ynashini bilamiz
"Lokomotiv" va "Bunyodkor" jamoalari o‘rtasidagi bellashuvdan so‘ng tashkil etilgan matbuot anjumanining ikkinchi qismida mezbon jamoa bosh murabbiyi Andrey Miklyaev o‘yin xususidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi:
"Ko‘p gapirib o‘tirishning hojati yo‘q. Avvalo, jamoamga 3 ochkoga ega bo‘lganimiz uchun rahmat aytaman. O‘yin jangovar va asabiy ruhda kechdi. Ikkala jamoa ham mag‘lubiyatga uchrashni istamagani ko‘rinib turdi.
"Bunyodkor" qanday o‘ynashini bilamiz: tezkor, texnik jihatdan yuqori saviyadagi futbol namoyish etishadi. Biz ular erda yaxshiroq o‘ynashini anglagan holda, bunga qarshi chora topishga urindik. O‘ylaymanki, uzun paslar bilan o‘ynash rejamiz ish berdi va yaxshi imkoniyatlarga ko‘proq ega bo‘ldik. Jamoam o‘yinidan qoniqdim.
Jumaboevning o‘yini yaxshi chiqqanidan xursandmiz. U bir nechta pozitsiyalarni yopishga qodir bo‘lgan yaxshi futbolchi. O‘zimizning tarbiyalanuvchimiz. Uning uchun juda ham xursandman. Biz bundan keyin ham iloji boricha maksimal natija qayd etish uchun harakat qilamiz", - dedi murabbiy.
Fikrlar