Andrey Shipilov: Bizning vazifamiz har bir uchrashuvda g‘alaba qozonish

  • 27 fevral, 2020, 07:39
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 2
  • Futbol
CHERY AUTO

Bugun yangi mavsumga start beriladi. Barcha jamoalar o‘z imkoniyati darajasida tayyorgarlik ko‘rishdi. Bekobodning “Metallurg” klubi ham boshlanayotgan yangi chempionatga imkon qadar yaxshiroq hozirlik ko‘rishga harakat qildi. Buning uchun ular Turkiyada ham o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini o‘tkazib qaytishdi. Umuman olganda, qishki yig‘in chog‘ida tarkibda ayrim o‘zgarishlar kuzatildi. Ayrimlari ketishdi va o‘rniga yangi futbolchilar qo‘shib olindi. Ikki mavsumdan beri chempionatda 5-o‘rinni egallab kelgan “Metallurg” bu yil qanday karomat ko‘rsatarkin? Jamoa a’zolari Turkiya yig‘inidan qaytib kelishganidan so‘ng biz bosh murabbiy Andrey Shipilov bilan suhbatda bo‘ldik. O‘zaro muloqot jarayonida safar taassurotlari, tarkibdagi o‘zgarishlar, boshlanayotgan yangi mavsum va boshqalar haqida gap bordi.

Tecno

-  Andrey Sergeevich, avvalo jamoangizning Turkiya yig‘ini haqida so‘ramoqchiman. Safar qanday kechdi? Hammasi risoladagidek bo‘ldimi?

-  Albatta, Turkiyada reja bo‘yicha ishladik. Ammo bizga u erdagi ob-havo noqulaylik tug‘dirdi. Goh uzluksiz yomg‘ir yog‘di, goho kuchli shamol esdi, harorat ham kutilganidan past, sovuq bo‘ldi. Shunday bo‘lsa-da, xorij yig‘inidan nolimaymiz. Ayniqsa, u erdagi futbol maydonlarining sifatiga gap-so‘z yo‘q.

-  “Metallurg” Turkiyada bir qator nazorat uchrashuvlarida maydonga tushdi. Uchrashuvlarning aksariyatida imkoniyat boy berildi...

-  Nazorat uchrashuvlariga to‘xtaladigan bo‘lsam, siz bizning raqiblarimiz kimlar bo‘lganligini ham o‘rgangandirsiz. Ehtimol o‘yinlarimizni ko‘rgandirsiz. Antaliyada kuchli, jiddiy raqiblarga qarshi maydonga chiqdik. Albatta qayd etilgan natijalar ijobiy bo‘lmadi. Biroq bu qishki yig‘in ekanligini unutmaslik kerak. Ba’zi uchrashuvlarda ob-havo pand berdi, ba’zilarida omadimiz chopmadi. Nazorat uchrashuvlarida murabbiy uchun muhimi natija emas, jamoa o‘yinini shakllantirish, futbolchilarning bir-birlarini so‘zsiz tushunishlariga erishish, turli taktik uslublarni sinovdan o‘tkazishdir. Shu ma’noda amalga oshirgan ishlarimizning mevasini chempionat o‘yinlarida ko‘ramiz, degan umiddaman.

-  Ayting-chi, tarkibga qo‘shib olingan yangi futbolchilarning barchasidan ko‘nglingiz to‘ldimi? Umuman olganda, selektsiya ishlaridan qanchalik qoniqdingiz?

- O‘zbeklarda “ko‘rpaga qarab oyoq uzatadi” degan ibora bor. Biz ham imkoniyatlarimizdan kelib chiqib, o‘yinchilarni jalb etdik. Cho‘ntakka yarasha selektsiya bo‘ladi. Ko‘z ostimizga olib qo‘ygan 2-3 o‘yinchini ololmadik. Hozir bu gaplarning mavridi emas, endi baribir foydasi yo‘q. Chunki biz mablag‘imizdan kelib chiqib ish tutdik. Yana bir gap: selektsiya bu – lotereya.

shipilov2

-  Jamoa tarkibiga legioner o‘yinchi Evgeniy Chumakni qo‘shib oldingiz. Ammo u o‘tgan yili “Bunyodkor”da yorqin taassurot qoldirmagandi. Qaysi jihatlari uchun uni jamoangizga taklif etdingiz?

-  Chumak mehnatsevar, ishdan qochmaydigan futbolchi. Chap oyog‘i anchagina kuchli. Yaxshi saviyadagi futbol maktabida tahsil olgan. To‘p bilan ishlash texnikasi ham maromida. Buning ustiga u hali yosh. Shu jihatlari uchun biz uni jamoamizda olib qoldik.

-  Shu o‘rinda yangi mavsum uchun tashlangan qur’a haqida fikringizni bilmoqchi edik?

-  Qur’ami? Bu savolingiz menga tegishli emas, deb o‘ylayman. Aniqrog‘i uni muhokama etish mening vakolatimga kirmaydi. Bu jarayonni o‘tkazgan tashkilotda professionallar ishlaydi. Ular o‘z ishini bilib qilishadi. Biz esa qur’a natijasiga qarab ishlarimizni rejalashtiramiz.

-  Yangi mavsumda “Metallurg”ning oldidagi vazifa qanday, jamoa qaysi o‘rin uchun kurashadi?

-  Bizning vazifamiz har bir uchrashuvda maydonga g‘alaba uchun tushish va unchalik katta bo‘lmagan Bekobod shahrining oddiy kishilarini, muxlislarimizni xursand etish. Yaxshi o‘ynasak, natija shunga yarasha kelaveradi.

-  Yangi mavsumda qaysi jamoa syurpriz ko‘rsatishi mumkin deb o‘ylaysiz?

-  2018 yilgi mavsumda syurpriz jamoalar bo‘ldimi? 2019 yildachi, qani bir yil muqaddam yaxshi natija ko‘rsatgan jamoalar? Menimcha, syurprizlar bo‘lmaydi! Dastlabki 5 - 7 tur o‘yinlari o‘tsin, kimning qaerda ekanligi ayon bo‘lib qoladi.

shipilov4

-  Bu yil ham “Paxtakor” yaqqol favorit ekanligini aytmasak ham buni barcha yaxshi bilib turibdi. Shu nuqtai nazardan olib qaraganda, hech bir klub “Paxtakor”ga jiddiy qarshilik ham ko‘rsata olmasa kerak. Siz bu fikrga qanday qaraysiz?

- Men mavsumning qiziqarli kechishini kutyapman. Chempionlik uchun kurashda favoritlar qatorida “Paxtakor”dan tashqari “Bunyodkor”, “Nasaf”, “Lokomotiv” hamda AGMK jamoalarini ko‘rsatgan bo‘lardim.

-  Andrey Sergeevich, qishki yig‘in davomida barcha o‘ylagan rejalaringizni amalga oshira oldim deb hisoblaysizmi?

-  To‘g‘risi, yanvar biz uchun og‘ir bo‘ldi. Chunki tayyorgarlik uchun sharoitlar ko‘ngildagidek bo‘lmadi. Biroq biz imkon topib ishlashdan to‘xtamadik. Yangi mavsum uchun klub poydevorini qo‘ydik, deb o‘ylayman. Qilingan ishlarimiz samarasini dastlabki tur o‘yinlari ko‘rsatib beradi, ya’ni, jamoa qayoqqa qarab harakatlanayotganini. Mavsumning dastlabki o‘yinigacha kamchilik va nuqsonlarni bartaraf etish borasida izlanishda, shug‘ullanishda davom etyapmiz.

-  Siz o‘z vaqtida “Andijon” klubida to‘p surib muxlislarning qalbidan joy olgandingiz. Shu bois bu jamoa siz uchun begona emas. Hozirgi paytda esa bu klub muammolar girdobiga tushib qolgan. Bizningcha, siz ham “Andijon”ning hozirgi holatiga befarq emassiz...

-  Ha, to‘g‘ri aytdingiz, “Andijon” men uchun begona emas. Bu klub har doim yuragimda qoladi. Men hamisha “Andijon”dan minnatdorman. Savolingizga keladigan bo‘lsak, avvalo bu erda o‘ynagan, faoliyat yuritgan o‘yinchilarga imkoniyat berish kerak. Shuningdek, klubda tashkiliy ishlarni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish lozim. Andijon katta viloyat. Bu erda iqtidorli yosh yigitlar ko‘p. Ularning iste’dodini yuzaga chiqarish, o‘qitish, o‘rgatish, mahoratlarini yanada oshirish imkoniyatini yaratib berish lozim.  Ularga ishonish kerak. Aldov bo‘lmasligi lozim. Eng asosiysi, klubga har tomonlama futbolni tushunadigan, zamonaviy rahbar ham kerak. Bundan tashqari, bolalar bilan ishlaydigan murabbiylarga etarli sharoitlarni yaratish va yaxshi maosh to‘lash kerak.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
Orifjon navbahor
27/02/2020 08:01
Xarbir uyinda yutaversan chempion bularkansanda
Абдусамат Жураев
27/02/2020 07:45
НАВБАХОР НИ КУШМАБТИКУ КУЧЛИ УЧЛИККА ДЕМАК ШИПИЛДИК КАРАБТУР МАЙДОНИНГДА 0:3 УРИБКЕЛАДИ ХУДО ХОХЛАСА