Angliya kubogida mo‘jizaga teng statistika! Hali birorta "erto‘ladagi" jamoa bu qadar uzoqqa bormagan!

  • 8 mart, 2023, 10:25
  • Yahyoxo’ja Ulug’xo’jayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Angliya kubogining 1/8 finalida kamtarin "Grimsbi" klubi APL a’zosi "Sautgempton" ustidan g‘alaba qozondi. O‘yin yakunlanganini bildiruvchi final hushtagi yangragach, mehmonlar o‘z ishqibozlari o‘tirgan sektorga g‘alabani nishonlash maqsadida yugurib ketdi.

Tecno

E’tiborlisi shundaki, aynan mehmonlarga atalgan sektor o‘yin davomida mezbonlardan ancha faolroq ko‘ringan edi. Bunday holatni Angliya jamoalari o‘yinida juda kam hollarda kuzatish mumkin. Vaholanki, "Grimsbi"ning 4200 ishqibozi haftaning  chorshanba kuni bo‘lishiga qaramay 386 kilometr yo‘l bosib bahsni tomosha qilish uchun tashrif buyurgan edi.

Fanatlar butun o‘yin davomida havo bilan ishirilgan baliqlar maketini bir-biriga urib o‘zgacha uslubda o‘z futbolchilarini qo‘llab-quvvatlab turdi. Bu baliqlar jamoa ramzini anglatadi. O‘yindan so‘ng futbolchilar ham bu tendentsiyani davom ettirdi. Hatto, ulardan biri juda xunuk bo‘lgan baliq niqobini kiyib ham oldi. Keyin futbolchilar ular haftaning o‘rtasida deyarli 400 km yo‘l bosib kelgan ishqibozlar bilan quchoqlashib ko‘rishdi va dastxatlar qo‘yib berishdi. Bu "Grimbsi" klubi a’zolarining aksariyati uchun futbolchilik karerasidagi eng shirin onlar bo‘lsa, ajab emas.

1_1

"Transfermarkt" portali bergan ma’lumotlarga tayanadigan bo‘lsak, "Grimsbi"ning umumiy qiymati - 1,43 million evroga teng. Uning kubokdagi raqibi "Sautgempton" esa ulardan 300 barobar (387,5 million evro) qimmatroq tarkibga ega. Ingliz ishqibozlarining aytishicha, Angliya kubogi aynan shunday voqealar sodir bo‘lishi uchun ham o‘tkaziladi.

Adolat yuzasidan aytish lozim, ayni damda "Sautgempton" APLda jon saqlab qolish uchun kurash olib bormoqda. Jamoa ligada so‘nggi pog‘onada bormoqda. 17-o‘rindagi jamoa bilan farq 4 ochko ekanligini inobatga olsak, pastga qulashdan qutulib qolishning imkoni bor. Aynan shu vajdan maydon egalari Angliya kubogi 1/8 final bahsida asosiy tarkib bilan maydonga chiqqani yo‘q. Jamoa sardori Uord-Prous va boshqa ijrochilar asosiy tarkibda o‘yinga qo‘shilmadi, biroq ular tablodagi hisob 0:2 ko‘rinishiga kelishi bilan "jangga" tashlandi.

2_1

Uchrashuv davomida ko‘p epizodlarda mehmonlarga omad kulib boqqanini ham ta’kidlash shart. Belgilangan ikkita penalti so‘zimizga isbot bo‘lishi mumkin. "Sautgempton" kiritgan gollardan biri passiv ofsayd sababli inobatga olinmadi.

Fantastik g‘alabadan so‘ng mehmonlar ustozi Pol Xyorst ochiqchasiga omad ular tomonida bo‘lganini aytdi: "Bugun uyga yaxshi kayfiyatda ketishimiz uchun omad biz tomonda bo‘lishi kerak ekanligini bilgan edik. Bizni qo‘llab-quvvatlash uchun kelgan ishqibozlarni ko‘rganimda, ularni aqldan ozgan, deb o‘yladim. Ular bir soniya ham g‘alabaga bo‘lgan ishonchni yo‘qotgani yo‘q. Yakunda, ishqibozlar haq bo‘lib chiqdi. "Grimsbi" Angliya kubogini chorak finaliga qadar etib kelganini tasavvur qilish ham qiyin."

3_1

Darhaqiqat, Angliyaning 4-divizoni vakili sanalgan klub musobaqa tarixidagi rekord natijani qayd etdi. Bunga qadar, birorta ingliz klubi o‘zidan yuqori diviziondagi 5 jamoani turnirdan chiqarib yubormagan edi. Qahramonlarimiz "Plimut" (Liga 1), "Kembrij" (Liga 1), "Byorton" (Liga 1), "Luton" (Chempionship) va "Sautgempton" (APL)ni kubokdan chiqarib yuborishni uddaladi.

4_1

O‘yinlar yakuniga etgach, darrov qur’a tashlandi. Bu safar ham omad Pol Xyorst jamoasiga kulib boqdi. "Manchester Yunayted" yoki "Manchester Siti" emas, "Brayton" "baliqlar"ga raqiblik qiladigan bo‘ldi. Angliya kuboginng 1/4 final o‘yinlari 18-19 mart sanasida o‘tkazilishi belgilangan.

 

Ha aytgancha, chorak finalda "chag‘alaylar" "baliqlarga" qarshi kuch sinashadi. Bunda ham qandaydir ramziy ma’no bordek?! Shunday emasmi?

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!