"Anjancha motivatsiya". O‘yin hamda o‘yin atrofida siz bilgan va bilmagan voqealar

  • 17 mart, 2021, 15:54
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 3
  • Futbol
CHERY AUTO

Kecha Superligada ikkinchi tur bahslari yakunlandi. Turning oxirgi ikkita o‘yini Andijon va Bekobodda o‘tkazilgan bo‘lib, ikkalasida ham bir xil hisob – 1:0 natijasi kuzatildi. Ayniqsa, Andijondagi uchrashuv o‘zgacha ruhda o‘tdi. Sports.uz muxbiri bu borada ko‘rgan-kechirganlarini sizlar bilan baham ko‘radi.

Tecno

Havas qilsa arziydigan “Bobur arena”

O‘yin soat 16:15 ga belgilangandi. Andijonda hamma shu o‘yinni kutdi. Sababi, muxlislar futbolni sog‘ingan. Shuning uchun o‘yin kuni ertalabdan stadionga etib bordik. Nega vaqtli? Chunki “Bobur arena”da oxirgi tayyorgarlik ishlari rosa avjida edi. O‘yinga tayyorgarlik qay darajada ketayotganini kuzatish biz uchun ham qiziq edi. Bungacha ham stadionda katta ishlar qilinayotganini, u erda katta kuch bilan tayyorgarlik jarayonlari davom etayotganidan xabardor edik.

bobur arena

Ilgari “Sog‘lom avlod” nomi bilan yuritilgan stadion endi butunlay boshqacha tusga kirdi. Shunga yarasha, unga “Bobur arena” nomi berildi. Darvoqe, viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov nima sababdan “Bobur arena”, deb nomlanganiga izoh berdi. Faqat bu xususida sal quyiroqda to‘xtalamiz. Stadion yangicha qiyofaga kirdi. Dizayn ham ajoyib darajada ishlangan. Boshida stadion mana shunday holatga keltirilishi aytilganida ishonmaganlar ham bo‘lgandi. Amalda barchasi tasdig‘ini topyapti. Ilgari bu erga muxlislar faqat futbol uchun kelishardi. Endi bunday emas. “Bobur arena” shaharda qad rostlagan chiroyli inshootlardan biri sifatida ham gavdalana boshladi. Stadion atrofida barcha turdagi do‘konlar barpo qilindi. Turli shahobchalar odamlar uchun xizmat ko‘rsatadi. Bu faqat futbol kuni emas, doimiy ish faoliyatida bo‘ladi. U erda restoran, kafe-bar, savdo, oziq-ovqat va klub atributikalari do‘konlari ish boshladi. Stadionning tashqi ko‘rinishi rostdan havas qilsa arziydi. U erdagi muhit muxlislarda qayta ishonchni uyg‘otyapti. Endi ishqibozlar o‘yindan tashqari kunlari ham bu erda madaniy va ma’naviy xordiq chiqarib ketishlari mumkin. Shu kunni o‘zidayoq savdo do‘konlari muxlislar bilan ham gavjum bo‘ldi.

bobur arena2

Maydon sifatiga ham to‘xtalmaslikning ilojisi yo‘q. Bungacha ham bir-ikki bor maydon holatini ko‘rganimizda uning sifatini yaxshilash uchun stadion ishchilari katta mehnat qilishayotganiga guvoh bo‘lgandik. O‘yin kunigacha maydon yam-yashil rangga burkangandi va bularning barchasi tabiiy edi. Televizor orqali o‘yin namoyish etilganida ham “Bobur arena” maydonining sifati yuqori darajaga keltirilgani shundoq ko‘zga tashlanib turdi. Shubhasiz, hozirda yurtimizdagi eng yaxshi maydonlardan biri.

Stadionning tashqi ko‘rinishi va maydon holati chiroyli holatga keltirilishidan tashqari uning ichki qismiga ham jiddiy e’tibor qaratilgan. Ayniqsa, maydonga chiqish yo‘lakchasi, kiyinish xonalarining mozayka yordamida bezatilgani dizayn bo‘yicha o‘ziga xos yondashuv bilan e’tibor qaratilganini ko‘rish mumkin.

bobur arena1

Bosh vazir o‘rinbosari va viloyat hokimining tashrifi xususida

“Andijon” – “Surxon” o‘rtasidagi ochilish o‘yiniga e’tibor har jihatdan yuqori bo‘ldi. Buni ushbu o‘yinga tashrif buyurgan mehmonlardan ham bilsa bo‘ladi. Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov bilan birga o‘yindan bir necha soat avval stadion atrofini ko‘zdan kechirdi. O‘yinga ko‘rilayotgan tayyorgarlik bilan yaqindan tanishdilar. Yangi ochilgan savdo do‘konlarining ish faoliyati va undagi o‘zimizning mahsulotlarga qiziqish katta bo‘ldi. “Andijon” klubi rahbari Jur’atbek Quvvatov klub va stadionda qilinayotgan ishlar yuzasidan bosh vazir o‘rinbosari va viloyat hokimiga ma’lumotlar berdi. Shuning barobarida Abduhakimov bilan Abdurahmonov OAV uchun “Bobur arena”dagi sharoit, sportga qaratilayotgan e’tibor yuzasidan o‘z fikrlarini bildirdi. Jumladan, Andijon viloyati hokimi shunday dedi:

- Bugungi turgan joyimiz faqat stadion edi. Muhtaram Prezidentimizning farmonlariga asosan endi bu “Bobur arena”ga aylantirildi. Stadion va arena nimasi bilan farq qiladi, degan savol tug‘ilishi mumkin. Avval, bu erda yilda 13 yoki 14 marta o‘yin bo‘lgandagina xalq stadionga kirardi. Boshqa payt bo‘sh edi. Stadionni yaxshilash uchun 20 milliard pul sarflangan, bor-yo‘g‘i 13-14 ta o‘yin uchun. Endi bu stadion arenaga aylantirilgach, ko‘rib turganingizdek, ko‘plab do‘konlar ishga tushirildi. Bu erdagi mahsulotlar, sport kiyimlari Andijonda ishlab chiqarilgan va buning uchun alohida do‘konlar tashkil etildi. Shu bilan birga, bu erda 1200 ta ish o‘rni ham yaratilyapti. Endi bu erda faqatgina futbol emas, madaniy va ma’naviy, ko‘ngilochar tadbirlar ham tashkil etiladi. Chetdan kelayotgan mehmonlar uchun ham turizmni rivojlantirishga katta xizmat qiladi, deb o‘ylayman. Endi bu erda sarflangan xarajatga yarasha daromad ham bo‘ladi. Davlat byudjetiga qarab o‘tirmasdan, o‘zini-o‘zi qoplash yo‘liga o‘tadi.

- Andijonda sport darajasini qanday baholaysiz?

- Muhtaram Prezidentimiz ommaviy sportni rivojlantirish bo‘yicha qarorlar qabul qildi. Uch oy oldin viloyatimizda ommaviy sportni rivojlantirish 9-10 foiz edi. Bugun esa bu ko‘rsatkich 35 foizga chiqdi. Xalqimiz ham sport qanchalik muhimligini tushunib etyapti. Bunday sport inshootlari tufayli xalqimizning yanada qiziqishini ham orttiryapti. Bugun futbol kuni bo‘lsa-da, boshqa sportchilar ham stadionga kelib xursandchilikka sherik bo‘lyapti. Hurmatli Yurtboshimiz tomonidan “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”, deb nom berildi. Aholi salomatligini mustahkamlash, eng avvalo, sport bilan shug‘ullanish bilan bog‘liq. Sport bilan shug‘ullangan inson kasal bo‘lmaydi. Bugungi tadbir ham Andijon yoshlari va xalqini sog‘lom bo‘lishiga juda katta xizmat qiladi degan niyatdaman.

- “Bobur arena” deb nom berilganining sababi haqida ham to‘xtalsangiz.

- Yaxshi bilasizlar, Andijon – Zahiriddin Muhammad Bobur yurti. “Bobur arena” deb nom berilgani ham bejiz emas. Hurmatli Prezidentimiz ham ma’naviyat va madaniyatga bog‘liq yig‘ilishlarida Zahiriddin Muhammad Boburni eslab o‘tadilar. Bu nomni o‘zlari tanlab berdi. Andijon aeroportiga ham “Bobur” nomi berildi va ushbu stadion ham “Bobur arena”, deb ataladi. Bu har qanday andijonlikni faxrlantiradi.

Bilasizmi, Andijon viloyatida sport sohasi bo‘yicha birinchi bo‘lib shu qadamni bosdik. Ya’ni, Muhtaram Yurtboshimizning tashabbuslari bilan davlat xususiy sherikchilik asosida futbol klubni ham, stadionni ham berdik.

- Viloyatda futbolni rivojlanishiga qanday qaraysiz?

- Avval egasi yo‘q edi, desak to‘g‘ri bo‘lardi. Sababi, jamoa ko‘pchilikniki edi. Endi natijasiga bitta odam javob beradi. Klubni davlat xususiy sherikchilikka berganimizga hech qancha bo‘lgani yo‘q, ammo hozirdanoq natijasi ko‘rinyapti.

- Bu yil “Andijon” klubidan qanday natija kutyapsiz?

- Qarasangiz, tashqarida ajoyib mashina olib keldik. Eskilarda yaxshi niyat, yarim mol degan gap bor. Bizning niyatimiz kamida 3 yoki 4-o‘rinni egallash. Agar vazifa bajarilsa, viloyat rahbari sifatida meni ham sovg‘alarim bor. Har qanday masalada ruhlantirish kerak. Niyatimiz katta. Sportchilarning sharoitlari uchun hamma imkoniyatlar bor. Albatta, mehrini berib, yolg‘on aralashtirmasdan o‘z ishiga jiddiy yondashishlari muhim. Hozirgi paytda internetda hakamlar va boshqa masalalar rosa muhokama bo‘lyapti. Bu yil boshqacha niyat bilan ish boshladik. G‘irromlik bo‘lmasa, ko‘zlagan maqsadimizga etamiz, - dedi viloyat hokimi.

andijon mustang

Andijonga katta futbol qaytayotganini hamma ta’kidlayapti. Viloyat rahbarining ushbu sport turiga qaratayotgan e’tibori va o‘zining qiziqishi ham amalda isbotini topyapti. Qolaversa, o‘yindan avval hokim “Andijon” jamoasining kiyinish xonasiga kirib o‘z futbolchilarini ruhan qo‘llab-quvvatladi. Qolaversa, “Andijon” klubi rahbari mavsum avvalida o‘tkazilgan taqdimot marosimida jamoa uchinchi o‘rinni egallasa, har bir futbolchiga “Ford Mustang” mashinasini va’da qilgandi. So‘z isboti bilan deganlaridek, “Bobur arena”ga aytilgan mashinadan bittasini olib keldi. Bu esa futbolchilarda qo‘shimcha ishtiyoqning oshishiga ham turtki bo‘ldi.

O‘yin

Uchrashuv “Sport” telekanali orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirga uzatilgani bois ko‘p ham o‘yinga to‘xtalmoqchi emasmiz. Darvoqe, shu o‘rinda OAV haqida ham gapirmasak bo‘lmaydi. Ushbu uchrashuvga matbuot tomonidan e’tibor va qiziqish katta. Andijondagi “Bobur arena”ning ochilish o‘yiniga ko‘plab OAV vakillari yoritish uchun keldi. “O‘zbekiston 24”  va “Uzreport” telekanali xodimlari ham mazkur o‘yin davomida reportajlar tayyorlashdi.

bobur arena3

Uchrashuvdan ikki soat oldin kontsert dasturi tashkil etildi. Stadionga yig‘ilgan muxlislar zerikish nimaligini bilmaydi. Stadiondagi muhit shunchaki fantastik darajada edi. Stadion deyarli 90 foizga to‘ldi. Ayniqsa, 18-sektordagi fan-klubning ham uchrashuvga naqadar jiddiy tayyorlanganini o‘yin davomidagi qo‘llab-quvvatlashlari orqali isbotladi. Bunday yuqori darajadagi muhitda to‘p surish ikkala jamoa a’zolariga ham yoqdi. Stadionda evropacha muhit hukm surdi. Ayniqsa, “Andijon” futbolchilarida bosim ham yuqori edi. Odatda, bunday pallada chiroyli o‘yindan ko‘ra natija birinchi o‘ringa chiqadi.

14-daqiqada 14-raqam egasi Doniyor Ismoilovning standartdan kiritgan chiroyli goli o‘yinni yanada bezadi. O‘yindan keyingi matbuot anjumanida mezbonlar bosh murabbiyi Otabek G‘ulomxo‘jaevning aytgan gapidan jon bor. U ta’kidlaganidek, jamoaning 70 foizi hali bunday katta darajadagi muhitda o‘ynamagandi. Shuning uchun ulardagi hayajon ham kuchli bo‘ldi. Muhimi, “Andijon” muxlislarning bayramona kayfiyatini g‘alaba orqali mustahkamladi. Uchrashuvdan keyin jamoa a’zolari muxlislar qarshisida g‘alabani birga nishonladilar. Jasur Jaloliddinov aytganidek, jamoa qo‘shig‘ini ishqibozlar bilan birga kuylashdi. Viloyat hokimi shaxsan maydonga tushib futbolchilarni tabrikladi. Shuningdek, o‘ziga xos mushakbozlik ham uyushtirilgani bayramona muhitga o‘zgacha kayfiyat bag‘ishladi.

andijon sostav

Shu o‘rinda, tashkilotchilik xususida to‘xtalmasak bo‘lmas. Gapning ochig‘i, klubning bu qadar yuqori darajada tayyorgarlik ko‘rishini ko‘pchilik kutmagandi. O‘yinga ko‘rilgan tashkilotchilik borasida maqtovli so‘zlar ko‘p aytildi. Bu masalada mezbonlarga qoyil qolsa arziydi. Masalan, o‘yin uchun chiqarilgan chiptalarning savdosi bo‘yicha katta ish bajarildi. Ilgari chiptani shaharning ikki-uchta joyidan sotib olish mumkin edi. Bu yildan hammasi o‘zgardi. Chiptalar butun viloyat bo‘yicha sotildi. Har bir tumanda chipta savdosi bo‘yicha alohida shahobchalar tashkil etildi. O‘yindan keyin esa mavsumiy chipta sotib olganlar uchun lotereya o‘ynaldi. Qimmatbaho sovg‘alar o‘z egalariga topshirildi. Stadionga kelgan ota-bola uyiga yangi “Spark” mashinasida qaytdi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
Ободон
17/03/2021 20:42
Андижонни югургани сомонхонага
Xurshidbek Sultonov
17/03/2021 21:29
Сеники кайгача
&
Bek 56
01/04/2021 21:29
Сеники югурганинг к,аергача