Ravshan Haydarov ertangi o‘yin oldidan: "Biz yangiliklar yaratishga intilyapmiz"
Qirg‘iziston poytaxti Bishkek shahrida 2026 yilgi U-23 Osiyo kubogi saralash bosqich “E” guruhi uchrashuvlari oldidan terma jamolalar bosh murabbiylari ishtirokida matbuot anjumani tashkil etildi.
Unda O‘zbekiston olimpiya terma jamoamiz ham qatnashishidan xabaringiz bor, albatta. O‘FA matbuot xizmati esa matbuot anjumanida Ravshan Akmalovichning fikrlarini bayon etdi.
- Avvalo, saralash bosqichi ishtirokchilarini samimiy qutlayman. Ushbu turnir yuqori darajada tashkil etilishiga ishonaman. Umid qilamanki, o‘yinlar tomoshabop o‘tadi, g‘alaba esa eng kuchli jamoaga nasib etadi.
Shuningdek, Qirg‘iz Respublikasi futbol ittifoqiga yuqori darajadagi tashkilotchilik uchun minnatdorlik bildiraman.
Jamoamiz turnirga belgilangan reja asosida puxta tayyorgarlik ko‘rdi va musobaqaga jangovar hamda jismoniy jihatdan yaxshi holatda etib keldi.
Tarkib haqida
- Yoshlar terma jamoalaridagi davr futbolchilarimiz uchun milliy jamoaga o‘tish bosqichi hisoblanadi. Bir qator futbolchilar allaqachon asosiy terma jamoa safida maydonga tushmoqda. Biz ularni yana U-23 jamoasiga jalb etmaslikka harakat qilamiz va buni to‘g‘ri yondashuv emas, deb hisoblayman. Chunki milliy jamoaga futbolchilarni etkazib berish oldimizdagi asosiy vazifalardan biri.
Shu bois biz yangiliklar yaratishga intilyapmiz. Yosh futbolchilar asta-sekin milliy terma jamoaga o‘tish imkoniyatiga ega bo‘lishmoqda. Masalan, ilgari yoshlar safida o‘ynagan Abduqodir Husanov va Abbosbek Fayzullaev bugun milliy terma jamoada o‘z o‘rniga ega. Bizning asosiy maqsadimiz ham shunday, iste’dodli yosh futbolchilarga imkoniyat yaratib berishdir.
Eslatib o‘tamiz, terma jamoamiz ilk uchrashuvni 3 sentyabr kuni Shri-Lanka termasiga qarshi o‘tkazadi va o‘yin Toshkent vaqti bilan soat 15:00da Bishkek shahridagi “Dolen Omurzakov” stadionida start oladi.



Fikrlar