
Anvar Berdiev: "Jamoamning potentsiali bundan ham yuqori"
Pro liganing 27-turida “Sho‘rtan” o‘z maydonida “Olimpik Mobiuz”ni 1:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi va 4-o‘rinni band qilgan holda Superligaga yo‘l olish uchun pley-off yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. O‘yindan keyin “Sho‘rtan” ustozi Anvar Berdiev o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
- Juda qiyin uchrashuvda g‘alaba qozondik. Bilamiz, “Olimpik Mobiuz” ham shakllangan jamoa. Asosan yoshlar terma jamoasi hisoblanadi. Chiroyli o‘yin ko‘rsatishdi. Oldin ham aytganman, hozir ham aytaman: pro ligada o‘tkinchi o‘yinlar yo‘q. Xudoga shukr, oldimizga qo‘yilgan asosiy vazifalardan birini bajara oldik. Endi keyingi uchrashuvga tayyorgarlikni boshlaymiz. Jamoamiz muxlislari chin ko‘ngildan ishqibozlik qilishdi, ularga alohida minnatdorchilik bildiraman.
- Jamoa yil boshida oldiga qo‘yilgan maqsadlarga qaysidir ma’noda erishdimi yoki yana biroz potentsiali yuqori bo‘lishi mumkinmi?
- Jamoamiz potentsialini bemalol yuqori deb ayta olaman. Lekin bir qator o‘yinlarda ochkolarni yo‘qotdik. Jamoamni bundan ham yuqorisiga loyiq, deb o‘ylayman. Hali hammasi oldinda. Biz oldimizga qo‘yilgan vazifani hozircha ozrog‘ini bajardik, xolos. Hali bizni oldinda kutayotgan uchrashuvlar bor. Ozgina imkon bo‘lsa ham vazifani bajarishga oxirigacha harakat qilamiz.
Fikrlar