
Anvar Berdiev: "Tashkilotchilar shuni xohlashibdimi, to‘g‘ri qabul qilamiz"
Chempionatda omadi yurishmayotgan “Sho‘rtan” O‘zbekiston Kubogi guruh bosqichidagi ikkinchi tur bahsida G‘uzorda “Olimpik” darvozasiga javobsiz uchta gol urishga muvaffaq bo‘ldi. O‘yindan so‘ng “Sho‘rtan” bosh murabbiyi Anvar Berdiev matbuot anjumanida o‘z fikrlarini aytdi.
- Avvalambor, jamoamiz rahbarlariga maydonni bizga tayyorlab berishgani uchun katta rahmat. Ancha harakat qilishdi, futbolchilarimiz ham buni tushunib etishdi. Shamil aka Yarulinga, Nurali Sultonovga alohida minnatdorligimni bildiraman. O‘yin haqida nima deyishim mumkin? Uchrashuv boshida raqib 10 kishi qolib ketgani ularga qiyinchilik tug‘dirdi. Lekin bizni ham oldimizga qo‘yilgan vazifa bor edi, albatta g‘alaba qozonishimiz kerak edi. Futbolchilarimga rahmat aytaman. Bor kuchini ishga solib g‘alaba qozonishdi. Muxlislarimizga ham jamoamizni qo‘llab-quvvatlashgani uchun minnatdorlik bildiraman.
- “Sho‘rtan” uchun O‘zbekiston Kubogi qanday ahamiyat kasb etadi?
- Har bir o‘yinda faqat g‘alaba uchun maydonga tushamiz. Bu Kubok bahsi yoki chempionat o‘yini bo‘lsin, muvaffaqiyatga erishish yo‘lida kurashamiz.
- Kubokda “konkret” vazifa qo‘yilganmi?
- Savolingizga javobim shu: har bir uchrashuvda faqat g‘alaba uchun maydonga tushamiz. Qancha uzoqqa borsak, jamoamizga, rahbarlarimizga va muxlislarimizga ham yaxshi bo‘ladi.
- “Sho‘rtan” yana o‘z maydoniga qaytdi. Bu futbolchilarga qanday ustunlik beradi?
- O‘z uyingizda devorlar ham yordam beradi, deyishadi. Uyimizga qaytganimizdan juda xursand bo‘ldik. Yana bir bor boshliqlarimizga alohida rahmat aytaman. Bu yog‘iga chempionat o‘yinlarida ochkolarni ko‘paytirishga harakat qilamiz.
- Guruhdagi vaziyat bo‘yicha “Sho‘rtan” va “Mash’al” birinchi va ikkinchi o‘rinlarda. Undan keyin “Ishtixon” turibdi. May oyida “Ishtixon”ga qarshi o‘yin bo‘ladi. Raqibda ham imkoniyat bor. Ushbu bo‘lajak uchrashuvni qanday tasavvur qilyapsiz?
- Biz uchun endi chempionat o‘yinlari davom ettiriladi. Kubokdagi keyingi bahs haqida o‘ylashga erta. Chunki 4 may kuni “Dinamo”ni qabul qilamiz. Hozir faqat chempionat haqida o‘ylaymiz. Kubokdagi o‘yin yaqinlashsa, ushbu uchrashuv va raqib haqida o‘rganamiz va yaxshi o‘yin ko‘rsatamiz, deb o‘ylayman.
- O‘yinni soat 17:00 ga qo‘yilishi futbolchilarning texnikasi va jismoniy holatiga qanday ta’sir qiladi? Bu holat bo‘yicha e’tiroz bildirmadingizmi?
- Tashkilotchilar shuni xohlashibdimi, to‘g‘ri qabul qilamiz. Ikkala jamoa ham bir xil sharoitda to‘p surdi. Albatta, futbolni qiziqarliroq va tezroq o‘ynashni xohlasak, xohlaymizmi-yo‘qmi, futbolchilarga ob-havo ta’sir qiladi. O‘ylaymanki, bugun u qadar issiq bo‘lgani yo‘q. Keyingi o‘yinlarda kechroq boshlansa yaxshi bo‘lardi.
Fikrlar