Anvar G‘ofurov boshchiligidagi "keksa"larimiz!

  • 8 aprel, 2020, 18:15
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Futbolda yosh muhim ahamiyatga ega. Shu bois ko‘pchilik o‘yinchilarning maydondagi umri qisqa bo‘ladi deb ta’kidlab kelishadi. Hisoblab chiqilsa, futbolchilarning maydondagi faoliyati 15-20 yilni tashkil qilish mumkin. Ba’zida esa undan ham yuqori yoki aksincha bo‘lishi mumkin. Ko‘pincha biror-bir chempionatda eng yosh futbolchilar haqida qiziqarli ma’lumotlar berib boriladi va bunday holat bizning chempionatimizda ham mustasno emas. Biz esa bu safar o‘zimizning Superligamizda futboldan zavq olib kelayotgan “otaxon” o‘yinchilarimiz haqida so‘z yuritamiz. Aytish mumkinki, ularning safi unchalik ham oz emas.

Ism-familiyasi: Anzur Ismoilov

Klubi: “Paxtakor”

Ampluasi: Himoyachi

Yoshi: 35

21 aprel kuni 35 yoshni qarshilaydigan tajribali futbolchi Anzur Ismoilov hozirda o‘z klubining eng “keksa” futbolchisi bo‘lib turibdi. Undan keyingi o‘rinlarni Sadriddin Abdullaev (34), Dragan Cheran (33), Eren Derdiyok (32) kabi futbolchilar egallab turishibdi. O‘z vaqtida yosh o‘yinchi sifatida katta futbolga kirib kelgan Anzur vaqt o‘tib endilikda chempionatimizning “otaxon” o‘yinchilaridan biriga aylandi-qoldi. Shunga qaramasdan bu futbolchi hali ham yuqori sport formasida o‘ynay olishini isbotlab kelmoqda. Aks holda uni “Paxtakor” o‘z safiga taklif qilarmidi?

ismoilov_1

Ism-familiyasi: Dilshod Jabborov

Klubi: “Surxon”

Ampluasi: Yarim himoyachi

Yoshi: 35

Namangan futboli tarbiyalanuvchisi bo‘lgan Dilshod Jabborov Termizning “Surxon” klubida faoliyat olib borayotganini bilsangiz kerak. Buning ustiga o‘tgan yilgi mavsum uning uchun kutilmagan voqea bilan o‘tdi. Ya’ni, sobiq murabbiy Ilhom Mo‘minjonovning diskvalifikatsiya qilinishi ortidan Jabborov ham mavsum oxiriga qadar futbol o‘yinlaridan chetlatilgandi. Natijada u majburiy ravishda maydondan tashqarida yurdi. Bu yil esa Dilshod mavsumni yana “Surxon”da boshladi, qolaversa, diskvalifikatsiya muddatini ham o‘tadi. Endi 35 yoshli o‘yinchi yana maydonga tushishi mumkin. Biroq karantin tufayli chempionat to‘xtatib qo‘yilgani bois Jabborov ham yana maydondan tashqarida yurishga majbur.

jabborov

Ism-familiyasi: Shavkat Salomov

Klubi: “Surxon”

Ampluasi: Yarim himoyachi

Yoshi: 35

“Surxon”ning yana bir 35 yoshni qarshilayotgan futbolchisi – bu jamoa etakchisi va sardori Shavkat Salomovdir. Har tomonlama termizliklarning eng tajribali o‘yinchisiga aylangan buxorolik futbolchiga ko‘p narsa bog‘liq. U 35 yoshda ham maydonda tinim bilmasdan mehnat qilyapti. Natijada jamoadoshlari undan o‘rnak olishmoqda. “Surxon”da Jabborov bilan Salomov eng yoshi katta o‘yinchilar sanalishsa, ulardan keyin bir yoshga kichik bo‘lgan Aziz Ibragimov ham bor. Bundan tashqari, serbiyalik Darko Stanoevich hamda Rahmatillo Berdimurodov klubdagi “keksa” futbolchilar orasida 33 yosh bilan keyingi o‘rinlarda borishmoqda.

salomov2

Ism-familiyasi: Zafar Polvonov

Klubi: AGMK

Ampluasi: Hujumchi

Yoshi: 35

Asli vohalik bo‘lgan, ammo oxirgi yillarda asosan Olmaliqning AGMK jamoasi uchun to‘p surib kelayotgan hujumchi go‘yoki faoliyatini ushbu klubda yakunlaydigandek. 2018 yili AGMK bilan O‘zbekiston Kubogini qo‘lga kiritgach, jamoada Mirjalol Qosimov ish boshladi va tarkib butunlay o‘zgartirildi. Oldingi tarkibdan esa Polvonovdan boshqa o‘yinchilar qolmagandi hisob. Shunday ekan, u Mirjalol Qosimovning ham ishonchini qozonib kelmoqda deyish mumkin. Buning ustiga Zafar o‘tgan mavsumlar davomida to‘purarlik mahoratini ham ko‘rsatdi. Tabiiyki, bu yil ham u Qosimov va AGMKning etakchi hujumchilaridan biri bo‘lib turibdi.

polvonov_1

Ism-familiyasi: Artyom Makosin

Klubi: Qizilqum

Ampluasi: Darvozabon

Yoshi: 35

“Qizilqum”ning tarkibida bir muncha yoshi kattaroq futbolchilar ko‘proq. Ularning orasida esa eng “otaxoni” darvozabon Artyom Makosindir. Bir necha yillardan beri “Qizilqum” sharafini himoya qilib kelayotgan posbon joriy mavsumning dastlabki turlarini zaxirada o‘tkazishga majbur bo‘ldi. Unga raqobatchi sifatida “Andijon”dan 33 yoshli Ruslan Matniyozov taklif qilingandi va u “Qizilqum”ning darvozasini qo‘riqlab kelayotgandi. Biroq o‘tkazilgan uchrashuvlarda jamoaning ikkita mag‘lubiyat va bitta durang qayd etgani ham Matniyozovning ishlari u qadar yaxshi kechmayotganidan darak bermoqda. Makosin esa o‘z vaqtini kutish bilan band. Umuman olganda, “Qizilqum”da Makosindan tashqari Vohid Shodiev (34), Alisher Sanoev (33) kabi “keksa”lar ham bor.

Ism-familiyasi: Zohid Abdullaev

Klubi: “Metallurg”

Ampluasi: Hujumchi

Yoshi: 36

Faoliyatining katta qismini “Metallurg”da o‘tkazib kelayotgan Zohid Abdullaev ham bir aylanib chempionatimizning “qariyalari”dan biriga aylanib qoldi. Aslida u ushbu mavsumni “Metallurg”da emas, balki “Qo‘qon-1912”da boshlashga yaqin turgandi. Bekobodliklarni tark etib, qishki yig‘inni asosan qo‘qonliklar safida o‘tkazdi. Lekin mavsum boshlanishi arafasida Zohid yana “Metallurg”ga qaytdi. Natijada 36 yoshli hujumchining Bekoboddagi faoliyati davom etadigan bo‘ldi. Jamoa bosh murabbiyi Andrey Shipilov esa oxirgi paytlarda Abdullaevdan bellashuvlarning ikkinchi yarmida o‘yinni kuchaytirish uchun foydalanmoqda.

abdullaev_1

Ism-familiyasi: Erkin Boydullaev

Klubi: AGMK

Ampluasi: Yarim himoyachi

Yoshi: 36

Yuqorida AGMKning 35 yoshli futbolchisi Zafar Polvonov haqida to‘xtalgandik. Ammo u klubdagi eng yoshi katta o‘yinchi emasdi. Bunday nom esa 36 yoshli Erkin Boydullaevga tegishli hisoblanadi. “Qizilqum”dagi faoliyatidan keyin o‘tgan mavsumning ikkinchi yarmida AGMKga ko‘chib o‘tgan tayanch yarim himoyachisi kutilganidek jamoa etakchilaridan biriga aylandi. Klubda esa Boydullaev va Polvonovdan tashqari Akmal Shorahmedov (34), Sanjar Tursunov (34), Roman Abdulov (33) kabi yoshi katta futbolchilar ham bor.

boydullaev2

Ism-familiyasi: Jasur Hasanov

Klubi: “So‘g‘diyona”

Ampluasi: Yarim himoyachi

Yoshi: 37

Ushbu o‘yinchini hamma taniydi. Superligamizdagi taniqli hamda ko‘zga ko‘ringan futbolchilardan biri hisoblanadi. Jasur faoliyati mobaynida O‘zbekiston milliy terma jamoasida ham samarali o‘yinlar ko‘rsatgan. Shuningdek, legioner sifatida ham xorijda to‘p surib kelgan. O‘zbekiston chempionatida ham u asosan etakchi klublar safida to‘p surib bir necha bor sovrindor bo‘lgan. O‘tgan yildan beri esa Hasanov o‘zi tug‘ilib o‘sgan va katta futbolga ilk bor qadam bosgan “So‘g‘diyona” jamoasida o‘ynab kelmoqda. Ahamiyatlisi 1983 yilda tug‘ilgan futbolchi shu yoshida ham o‘zining tezkorligini yo‘qotgani yo‘q. Shuning uchun ham “So‘g‘diyona”da etakchilik rolini bajarib kelmoqda. Balki katta ehtimol bilan u faoliyatini aynan Jizzaxda yakunlashni maqsad qilayotgandir.

xasanov

Ism-familiyasi: Ignatiy Nesterov

Klubi: “Lokomotiv”

Ampluasi: Darvozabon

Yoshi: 37

Aytish mumkinki, Nesterov ham Jasur Hasanov singari O‘zbekiston futbolida o‘z o‘rniga va muxlislariga ega bo‘lgan tajribali futbolchilardan hisoblanadi. Hozirgi kunda “Lokomotiv” sharafini himoya qilayotgan Ignatiy o‘tgan vaqt davomida turli muammolarni boshidan o‘tkazdi. Ammo yana maydonga qaytganida Nesterov hali ham etakchilik xususiyati borligini barchaga ko‘rsata oldi. Odatda bunday yoshdagi darvozabonlar rosa ko‘tarilish davriga to‘g‘ri kelgan bo‘ladi. Ko‘pchilik esa Nesterovni hali ham O‘zbekistondagi birinchi raqamli posbon deb hisoblashadi.

nesterov

Ism-familiyasi: Kamoliddin Tojiev

Klubi: “Metallurg”

Ampluasi: Himoyachi

Yoshi: 37

Faoliyatining katta qismini “Paxtakor” uchun o‘tkazgan Kamoliddin Tojiev oxirgi paytlarda asosan “Metallurg” sharafini himoya qilib kelayotganidan xabaringiz bor. Mana, u 3 may kuni 37 yoshni qarshilasa hamki, katta futbolda hali hamon yuqori saviyada o‘ynab kelyapti. Shuning uchun ham “Metallurg” ustozi Andrey Shipilov jamoasining eng muhim chizig‘i bo‘lgan himoyani Tojievga ishonib topshirib kelmoqda. Ko‘rinib turibdiki, “qariya” Tojiev hali hamon “Metallurg”ga foyda keltirib kelmoqda.

tojiev

Ism-familiyasi: Anvar G‘ofurov

Klubi: “Bunyodkor”

Ampluasi: Himoyachi

Yoshi: 38

Endi navbat Superliganing eng “qariya” yo‘lboshchisiga ham etib keldi. Faoliyati davomida ko‘pni ko‘rgan Anvar G‘ofurov katta ehtimol bilan “Bunyodkor” orqali butsalarini mixga iladi. Aslida o‘tgan yilgi chempionatdan keyin Anvar faoliyatini yakunlash haqida ham o‘ylayotgandi. Lekin “Bunyodkor”ni boshqarayotgan milliy terma jamoamiz ustozi Vadim Abramov G‘ofurovning imkoniyatlarini chamalagan holda bu yilgi mavsumda ham unga ishonch bildirishga qaror qildi. O‘z navbatida ushbu himoyachi murabbiyning ishonchidan ruhlangan holda joriy mavsumda ham faoliyatini davom ettirishga qaror qildi. Natijada superligamizda faoliyatini davom ettirayotgan futbolchilar orasida eng yoshi kattasiga aylandi.

gofurov3_1

E’tibor bergan bo‘lsangiz, biz asosan chempionatimizda 35 va undan yuqori bo‘lgan futbolchilar haqida to‘xtaldik. Shuningdek, 35 ga qarab ketayotgan va hozirda 34 yoshda bo‘lib turgan yana ko‘plab o‘yinchilarni ham aytishimiz mumkin. Bu borada gap ketganda Shavkat Mullajonov (“So‘g‘diyona”), Sadriddin Abdullaev (“Paxtakor)”, Marat Bikmaev (“Lokomotiv”), Aleksandr Lobanov, Salamat Quttiboev  (ikkalasi - “Metallurg”), Aziz Ibragimov (“Surxon”), Akmal Shorahmedov, Sanjar Tursunov (ikkalasi - AGMK), Aleksandr Merzlyakov (“Qo‘qon-1912”), Obid Jo‘raboev (“Navbahor”), Vohid Shodiev (“Qizilqum”), Eden Yunuzovich va Suhrob Ne’matov (ikkalasi – “Buxoro”) kabilarni ham tilga olib o‘tish o‘rinli bo‘lardi. “Nasaf”, “Andijon” va “Masha’l” tarkibida esa hozirda u qadar “qariya” futbolchilarni uchratmadik.   

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!