
Anvar Hafizov: Deyan Jurjevichga bir qator yoshlarni tavsiya qildim
O‘zbekiston Liga Kubogining 3-turidan o‘rin olgan «D» guruhidagi «Andijon» hamda «Navbahor» jamoalari o‘rtasidagi uchrashuvda mezbonlar 3:0 hisobida g‘alaba qozondilar va ushbu bahsda namanganliklar yoshlar jamoasi bilan ishtirok etishdi. O‘yindan keyingi matbuot anjumanida dastlab «Navbahor» yoshlar jamoasi murabbiyi Anvar Hafizov ishtirok etdi.
- Bugun «Andijon»ga qarshi o‘rinbosarlar jamoamiz o‘ynadi va bu o‘yin futbolchilarimizga katta tajriba bo‘ldi. Ushbu bahsda maydonga tushgan yigitlarimiz 2000 va 2001 yillarda tug‘ilishgan. Ular bu uchrashuvda o‘zlarini yo‘qotib qo‘yishmaganidan xursand bo‘ldik. Afsuski, o‘z darvozamizdan keraksiz golni o‘tkazib yubordik va bu bizga katta ta’sir o‘tkazdi. Yigitlarimiz men bergan ko‘rsatmalarni 80 foizga bajarishdi deb o‘ylayman. Umuman olganda, yomon emas. Baribir bugun tajriba o‘z so‘zini aytdi.
- «Andijon»ga qarshi «Navbahor»ning yoshlar jamoasi ishtirok etishi oldindan rejalashtirilganmidi yoki hammasi kutilmaganda o‘zgarib ketdimi?
- Bunga qadar Liga Kubogida «Mash’al» bilan o‘ynaganimizdan so‘ng ertasi kuni rahbariyat bizga tayyorgarlik ko‘ringlar, «Andijon»ga qarshi o‘ynaysizlar deb aytishdi. Ushbu bellashuvgacha to‘rt kuncha vaqtimiz bor edi.
- Ushbu o‘yinni «Navbahor» bosh murabbiyi Deyan Jurjevich ham kuzatib bordi…
- Ha, Jurjevich o‘yinni ko‘rdi. O‘yindan oldin ham bosh murabbiy bilan gaplashgandim. Asosiy e’tiborini yoshlarga qaratishini va jamoani bu bahsga tayyorlashimni tayinlagandi. Shu bois atayin o‘zi bir qator yoshlarni kuzatish uchun bu o‘yinga keldi. Men Jurjevichga 4-5 nafar iqtidorli o‘yinchilarimiz bor va ular bemalol asosiy tarkibga torta oladi, ularni ko‘ring deb aytgandim. Mana, hozir uchrashuvdan keyin ham bosh murabbiy bilan gaplashdim. Yoshlarimiz haqidagi fikrlari yaxshi.
- Bosh murabbiyga aynan kimlarni tavsiya qilgandingiz?
- Ayubxon Jo‘raev, Komiljon Tojiddinov, Sherzod G‘ulomjonov, Mirjalol Abdumutalov, bularning hammasi terma jamoaga nomzod futbolchilar hisoblanishadi.
- Bu o‘yinda o‘rinbosarlar jamoasi ishtirok etganini inobatga olsak, demak, «Navbahor»da Liga Kubogiga e’tibor yuqori emasmidi?
- Yo‘q, unday emas. Ko‘rgan bo‘lsangiz, birinchi davrada asosan 13-14 nafar futbolchilarning zimmasiga asosiy yuk tushdi. Shu sababli Jurjevich ularga dam berishni ma’qul ko‘rdi. Lekin bizni ham natija uchun o‘ynashimizni tayinlashgandi. Biz shunchaki o‘ynab ketish uchun kelmagandik.
Fikrlar