Anvar Xojimirzaev: "Agentlar bilan aloqada bo‘ldik, lekin o‘zim xohlamadim"

  • 22 dekabr, 2024, 19:59
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

“Dinamo”ning 30 yoshli hujumkor futbolchisi Anvar Xojimirzaev mavsum yakuniga ko‘ra O‘zbekistonning kashfiyot futbolchisi bo‘ldi. U shu yoshida Superligada porlab chiqdi.

“Dinamo”dagi debyut mavsumida 28 ta o‘yinda maydonga tushib, 10 ta gol urdi va 1 ta golli pasni uzatdi. Unga ko‘plab klublar xaridor bo‘ldi. Biroq shartnomasi tugagach, “Dinamo” bilan yangi shartnoma imzoladi.

- Anvarjon, 2024 yil siz kutgandan ham a’lo darajada o‘tdi, desak bu fikrga qo‘shilsangiz kerak-a? Yil boshida maqsadingiz qanday edi?

- Albatta, 2024 yilgi mavsum yomon o‘tgani yo‘q, Xudoga shukr. Maqsadga kelsak, har yili to‘purarlikni olish  va jamoamga qo‘ldan kelgancha yordam berish.

- Siz 30 yoshingizda yil kashfiyoti nominatsiyasi bo‘yicha taqdirlandingiz. Buni xayolingizga keltirganmidingiz yoki siz boshqasini bu borada g‘olib chiqishini kutganmidingiz?

- Yilning eng yaxshi o‘yinchisiga umid qilgan edim. Lekin Xudoga shukr, yil kashfiyoti ham meni xursand kildi.

- Balki boshqa klubga o‘tganingizda siz bunchalik o‘zingizni yorqin darajada ko‘rsata olmagan bo‘larmidingiz?! Vadim Abramov sizni qirralaringizni qanday "ochish"ni bildi, shundaymi? Aynan Superligada o‘yiningizni "ochilib" ketishida asosiy turtki nima bo‘ldi?

- Albatta, mening yutuqlarimda Vadim Karlenovichning hissasi katta. Turtki deganingizga jamoadoshlarimni aytgan bo‘lardim. Ularsiz men hech narsa qila olmasdim va albatta, eng muhimi, ota-onamning duolari.

- "Dinamo"da yorqin faoliyatingizdan keyin sizga mavsum tugamasidanoq jiddiy takliflar tusha boshladi. Lekin "Dinamo"da qoldingiz. Bunday qarorga kelishingiz nima bilan bog‘liq?

- Ha, takliflar bo‘ldi. Menga ishonib, juda ko‘pchilik yaxshi insonlar ketmasligimni so‘rashdi. Menga ham Samarqandda futbol o‘ynash yoqyapti. Shu xolos.

- Sizga taklif bilan chiqqan jamoalar orasida eng aniq va jiddiy chaqiruv kimdan bo‘lgandi?

- Juda ko‘plab klublar aloqaga chiqishdi. Hozir aytib chiqadigan bo‘lsam, noto‘g‘ri bo‘ladi, deb o‘ylayman.

- Chetdan ham takliflar bo‘ldimi? Masalan, qaerdan?

- Ha, agentlar bilan aloqada bo‘ldik. Lekin o‘zim xohlamadim. Qani, nasib bo‘lsa, keyinchalik chetda o‘ynarmiz.

- Bu yilgi mavsumda "Dinamo" safida sizga eng yoqqan o‘yin qaysi bo‘ldi?

- “Dinamo” – OKMK  o‘yini. Biz 3:2 hisobida g‘alaba qozongandik. Men gol urmagan o‘yin bo‘lsa ham yutganimizga juda xursand bo‘lgandim.

Shuhratbek Jo‘raev.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!