"Anvonted Boys" uchun Jahon chempionati nimalari bilan esda qoldi?

  • 13 yanvar, 03:35
  • Bilolbek Imomov
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Xabaringiz bor, Italiyada media futboli bo‘yicha Jahon chempionati bo‘lib o‘tdi. Quvonarlisi, Jerar Pike tomonidan tashkil qilingan ushbu turnirda yurtimiz nomidan "Anvonted Boys" ajoyib tarzda ishtirok etdi. Media klubimiz chorak finalda o‘z yurishini to‘xtatgan bo‘lsa-da, mazkur musobaqa klub va futbol muxlislari uchun o‘ziga hos darajada esda qolarli bo‘ldi.

Tecno

Ta’kidlash kerak, birinchi navbatda ushbu turnirdagi ishtirokimiz unutilmas xotira bo‘lib qoldi. Ispaniya, Italiya, Braziliya, Germaniya, Argentina va yana bir qator davlatlar ichida O‘zbekiston media futbol jamoasi borligi ham katta yutuq sanaladi. Tepada nomlari zikr etilgan terma jamoalar safida faoliyatini yakunlagan va hozirda harakat qilib kelayotgan yulduzlar ham etarlicha edi. Masalan, Jorjo Kellini, Serxio Aguero, Xames Rodriges, Zlatan Ibragimovich, Neymar va boshqa yulduz futbolchilar bilan yonma-yon turnirda qatnashishning o‘zi ulkan muvaffaqiyatdir. Aynan "Kings League"ning asoschisi Pike Islom Abdujabborov boshchiligidagi klubni shaxsan o‘zi Italiyaga taklif qilganligini ham inobatga olish kerak.

Keyingi navbatda media futbol jamoamiz nomidan harakat qilgan klubning natijalarini eslab o‘tish joiz. Media futbol jamoamiz guruh bosqichining dastlabki o‘yinida Omar Abdulrahmon boshchiligidagi Saudiya Arabistonini 4:3 hisobida mag‘lub etdi. Afsuski, navbatdagi to‘qnashuvda AQShga 6:2 hisobida imkoniyatni boy berib qo‘ydik. Biroq, yurtimiz nomidan qatnashgan futbolchilarimiz 3-turda Peruni kambek evaziga mag‘lub etishni uddalab, chorak finalga yo‘l olishdi. 1/4 final bosqichida O‘zbekiston Kolumbiyaga qarshi to‘qnash keldi. O‘yin davomida vakillarimiz bor kuchlari bilan harakat qilishganiga qaramay, raqibga yirik hisobda mag‘lub bo‘lishdi (1:6). Mazkur uchrashuv "Real Madrid"ning sobiq futbolchisi hisoblangan Xamesning penaltisini darvozabonimiz Timur qaytaragni bilan esda qolarli bo‘ldi. 

Albatta, turnir davomida futbolchilarimizga bo‘lgan e’tiborning o‘sishini ham ta’kidlashimiz kerak. Ilk turda saudiyaliklar ustidan qozonilgan g‘alabadan so‘ng ko‘plab futbol muxlislarining jamoamizga bo‘lgan e’tibor yana ham oshdi. Xattoki, yurtimizdagi reytinggi baland telekanallardan biri hisoblangan "ZO'R TV" ham translyatsiya huquqini qo‘lga kiritib, ommaga taqdim etdi. Peru ustidan irodali zafar quchilgandan so‘ng angliyaning mashhur "Sky Sports" nashri "Kambekiston", deya xabar chiqardi. So‘nggi bahsdan avval esa milliy terma jamoamiz sardori va "Roma" futbolchisi hisoblangan Eldor Shomurodov ijtimoiy tarmoqlar orqali "FK Anvonted"ga omad tilab, video murojaat qildi. Bundan tashqari, Kolumbiyaga qarshi o‘yinni "You Tube" ijtimoiy tarmog‘ida 51 mingdan ziyod insonlar tomosha qildi. Turnirni tark etganimizdan so‘ng esa Serxio Aguero, Pike va Xames kabi mashhur o‘yinchilar o‘zbekistonlik muxlislarga salom yo‘llab, omad tilab qolishdi. Shu tariqa, ilk marotaba "Kings League"da qatnashgan "xohlanmagan bolalar" tarix yozishdi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!