
APL start oldi. Chempionlik uchun favoritlarni tahlil qilamiz
Kecha APL yangi mavsumiga start berildi. Kun doirasida bitta o‘yin bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgandi. "Kristal Pelas" - "Arsenal" bahsi yangi 2022/2023 yilgi mavsumning ilk uchrashuviga aylandi. Xo‘sh, klublar yozgi ta’til davomida qanday yangiliklarga qo‘l urdi? Kimlar kuchayishga muvaffaq bo‘ldi va yana kimlar o‘z darajasidan past xaridlarga qo‘l urdi? Quyida biz yuqori to‘rtta o‘rin uchun kurashadigan jamoalar haqida batafsil to‘xtalib o‘tishga qaror qildik. (Quyidagi fikrlarning hammasi shaxsiy qarashlar asosida yozilgan).
"Tottenxem".
Tarkib narxi: 749 million evro.
Eng qimmat futbolchisi: Xarri Keyn (90 million evro).
Kelganlar: Risharlison ("Everton"), Yves Bissuma ("Brayton"), Kleman Langle ("Barselona") va Ivan Perishich (erkin agent).
Ketganlar: Stiven Bergveyn ("Ayaks"), Jo Rodon ("Renn") va Jek Klark ("Sanderlend").
Bu mavsumdagi taxminiy o‘rni: 4.
Antonio Konte yangi mavsumga qizg‘in tayyorgarlik olib bordi. Yaxshi va kerakli xaridlarni amalga oshirdi, etakchilarini saqlab qolishga muvaffaq bo‘ldi. Italiyalik mutaxassisdagi tajribaga ishonadigan bo‘lsak, "shporlar" bu mavsum 3 likka kirish uchun jiddiy raqobat tug‘diradi. Ayniqsa, Son va Keyn juftligiga Risharlison kabi iste’dodli hujumchi qanday qo‘shilib keta olishi hammani birdek qiziqtirmoqda.
Shuningdek, londonliklar bu mavsum qaysi taktikaga murojaat etishi ham ko‘pchilikni o‘yga toldirgan bo‘lishi tabiiy. U amalga oshirgan transferlarga yaxshilab nazar solsak, jamoaning 3 ta markaziy himoyachi bilan o‘ynashiga shubha qolmaydi. Biroq asosiy savol - hujumda necha o‘yinchi harakat qiladi? Yana o‘sha Son-Keyn dueti asosiga qurilgan 3-5-2 taktikasi tanlanadimi yoki qanotlarga ko‘proq urg‘u beriladigan 3-4-3 sxemasimi?
Ha, aytgancha, Konte har safar o‘zi boshqargan jamoalari bilan birinchi yoki ikkinchi mavsumida albatta, qandaydir sovrinni qo‘lga kiritgan. Balki bu safar ham...
"Chelsi".
Tarkib narxi: 840 million evro.
Eng qimmat futbolchisi: Meyson Maunt (75 million evro).
Kelganlar: Rahim Sterling ("Manchester Siti"), Mark Kukurelya ("Brayton") va Kalidu Kulibali ("Napoli").
Ketganlar: Romelu Lukaku ("Inter"), Antonio Ryudiger ("Real"), Andreas Kristensen ("Barselona") va Jeyk Klark-Salter (KPR).
Bu mavsumdagi taxminiy o‘rni: 3.
"Chelsi" yozda ajoyib transferlarni amalga oshirdi. Har tomonlama havas qilsa arziydigan siyosat deyishimiz mumkin edi. Biroq ko‘plab futbolchilar Londonga kelmay, boshqa jamoalarga o‘tib ketgani ham ayni haqiqat. Nima bo‘lgan taqdirda ham, Sterling, Kulibali va Kukurelya kabi futbolchilar ayni paytda har qaysi top klub uchun orzu bo‘lsa ajab emas. Balki bunday darajadagi yulduzlar "aristokratlar"ni chempionlik uchun kurashishiga ham etarli bo‘lar.
Shunga qaramay, jamoani tark etganlar ham "nomi katta" futbolchilar sanaladi. Lukaku, Ryudiger va Kristensen o‘tgan mavsumdagi "Chelsi"ning asosiy tarkib o‘yinchilari hisoblanardi. Garchi Lukaku keyinchalik zaxirada qolib ketgan bo‘lsa-da, lekin baribir katta bellashuvlarda Tuxel unga ishonishga majbur edi.
Kristensen o‘rnini Kulibali to‘ldirishi haqiqatga yaqin. Lukakuning o‘rni Xaverts, Verner va Sterling bilan o‘zgartirilib, yopilib ketar. Ammo Ryudigerga kim o‘rinbosar bo‘la oladi? Chaloba, Sarr va Ampadu APL darajasiga to‘la mos tushib ketmagan. Mana shu tomonlama Tuxel biroz qiynalishi mumkin.
Markaziy himoyadagi muammolar shak-shubhasiz qanot himoyachilari uchun ham noqulayliklar tug‘diradi. Ular erkin hujumga o‘tib keta olmaydi, qanotda yoyilib emas, asosan, markazga e’tibor qaratgan holda harakatlanadi. Tabiiyki, bu jamoaning o‘yiniga salbiy ta’sir ko‘rsatmasdan qolmaydi.
"Manchester Siti".
Tarkib narxi: 1,01 milliard evro.
Eng qimmat futbolchisi: Erling Xoland (150 million evro).
Kelganlar: Erling Xoland ("Borussiya" D), Kalvin Fillips ("Lids") va Shtefan Ortega (erkin agent).
Ketganlar: Fernandino ("Atletiko" Paranaense), Rahim Sterling ("Chelsi"), Gabriel Jezus ("Arsenal"), Aleksandr Zinchenko ("Arsenal") va Pedro Porro ("Sporting").
Bu mavsumdagi taxminiy o‘rni: 2.
O‘tgan mavsum chempionlari joriy yil uchun ham asosiy favoritlardan bo‘lib turibdi. Jamoa bir qator yirik xaridlarni amalga oshirdi. Xoland, Alvares kabi iste’dodli hujumchilar tarkibga qo‘shib olindi. Shuningdek, Sterling, Zinchenko, Jezus, Fernandino va boshqa ketishni istagan futbolchilar klubni tark etdi. "Shaharliklar" to‘liq bo‘lmasa-da, qisman yangilanishlarga qo‘l urdi. Bu nafaqat tarkib borasida, balki maqsadlar borasida ham. Ko‘rinishidan "Siti" uchun APL avvalgidek muhim emas. Shayxlar diqqat-e’tiborini EChLga qaratgandek taassurot uyg‘otmoqda. Sababi, Sterling, Zinchenko, Jezus kabi o‘yinchilar zaxira uchun ajoyib variant edi. Hozir zaxira o‘rindig‘i ancha bo‘shab qolgan. Asosiy o‘n bittalik doimgidek o‘ta kuchli. Har qanday raqib uchun havas qilsa arziydigan darajada. Biroq biz bilgan "Siti" ikkita teng kuchga ega tarkibi bilan eslanardi.
Ikkinchidan, Xoland va Fillips singari katta o‘yinlarda toblangan iste’dod sohiblarining olib kelinishi chempionat uchun emas, ko‘proq Evropa chempionlar ligasi uchun mo‘ljallangan bo‘lishi ehtimoldan yiroq emas. Xoland "Borussiya" bilan aynan mana shu turnirda o‘ta xavfli o‘yinchiga aylanardi. Kalvin Angliya terma jamoasida pley-off bahslarida qanday o‘ynash kerakligidan yaxshigina xabardor.
"Liverpul".
Tarkib narxi: 870 million evro.
Eng qimmat futbolchisi: Muhammad Saloh (90 million evro).
Kelganlar: Darvin Nunez ("Benfika"), Fabio Karvalyu ("Fulxem") va Kalvin Remzi ("Aberdin").
Ketganlar: Sadio Mane ("Bavariya"), Niko Uilyams ("Nottingem Forest"), Takumi Minamino ("Monako"), Marko Gruyich ("Portu") va Divok Origi ("Milan")
Bu mavsumdagi taxminiy o‘rni: 1.
Kuboklar bo‘yicha mutaxassisga aylanib borayotgan Klopp shogirdlari bu mavsum APLni qo‘lga kiritishga jiddiy kirishishi kutilmoqda. Aslida, jamoa o‘tgan mavsumda ham bu natijaga juda yaqin kelgandi. Biroq ayrim sabablarga ko‘ra, chempionlar ligasi ham, premer-liga ham qo‘ldan boy berildi. Klub o‘z oldiga ulkan maqsadlarni qo‘ygan -"kvadrupl"ga erishish. Umuman olganda, "qizillar" bu uchun hamma narsaga ega. Yulduzli tarkib, ishonchli zaxira, tajribali murabbiy va albatta, butun dunyoga mashhur sodiq muxlislari bor bu jamoaning.
Nunez, Karvalyu kabi yosh iqtidorlarning olib kelinishi nafaqat bugun, balki kelajak uchun ham ancha foyda keltirishi aniq. Hatto "Liverpul"ning hozirgi tarkibiga qarab turib, Manening "Bavariya"ga o‘tib ketgani sezilmayapti ham. Saloh - Nunez - Diaz triosi bu mavsum katta sahnaga chiqishi kutilmoqda. Ko‘ramiz, mersisaydliklar o‘zi ishtirok etadigan musobaqalarda qanday natijalar ko‘rsata olarkin?!
Shohrux Zoirov maqolasi.
Fikrlar