«Aristokratlar» «shaharliklar»ga yangi yil sovg‘asini tayyorlab qo‘yganmi?

  • 3 yanvar, 2021, 18:13
  • Yahyoxo’ja Ulug’xo’jayev
  • 1
  • Futbol
CHERY AUTO

Bu mavsumda ikki jamoaning turnir jadvalidagi o‘rni turli xil ko‘rinish olmoqda. «Chelsi» durang va mag‘lubiyatlar sababli chempionlik poygasidan tushib qoldi. «Siti» esa, sekin-astalik bilan ochkolarni jamg‘arib, musobaqa jadvalida yuqorilab bormoqda. Ikki jamoa ikki xil tempda harakat qilmoqda. Ular o‘rtasidagi bahs o‘zgacha ko‘rinish olishi turgan gap. Hozirda, ular hisobidagi ochkolar soni teng, biroq «shaharliklar»da ikkita zaxira o‘yini mavjud. Agar bu bahslarda g‘alaba qozonsa, «Siti» ancha tanaffusdan so‘ng, yana kuchli to‘rtlikka kirib olishi mumkin.

Muhim omillar

«Chelsi» vaziyatdan chiqib ketmoqchi emas?!

Londonliklar so‘nggi 6 ta o‘yinning atigi bittasida g‘alaba qozondi. «Aston Villa» bilan durang natijadan so‘ng, Frenk Lempard xursand ekanligini yashirib o‘tirmadi.

«Chelsi»ning natijalarida murabbiy o‘z xatolari mavjud ekanligini yashirib o‘tirmayapti. «Arsenal» bilan omadsiz o‘yindan so‘ng, u o‘z shogirdlarini tanqid ostiga oldi. Frenkning ma’lum qilishicha, futbolchilar o‘zlarini asrashga uringan va shu bois mag‘lubiyatga uchrashgan. Ortda qolgan 16 ta tur davomida «Chelsi» 26 ochko jamg‘arishga muvaffaq bo‘ldi. Bu ko‘rsatkich Roman Abramovich davridagi murabbiylar orasida eng yomonlaridan biri bo‘lib turibdi. Bunga qadar, Andre Villash-Boash har bir o‘yinda o‘rtacha 1,7 ochko jamg‘arishga muvaffaq bo‘lgan edi. Joriy mavsumda Frenk Lempardning ham natijasi portugaliyalik murabbiyniki bilan bir xil.

Bunday og‘ir vaziyatda, «Chelsi»ga autsayder klublar duch kelgani yaxshiroq bo‘lar edi. Yigitlar formaga kirib olishi va erkinroq harakat qilish imkoni tug‘ilar edi. Qur’a esa, boshqacha fikrda. Bugun «Chelsi» ancha qiyin ahvolda qolganiga qaramay, eng zamonaviy futbolni targ‘ib etuvchi Pep Gvardiolaning «Manchester Siti»siga qarshi «jang» qilishi lozim.

«Manchester Siti»

Kim kuchga to‘lgani sir bo‘lib qolmoqda?!

COVID-19ning birinchi to‘lqini chog‘ida «Manchester Siti»da Jezus va Uoker kasallikka yo‘liqqan edi. Keyingi to‘lqinda esa, kimlar virusni yuqtirib olgani sir saqlandi. Futbolchilarning nomini e’lon qilmaslikni APL klubdan iltimos qilgani haqida Pep o‘yindan oldingi matbuot anjumanida oshkor qildi.

«Everton» futbolchilarni kim ekanligini bilmoqchi edi. Oqibatda, jamoa maydonga chiqishdan bosh tortdi. Gvardiolaning ma’lum qilishicha, sog‘lom futbolchilar etarli edi. Shunga qaramay, «Everton» ehtiyot bo‘lishni afzal ko‘rgan.

Jamoa tarkiblari:

Mendi1

Hakim Ziesh hali-hamon maydonga tushish-tushmasligi savol ostida qolmoqda. Shuningdek, Ris Jeyms ham bu uchrashuvda ishtirok eta olmaydi. Qolgan barcha futbolchilar Frenk Lempard ixtiyorida. Bugun ham «aristokratlar» 4-3-3 sxemasiga sodiq qolishadi.

«Siti» borasida biror narsa deyish mushkul. Ularning tarkibini oldindan bashorat qilish og‘ir. Ingliz nashrlarining ma’lum qilishicha, virus yuqtirib olganlar orasida darvozabon Ederson ham bor. Darvozabon o‘z ijtimoiy tarmoqlari orqali o‘z o‘zini yakkalash rejimida ekanligini namoyish qilgan. Qolganlar borasida hech qanday aniq ma’lumot yo‘q. Shu bois, «shaharliklar»ning tarkibini imkon boricha optimal tarzda tuzishga urinamiz. Pep 4-2-3-1 sxemasidan foydalanadi. Jamoada ijrochilar borasida muammo yo‘q. Yangi yildagi ilk uchrashuvda «shaharliklar» yuqoriga chiqib olish imkoniyatini qo‘ldan boy bermaslik uchun kurash olib borishga tayyor.

So‘nggi uchrashuvlar statistikasi

mendi2

Ushbu jamoalar so‘nggi 10 ta o‘yinda turli xil natija qayd etildi. Siti 7 ta g‘alaba va 3 ta durang qayd etgan bo‘lsa, «Chelsi» 4 ta g‘alaba va 3 ta durangga imzo chekkan. «Chelsi» so‘nggi 10 ta o‘yinda o‘rtacha 1,6 ta gol kiritmoqda. «Manchester Siti»da esa, bu ko‘rsatkich 1,9 ta golga teng. To‘p nazorati borasida esa, kutilganidek, manchesterliklar oldinda. Ular ortda qolgan 10 ta o‘yinda o‘rtacha 62,7 foiz to‘p nazoratini o‘zida saqlab turgan. «Chelsi»da esa, bi statistika 56,6 foizni tashkil etmoqda. Darvoza sari yo‘llangan zarbalar borasida ham «Siti» (14,1 - 15,7)ning qo‘li baland kelmoqda.

O‘yin oldi fikrlar

Dekabr oyida «Chelsi»ning mexanizmida muammolar paydo bo‘ldi va klub ochko yo‘qotishga tushdi. «Aston Villa» bilan uchrashuvda g‘alaba qo‘ldan chiqarilgach, futbolchilar katta bosim ostida qolib ketishdi. «Chelsi» autsayderlar bilan o‘yinda yo‘qotilgan ochkolar sababli o‘z ahvolini og‘irlashtirib qo‘ymoqda. Frenk Lempard shogirdlarini oldinda «Fulxem», «Vulverxempton» va «Lester»ga qarshi og‘ir uchrashuvlar kutib turibdi.

«Manchester Siti»da esa, bu paytga kelib ahvol ancha yaxshilandi. Birinchi navbatda, uzoq tanaffusdan so‘ng, Agueroning to‘liq tiklanganini e’tirof etish lozim. «Vest Bromvich» bilan ochko bo‘lishib olgach, «Siti» ketma-ket 3 ta o‘yinda g‘alaba qozondi. Agar koronavirus bo‘lmaganida, bugungi «Siti» ortiqcha muammosiz «Stemford Bridj»dan 3 ochko olib ketishga qodir, degan bo‘lar edik. Hozircha, ularda ham tarkibda muammolar paydo bo‘lmoqda. Birgina Edersonning yo‘qligi, klub o‘yiniga katta ta’sir ko‘rsatishi turgan gap. Yana kimlar bugun tarkibda ko‘rinish bermaydi? Shu savol ochiq ekan, o‘yin oldidan «Siti»ni asosiy favorit, deb bo‘lmaydi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
Elyor Hasanov
03/01/2021 18:47
ЧЕЛСИ ЮТИШИ КЕРАК